Янгиликлар
“Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun bilan belgilangan yangiliklar qanday?
“Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun bilan belgilangan yangiliklar qanday?
Ma’lumki, ko‘p vaqtlardan buyon keng jamoatchilik muhokamsida bo‘lib kelgan hamda amalga kiritilishini kutiliyatgan “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonunda jamiyatimiz va davlatimizni davlat xizmati sohasida tartibga solinish kerak bo‘lgan, anchadan beri qiynab kelayotgan masalalar atroflicha tartibga solindi desak, xato qilmagan bo‘lamiz.
Bungacha, 2019-yil 3-oktyabrda davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston Respublikasida kadrlar siyosati va davlat fuqarolik xizmati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Farmonida davlat xizmatining davlat fuqarolik va maxsus (huquqni muhofaza qiluvchi organlardagi xizmat va qurolli quchlardagi harbiy xizmat) xizmat turlari ko`rsatib o`tilgan.
Umuman olganda, davlat fuqarolik xizmati deganda, fuqarolarning davlat boshqaruvi organlari va tashkilotlardagi xizmat faoliyati nazarda tutilmoqda. Shundan kelib chiqib, mamlakatimizda “davlat fuqarolik xizmati” va “davlat xizmati” alohida tushunchalar sifatida ajratilib kelingan.
Endilikda esa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan joriy yilning 8-avgustida “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi O‘RQ 788-son Qonun imzolandi va ushbu qonun bilan davlat xizmatchilariga ya’ni davlat organlari ishlovchi xodimlarning fuqarolik xizmatini o‘tash tartibi, ushbu sohadagi davlat boshqaruvi, davlat xizmatchilarining huquqiy maqomi belgilandi.
Xususan, mazkur qonnuning 10-moddasiga asosan davlat fuqarolik xizmatchisi deb davlat fuqarolik xizmati lavozimida o‘z faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi davlat fuqarolik xizmatchisi hisoblanishi, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi davlat fuqarolik xizmati lavozimiga tayinlangan paytdan e’tiboran davlat fuqarolik xizmatchisining huquqiy maqomiga ega bo‘lishi va davlat fuqarolik xizmatchisining faoliyati tugatilishi munosabati bilan uni yo‘qotishi belgilab qo‘yildi.
Davlat fuqarolik xizmatini o‘tashda tartibga solingan mazkur ko‘pgina munosabatlar bilan bir qatorda, ushbu qonun bilan tartibga solinmagan munosabatlarga Mehnat kodeksi normalari qo‘llaniladi.
Mazkur qonun bilan davlat xizmatchisi himoyasi doirasidagi qoidalar jumlasiga davlat xizmatchisi o‘z rahbarining noqonuniy topshiriq va talablarini bajarishdan bosh tortgan hollarda, shuningdek, korrupsion holatlar haqida xabar bergan vaqtlarda davlat himoyasida bo‘lish huquqiga egaligi belgilab qo‘yilganligini va boshqa bir qator misollarni keltirib o‘tsak bo‘ladi.
Bunday qulayliklar bilan bir qatorda, yuqoridagi qonun bilan davlat xizmatchisining tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi, ularning muassisi bo‘lishi, O‘zbekistondan tashqarida hisobvaraqlar ochishi, chet elda ko‘chmas mulk olishi taqiqlab qo‘yildi.
Bundan tashqari, endilikda davlat tashkiloti xizmatchisi o‘zlarining daromadlari va egaligidagi mol-mulki to‘g‘risida ma’lumotlarni deklarasiya shaklida ma’lum qilib borish kerakligi belgilab qo‘yildi.
Qonunga asosan, Prezident tomonidan tasdiqlanadigan davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining reyestri Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan yuritiladi
Qonun bilan Davlat xizmatchilariga haq to‘lash quyidagilardan iborat qilib belgilandi.
bazaviy lavozim maoshi;
ko‘p yillik xizmati uchun qo‘shimcha to‘lov;
malaka darajasi uchun qo‘shimcha to‘lov;
eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlarga erishganlik uchun ustama;
hisobot davri yakunlari bo‘yicha rag‘batlantiruvchi to‘lovlar.
Qo‘shimcha sifatida, davlat xizmatchilariga hayfsan, jarima, ishdan bo‘shatish bilan bir qatorda endilikda, malaka darajasini pasaytirish va lavozimini pasaytirish tarzidagi intizomiy jazolar ham qo‘llanilishi belgilab qo‘yildi. Shuningdek, davlat xizmatchilari 27 kundan kam bo‘lmagan yillik asosiy ta’til berilishi yangilik sifatida kiritilgan.
Xulosa sifatida shuni aytishimiz mumkinki, mazkur qonun amalga kiritilishi bilan davlat fuqarolik xizmatining asosiy prinsiplari, davlat fuqarolik xizmatchisining huquqiy maqomi, majburiyatlari, davlat fuqarolik xizmatini tashkil etish, davlat fuqarolik xizmatiga kirish, xizmatchilarning kasbiy kompetensiyasini uzluksiz oshirib borish, davlat fuqarolik xizmatchisi faoliyati asoslari, davlat fuqarolik xizmatchisining ijtimoiy himoyasi qat’iy belgilab qo‘yildi.
Yuqori Chirchiq tuman
adliya bo‘limi boshlig‘i O.Buriyev