Янгиликлар
MEDIATORNING HUQUQIY MAQOMI. ADVOKATNING ISHDA MEDIATOR SIFATIDAGI AHAMIYATI
MEDIATORNING HUQUQIY MAQOMI. ADVOKATNING ISHDA MEDIATOR SIFATIDAGI AHAMIYATI
Biz bilamizki jamiyat rivojlangani sari huquq va majburiyatlarga nisbatan insonlarning huquqiy ongi birmuncha ortib boraveradi, bu esa oʻz navbatida kishilarni turli munosabatlarga yetaklaydi. Shaxslar oʻrtasidagi munosabatlar kengayib borar ekan albatta oʻrtada nizo kelib chiqadi. Bunday nizolarni hal qilishda jamiyatimiz aʼzolarining katta qismi sudga ishonishadi va unga murojaat qilishni afzal koʻrishadi. Biroq nizolarning barcha turlarini ham sudda koʻrish va hal qilish taraflarga qulaylik tugʻdirmaydi. Buni asosan uzundan uzoq protsessual muddatlar va davlat bojlarini yuqori ekanligi bilan izoxlashimiz mumkin. Shuningdek nizolarni bu tartibda koʻrish sudlarda ishlarni koʻpayib ketishiga hamda vaqtning yetishmaganligi bois ishlar sifatsiz koʻrilishiga olib kelmoqda. Shu va shu kabi holatlarni bartaraf etish, nizoni hal qilishda taraflarga maqbul usullarni qoʻllash va ularning munosabatlarini yomonlashuvidan saqlab qolish maqsadida turli rivojlangan mamlakatlar nizolarni hal qilishning muqobil usullaridan keng foydalanib kelayotganini guvoxi boʻlyapmiz. Bulardan keng tarqalganlari sifatida mediatsiya, muzokara va hakamlik sudlari orqali nizolarni hal qilishni keltirishimiz mumkin. Bular orasida ham eng keng tarqalgani va samarali usul sifatida mediatsiyani aytishimiz mumkin.
Mediatorning kelishuvga erishishdagi roli
Mediatsiyaning mohiyati muzokaralarda oʻz aksini topadi. Ularning muvaffaqiyat bilan tugashi uchun nafaqat taraflarning kelishmovchilikni yengishga intilishi va irodasi, balki mediatorning qobiliyati va tajribasi ham muhimdir. Mediator dalillarni oʻrganmaydi va taraflarning talablari qonuniyligiga baho bermaydi, uning asosiy vazifasi – taraflar orasida oʻzaro tushunishni taʼminlash, hamma ishtirokchilar uchun maqbul boʻlgan sharoitlarda muammoni hal qilish imkoniyatini amalga oshirishni aniqlash va yordam berish hisoblanadi. Mediator vaziyat va uning orqasida turgan taraflarning hissiyot, manfaat, xohish va talablari oldin aytilishi, keyin eshitilishi, va nihoyat, hamma ishtirokchilarga tushunarli boʻlishi uchun mumkin boʻlgan hamma narsani qiladi. Faqat shundan keyingina mediatorning faol ishtiroki bilan dalillar qayta koʻrib chiqiladi va birgalikdagi qaror yaʼni, barcha taraf uchun maqbul boʻlgan nizoning yechimi ishlab chiqiladi. Bu jarayon nafaqat nizo va uning natijasida kelib chiqadigan salbiy hissiyotlarni yengishga imkon beradi, balki kelajakda ishonch asosida yangi kelishuvlarga erishishga ham yordam beradi.[4]
Mediator taraflar oldida mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish natijasida yetkazilgan zarar uchun qonunchilikda belgilangan tartibda javobgar boʻladi.[1]
Mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirishda mediator mustaqildir. Mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirishda mediatorning faoliyatiga biror-bir tarzda aralashishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Mediator xolis boʻlishi, mediatsiya tartib-taomilini taraflarning manfaatlarini koʻzlab amalga oshirishi va mediatsiyada ularning teng ishtirokini taʼminlashi, taraflarga oʻz majburiyatlarini bajarishi hamda oʻzlariga berilgan huquqlarni amalga oshirishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratishi kerak. Mediatorning mustaqilligi va xolisligiga toʻsqinlik qiladigan holatlar mavjud boʻlgan taqdirda, u mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirishdan voz kechishi kerak.
Mediatorning huquqiy maqomi
Hozirgi kunda mediator boʻlish uchun qonun talablari belgilab qoʻyilgan. Ular professional va noprofessional asosda tashkil etiladi. Professional mediator sifatida birinchidan, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan mediatorlarni tayyorlash dasturi boʻyicha maxsus oʻquv kursidan oʻtgan, ikkinchidan, Professional mediatorlar reestriga kiritilgan shaxs faoliyat koʻrsatishi mumkinligi belgilangan. Noprofessional asosdagi mediator faoliyatini yigirma besh yoshga toʻlgan va mediator vazifalarini bajarishga rozilik bergan shaxs amalga oshirishi mumkin. Noprofessional asosdagi mediator faoliyatini amalga oshiruvchi shaxs ham Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan mediatorlarni tayyorlash dasturi boʻyicha maxsus oʻquv kursidan oʻtishi mumkin. Rossiya Federatsiyasida ham mediatorlik faoliyati professional va noprofessional asosda amalga oshiriladi. Oʻzbekiston Respublikasidan farqli oʻlaroq, Rossiya qonunchiligida har ikki asosda faoliyatni amalga oshiradigan mediatorlar uchun ham yoshga doir talablar belgilangan. Jumladan, Rossiya Federatsiyasida shaxs professional mediator boʻlishi uchun 25 yoshga, noprofessional mediatorlik faoliyatini amalga oshirishi uchun 18 yoshga toʻlgan hamda toʻliq muomala layoqatiga ega boʻlishi lozimligi belgilangan. Oʻzbekiston Respublikasida Professional mediatorlar reestri hududiy adliya boshqarmalari tomonidan yuritiladi va reestr hamma uchun ochiq holatda tegishli adliya organlari hamda Adliya vazirligining rasmiy veb-saytida joylashtiriladi. Shaxsning mediatorlarni tayyorlash dasturi boʻyicha maxsus oʻquv kursidan oʻtishi uni Professional mediatorlar reestriga kiritish uchun asos boʻladi. Professional mediatorlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni Reestrga kiritilishi professional mediatorning maqomini rasmiy tasdigʻi hisoblanadi hamda professional mediator toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni Reestrga kiritish va bu haqda tegishli bildirishnoma berish orqali amalga oshiriladi.
Advokatning mediator sifatidagi huquqiy maqomi
Advokatning huquqiy maqomi Oʻzbekiston Respublikasining 27.12.1996-yildagi 349-I-sonli Advakatura toʻgʻrisidagi qonuni bilan belgilanadi. Unga koʻra advokat Oliy yuridik maʼlumotga ega boʻlgan va advokatlik faoliyati bilan shugʻullanish huquqini beruvchi litsenziyani belgilangan tartibda olgan Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi Oʻzbekiston Respublikasida advokat boʻlishi mumkin. Belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan, shuningdek sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxslarning advokatlik faoliyati bilan shugʻullanishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Advokat quyidagilardan tashqari haq toʻlanadigan boshqa turdagi faoliyat bilan shugʻullanishga haqli emas:
ilmiy va pedagogik faoliyat;
Oʻzbekiston Respublikasi Advokatlar palatasidagi (bundan buyon matnda Advokatlar palatasi deb yuritiladi) va uning hududiy boshqarmalaridagi faoliyat;
patent vakili va mediator sifatidagi faoliyat;
shartnomaviy-huquqiy asosda davlat organlarining, xoʻjalik boshqaruvi organlarining, davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlarining yuridik xizmati xodimi sifatidagi faoliyat;
hakamlik sudlarida va xalqaro tijorat arbitrajlarida (sudlarida) sudya sifatidagi faoliyat.
Advokat maqomiga ega boʻlish quyidagi tartibda amalga oshiriladi. Litsenziya Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari (bundan buyon matnda adliya organlari deb yuritiladi) tomonidan tegishli malaka komissiyalarining qarorlari asosida beriladi. Litsenziya olish uchun advokat maqomiga ega boʻlishga talabgor shaxs (bundan buyon matnda talabgor deb yuritiladi) yuridik mutaxassislik boʻyicha kamida ikki yillik ish stajiga ega boʻlishi, shu jumladan advokatlik tuzilmasida (advokatlik byurosida, advokatlik firmasida, advokatlar hayʼatida, yuridik maslahatxonada) kamida uch oy muddat stajirovka oʻtagan boʻlishi kerak hamda malaka imtihonini topshirishi shart. Davlat organlari, xoʻjalik boshqaruvi organlari, davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlarining yuridik xizmati xodimi sifatida, sudya, tergovchi, surishtiruvchi yoki prokuror lavozimida kamida uch yil yuridik mutaxassislik boʻyicha ish stajiga ega boʻlgan shaxs advokatlik tuzilmasida stajirovkadan oʻtmasdan malaka imtihonida ishtirok etishga haqli. Malaka imtihonini topshira olmagan talabgor uni takroran topshirishga kamida olti oydan keyin qoʻyiladi. Malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirgan talabgor litsenziya olish uchun tegishli adliya organiga uch oy ichida murojaat qilishi kerak. Bu muddatni oʻtkazib yuborgan talabgor litsenziya olish uchun adliya organiga malaka imtihonini takroran topshirganidan keyingina murojaat qilishi mumkin. Advokatlik faoliyatini litsenziyalash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi. Belgilangan tartibda litsenziya olgan talabgor uch oy ichida advokat qasamyodini qabul qilishi va yakka tartibda yoki litsenziyaga ega boʻlgan boshqa shaxslar bilan birgalikda advokatlik tuzilmasini tuzishi yoxud faoliyat koʻrsatayotgan advokatlik tuzilmalaridan biriga kirishi shart. Talabgorga advokatlik guvohnomasi advokatlik tuzilmasi roʻyxatdan oʻtkazilgan yoki talabgorning faoliyat koʻrsatayotgan advokatlik tuzilmasiga kirganligini tasdiqlovchi hujjatlar adliya organi tomonidan olingan paytdan eʼtiboran uch ish kuni ichida beriladi. Talabgor advokatlik guvohnomasi berilgan kundan eʼtiboran advokat maqomini oladi, Advokatlar palatasining tegishli hududiy boshqarmasi adliya organi tomonidan bu haqda uch kunlik muddatda xabardor qilinadi. Shunday xabarnoma olingan paytdan eʼtiboran advokat Advokatlar palatasining aʼzosi boʻladi. Advokatlik guvohnomasining shakli va uni berish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi .
Advokatning ishda mediator sifatida ishtirokining bir muncha qulayliklari mavjud. Hozirgi kunda mediatsiyaning jamiyatdagi oʻrnidan kelib chiqib gapiradigan boʻlsak, deyarli koʻpchilik nizo taraflari mediatsiya tushinchasi va ahamiyatiga hali hanuz tushinib yetmagani maʼlum. Biroq advokat tushinchasi, uning faoliyati haqida koʻpchilik bir muncha dunyoqarashga ega. Shu bois ham mediatsiyani rivojlantirish va koʻlamini kengaytirishda advokatlarning roli muhim hisoblanadi. Yaʼni ish boʻyicha fuqaro advokatga murojaat qilib keldi. Bu yerda advokat mediatsiyani qoʻllashi mumkin va mediativ kelishuvga erishishning imkoni mavjud. Ayni shu vaqtda advokat taraflarga mediatsiyani qoʻllashni taklif qilishi mumkin. Bu esa bilamizki har ikkala tarafga ham ijobiy natija beradi. Negaki huquqiy jihatdan advokat professional hisoblanadi. Shuningdek taraflar keyinchalik ham mediatsiyani qoʻllashga kelishib olsalar mediator qidirish, ishni yangidan mediator ishtirokida koʻrib chiqish va qoʻshimcha xarajatlarga tushishlarini oldini oladi. Bu esa vaqtni ancha tejash imkoniyatini beradi. Bundan tashqari advokatlar bir umumiy palata negizida uyushmaga ega boʻlib bu oʻz navbatida advokatlarning qonuniy va ichki tartib qoidalari va advokatlik odobi qoidalari asosida ishlashini taʼminlaydi. Mediatorlarning esa faqat Adliya vazirligida royxati yuritiladi. Bugungi kunda mediatorlar faoliyati boʻyicha biron ichki tartib qoidalari yoki mediatorlik odobi qoidalari tasdiqlanmagan. Bu har bir mediatorning oʻzi bilganicha faoliyat olib borishiga olib keladi.
Oʻrta Chirchiq tumani Yuridik xizmat
koʻrsatish markazi bosh yuristkonsulti A.Ibragimov