Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

29

Oʻlimni qayd etish kompozit davlat xizmatlarini bilasizmi?


Oʻlimni qayd etish kompozit davlat xizmatlarini bilasizmi?

 

Biz bilamizki, ilgari fuqaro vafot etganda uning oʻlimini qayd ettirish uchun qishloq Oilaviy poliklinikasidan tibbiy oʻlim guvohnomasini olish, MFYdan shaxsni dafn etilganligi toʻgʻrisida maʼlumotnoma, keyin esa FHDYO boʻlimiga oʻlimini qayd ettirish uchun borishi, oʻlimini qayd etgandan soʻng pensiya jamgʻarmasiga nusxasini taqdim etishi va dafn pulini olish uchun Xalq bankiga borishi zarur boʻlar edi.

Bugungi kunda esa, bu jarayonni amalga oshirishda fuqarolarimizga qulaylik yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 25-fevraldagi 89-son qarori bilan Oʻlimni qayd qilish bilan bogʻliq kompozit davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti tasdiqlandi.

Ushbu reglamentga koʻra vafot etgan shaxsning eri yoki xotini, ota-onasi, farzandlari, qarindoshlariga yoki qonuniy vakiliga dafn qilish uchun qabristonga maʼlumotnoma berish va dafn etish uchun nafaqa berish boʻyicha kompozit davlat xizmatlari koʻrsatish tartibi belgilanib, endilikda, shaxslarning oʻlimini qayd etish bevosita tibbiyot muassasalari tomonidan amalga oshiriladi. Bunda tibbiyot muassasalari tomonidan vafot etgan shaxs haqidagi maʼlumotlar oʻlim haqidagi elektron tibbiy maʼlumotnomada shakllantirish uchun maxsus elektron blankaga kiritiladi va avtomatik ravishda oʻlim haqida dalolatnoma yozuvini qayd qilish uchun tibbiyot muassasasi joylashgan joydagi fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish avtomatlashtirilgan axborot tizimiga yuboradi.

Bunda, elektron tizim orqali shakllantirilgan oʻlim haqidagi tibbiy maʼlumotnoma ariza beruvchilarning talabiga asosan ularga qogʻoz shaklida berilishi va ular toʻgʻridan-toʻgʻri FHDYO boʻlimiga murojaat qilishi ham mumkin.

FHDYO boʻlimi tibbiyot muassasasidan oʻlim haqidagi tibbiy maʼlumotnoma kelib tushishi bilan “FHDYOning yagona elektron arxivi” axborot tizimi orqali oʻlim haqida dalolatnoma yozuvini avtomatik ravishda qayd etadi va oʻlim haqidagi maʼlumotnomani tibbiyot muassasasiga hamda byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasining axborot tizimiga elektron shaklda yuboradi. Vafot etgan shaxsning yaqin qarindoshlari va merosxoʻrlarining istalgan vaqtdagi talabiga asosan, ularga oʻlim haqidagi maʼlumotnoma gerbli guvohnomada eksterritorial tamoyil asosida rasmiylashtirib berilishi ham mumkun.

Mazkur Reglamenga asosan, Xalq banki dafn etish uchun nafaqa toʻlovini tibbiyot muassasasi tomonidan berilgan QR-kod qoʻyilgan oʻlim haqidagi maʼlumotnoma asosida Pensiya jamgʻarmasiga elektron soʻrov yuborish orqali murojaat qilgan fuqaroning nafaqaga boʻlgan huquqini tasdiqlagan holda amalga oshiradi.

Tibbiyot muassasasi, FHDYO boʻlimi, Pensiya jamgʻarmasi va tijorat banki oʻrtasidagi axborot almashinuvi faqat idoralararo elektron oʻzaro bogʻlanish yordamida amalga oshirilishi fuqarolarga katta qulayliklar yaratilishiga asos boʻldi.

 

Yangiyoʻl tumani adliya boʻlimi

yetakchi maslahatchisi                                 Nazokat Anarqulova