Янгиликлар
Merosdan majburiy ulush olish huquqi
Merosdan majburiy ulush olish huquqi
Bilamizki, meros olish huquqi merosxo’rlar o’rtasida turli nizolarga sabab bo’luvchi hamda ushbu huquqni amalga oshirish murakkab hisoblanadi. Shu sababli ham hozirgi kunda mazkur huquqlarni amalga oshirish tartibi soddalashtirilmoqda.
Meros olish huquqi fuqarolarning meros qoldiruvchidan o’ziga tegishli ulushlarni olishini bildiruvchi fuqarolik huquqi hisoblanadi. Qoldirilgan meros fuqaroning o‘limi yoki uning sud tomonidan vafot etgan deb e’lon qilinishi oqibatida, shuningdek, merosxo’rlarning arizasiga asosan ochiladi. Merosdan majburiy ulush olish huquqiga ega shaxsga merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risidagi guvohnoma notarial idora (notarius) tomonidan beriladi.
Merosdan majburiy ulush olish guvohnomasi nima va u qanday olinadi?
O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik Kodeksi 1113-moddasida meros ochilgan paytda meros qoldiruvchiga tegishli bo‘lgan, uning o‘limidan keyin ham bekor bo‘lmaydigan barcha huquq va majburiyatlar meros tarkibiga kirishi, biroq meros qoldiruvchining shaxsi bilan bog‘liq bo‘lgan huquq va majburiyatlar va mulkiy huquqlar bilan bog‘liq bo‘lmagan shaxsiy nomulkiy huquqlar meros tarkibiga kirmasligi belgilangan. Biroq, mazkur modda 3-qismiga ko’ra, meros qoldiruvchiga tegishli bo‘lgan shaxsiy nomulkiy huquqlar va boshqa nomoddiy boyliklar merosxo‘rlar tomonidan amalga oshirilishi va himoya qilinishi mumkin hisoblanadi.
Meros qoldiruvchining voyaga etmagan yoki mehnatga qobiliyatsiz bolalari, shuningdek, farzandlikka olgan bolalari, qolaversa, mehnatga qobiliyatsiz eri (xotini) va ota-onasi, hamda uni farzandlikka olganlar, vasiyatnomaning mazmunidan qat’i nazar, qonun bo‘yicha voris bo‘lganlarida ulardan har biriga tegishi lozim bo‘lgan ulushning kamida yarmini (majburiy ulush) meros qilib olish huquqiga ega bo’ladilar.
Merosni olish uchun merosxo’rlar tomonidan taqdim etilishi lozim bo’lgan hujjatlar qanday?
Birinchi navbatda, merosxo’r fuqarolarning shaxsi fuqarolik pasporti,
16 yoshga to’lmagan fuqarolarning shaxsi tug’ilganlik to’g’risidagi guvohnama orqali, chet el fuqarolarining shaxsi ularning milliy pasporti yoki O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi yoxud diplomatik pasporti yoki O‘zbekiston Respublikasida akkreditatsiya qilinganligini tasdiqlovchi akkreditatsiya kartochkasi, fuqaroligi bo‘lmagan shaxs uchun esa O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomalarini taqdim etgan holda aniqik kiritilishi lozim.
Meros ishi ochilish uchun merosxo’rlar tomonidan notarial idoraga taqdim etishi lozim bo’lgan hujjatlarga quyidagilar kiradi:
meros qoldiruvchining o‘lim haqidagi guvohnoma yoki dalolatnoma yozuvidan ko‘chirma, meros qoldiruvchining oxirgi doimiy yashash (doimiy propiska qilingan) joyi haqidagi ichki ishlar organlarining ma’lumotnomasi;
meros tarkibining meros qoldiruvchiga tegishli ekanligini tasdiqlovchi hujjat;
merosxo‘rlarning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalari va nikoh tuzilganligi haqidagi guvohnomalari (F.I.O. o‘zgargan taqdirda) yoki dalolatnoma yozuvlaridan ko‘chirmalar yoxud qarindoshlik munosabatlarining haqiqiyligini belgilovchi sud hujjati;
meros qoldiruvchining tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi va nikoh tuzilganligi haqidagi guvohnomasi (ajrashganlik haqidagi guvohnoma) yoki dalolatnoma yozuvidan ko‘chirma;
agar merosxo‘rning o‘zi meros huquqi to‘g‘risidagi guvohnomani olishda ishtirok etaolmasa merosni qabul qilish uchun ishochnoma va boshqa zarur hujjatlar. (manba: O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2019-yil 4-yanvardagi “Notariuslar tomonidan notarial harakatlarni amalga oshirish tartibi to‘g‘risida yo‘riqnomani tasdiqlash haqida” Buyrug‘i).
Meros guvohnamasini olish muddati qancha?
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi 1146-moddasida merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risida guvohnoma berish meros ochilgan kundan e’tiboran olti oy o‘tganidan keyin berilishi belgilab qo’yilgan.
Merosxo’rlar tomonidan qonun asoslariga ko’ra merosga ega chiqishlarida yoki vasiyatnomaga asosan meros olishda agar notarius tegishli mol-mulkka yoki butun merosga nisbatan guvohnoma berishni so‘rab murojaat etgan shaxslardan boshqa merosxo‘rlar yo‘qligi to‘g‘risida ma’lumotlarga ega bo‘lsa, merosga bo’lgan huquq to’g’risidagi guvohnoma yuqorida ko‘rsatilgan muddat tugamasidan oldin berilishi mumkin.
Xulosa sifatida shuni aytishimiz mumkinki, amaldagi qonunchilikka asosan, merosning qabul qilinganligini tasdiqlaydigan harakatlarga merosga bo’lgan huquq to’g’risida guvohnoma berish haqidagi ariza hisoblanib, u ikki vazifani bajaradi, u merosxo’rning merosni qabul qilishga bo’lgan xohishini bildiradi hamda ayni bir vaqtda merosga bo’lgan huquq to’g’risidagi guvohnomani berish uchun asos bo’lib xizmat qiladi.
Yuqori Chirchiq tuman adliya bo‘limi
Inson huquqlari va huquqni qo‘llash amaliyotini
o‘rganish bo‘linmasi yetakchi maslahatchisi
J.Zokirov