Янгиликлар
REFERENDUM- UMUMXALQ OVOZI
REFERENDUM- UMUMXALQ OVOZI
Referendum – bu Oʻzbekiston Respublikasining qonunlarini va boshqa qarorlarni qabul qilish maqsadlarida jamiyat va davlat hayotining eng muhim masalalari yuzasidan fuqarolarning umumxalq ovoz berishidir. Referendumning saylovlardan asosiy farqi shundaki, Referendum oʻtkazilayotganda biron bir lavozimga nomzod yoki nomzodlar roʻyxati uchun ovoz berilmaydi, balki unda muayyan masala — qonun, qonun loyihasi, konstitutsiya, konstitutsiyaga tuzatishlarga oid biron bir savol qoʻyiladi.
Referendumda qabul qilingan qarorlar oliy yuridik kuchga ega boʻladi va faqat referendum yoʻli bilan bekor qilinishi yoki oʻzgartirilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 16-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-779-son Qonuniga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasining referendumi toʻgʻrisida”gi quyidagilarga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi:
- referendumga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishga doir barcha tadbirlarda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlaridan kuzatuvchilar qatnashish huquqiga egadirlar.
- boshqa davlatlardan va xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilarga mandatlar beradigan organ belgilandi. Bu - Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi.
- kuzatuvchilar harbiy qismlarda, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida tuzilgan referendum uchastkalariga borishi haqida referendum oʻtkazuvchi uchastka komissiyasini kamida uch kun oldin xabardor qilishi kerak;
- referendum oʻtkazuvchi okrug va uchastka komissiyasining aʼzosi boʻla olmaydigan shaxslar belgilandi. Ularga siyosiy partiyalarning aʼzolari, viloyat, tuman va shahar hokimlari, prokuratura organlarining, sudlarning mansabdor shaxslari, fuqarolarning tashabbuskor guruhi tarkibiga kiruvchi shaxslar kiradi;
- referendum oʻtkazuvchi komissiyalarning aʼzolariga referendumga tayyorgarlik koʻrish hamda uni oʻtkazishga doir xarajatlar smetasida koʻrsatilgan miqdorda transport, ovqatlanish xarajatlarining va boshqa xarajatlarning oʻrnini qoplash maqsadida kompensatsiya toʻlanadi;
- Markaziy saylov komissiyasining qarorlari ustidan Oliy sudga shikoyat qilish muddati qisqartirildi. Ilgari bu muddat 10 kunni tashkil etardi. 25-moddaga kiritilgan oʻzgartirishlarga koʻra, endilikda bu muddat 5 kunni tashkil qiladi;
Joriy yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Oʻzbekiston Konstitutsiyasiga oʻzgartirish kiritish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya taklifi asosida Parlament tomonidan ishlab chiqilgan loyihani umumxalq muhokamasida koʻrib chiqishni hamda referendum oʻtkazish yoʻli bilan qabul qilishni taklif etdi.
Referendum oʻtkaziladigan kunga qadar yoki referendum kunida oʻn sakkiz yoshga toʻlgan Oʻzbekiston Respublikasining har bir fuqarosi referendumda ishtirok etish huquqiga egadir.
Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida istiqomat qilayotgan yoki turgan Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi referendumda ishtirok etishga toʻla haqlidir.
Referendumda ishtirok etish huquqiga ega boʻlgan, doimiy yoki vaqtincha istiqomat qilib kelayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari ovoz beruvchi fuqarolar roʻyxatlari Oʻzbekiston Respublikasi saylovchilarining yagona elektron roʻyxati asosida tuziladi.
Konstitutsiyaviy islohotlarni umumxalq referendumi orqali amalga oshirilishi bilan bogʻliq katta siyosiy voqea boʻlib, xalqimizning hech bir qatlamini befarq qoldirmasligi lozim.
Umid Toʻxtaboyev,
Bekobod tuman adliya boʻlimi
yetakchi maslahatchisi