Янгиликлар
YURTIMIZDA AYOLLAR UCHUN KENG IMKONIYATLAR YARATILMOQDA
YURTIMIZDA AYOLLAR UCHUN KENG IMKONIYATLAR YARATILMOQDA
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 9-iyundagi “Mutaxassisligi bo‘yicha kamida besh yil mehnat stajiga ega bo‘lgan xotin-qizlarni davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish tartibini tasdiqlash haqida” gi 322-sonli Qarori bilan yurtimizda xotin-qizlarning ta’lim olishi uchun yanada keng imkoniyatlar yaratildi. Ushbu qarorga ko‘ra, mutaxassisligi bo‘yicha kamida besh yil mehnat staji mavjud bo‘lgan, biroq oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan xotin-qizlarni davlat oliy ta’lim muassasalariga alohida qabul parametrlari doirasida tanlov natijalariga ko‘ra to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilish tartibini belgilaydigan nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko‘ra, o‘qishga qabul qilish O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasining tavsiyanomasi asosida mutaxassisligi bo‘yicha kamida besh yil mehnat staji mavjud, biroq oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan xotin-qizlar hisobidan, ish faoliyatiga mos bo‘lgan davlat oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha kirish imtihonlari (test sinovi, kasbiy (ijodiy) imtihon) doirasida amalga oshiriladi.
Tavsiyanoma olish uchun talabgor quyidagi mezonlarning barchasiga muvofiq kelishi kerak:
· o‘rta maxsus yoki professional ta’lim bo‘yicha mutaxassislikka ega bo‘lishi;
· tavsiyanoma olgunga qadar oliy ta’lim olmaganligi yoki olmayotganligi;
· o‘rta maxsus yoki professional ta’lim mutaxassisligi bo‘yicha besh yillik mehnat stajiga ega bo‘lishi.
Tavsiyanoma berish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
1. Har bir tuman(shahar) oila va xotin qizlar bo‘limlarida har yilning
25-apreliga qadar ishchi guruh tashkil qilinadi. Ishchi guruhga tuman (shahar) hokimining o‘rinbosari – oila va xotin qizlar bo‘limi boshlig‘i rahbarlik qiladi. Shuningdek, ushbu tumandagi (shahardagi) iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bo‘limi boshlig‘i, moliya bo‘limi boshlig‘i, soliq bo‘limi boshlig‘i, aholi bandligiga ko‘maklashish markazi boshlig‘i, xalq ta’limi bo‘limi boshlig‘i, maktabgacha ta’lim bo‘limi boshlig‘i hamda Yoshlar ishlari agentligi bo‘limi rahbari ishchi guruh tarkibini tashkil etadi. Ishchi guruh faoliyati uning a’zolarining uchdan ikki qismi ishtirok etgan taqdirda, vakolatli hisoblanadi.
2. Tavsiyanoma olish uchun talabgor doimiy yashash yoki vaqtincha ro‘yxatda turgan joyidagi tuman (shahar) oila va xotin-qizlar bo‘limlari (ishchi guruh)ga har yili 1-maydan 1-iyunga qadar belgilangan shakldagi ariza bilan murojaat qiladi. Ushbu muddatdan kechikib berilgan arizalar ko‘rib chiqilmaydi.
3. Ishchi guruhlar tavsiyanoma olish maqsadida murojaat etgan talabgorlarning ariza va unga ilova qilingan hujjatlarini belgilangan mezonlarga muvofiqligi yuzasidan har yili 1-iyundan 7-iyunga qadar ko‘rib chiqadi. Xotin-qizlarning murojaatlari asosida ularga tavsiyanoma berishga tavsiya etish yoki uni rad etish to‘g‘risida xulosa qabul qiladi va uni tuman (shahar) oila va xotin-qizlar bo‘limiga taqdim qiladi.
4. Tuman (shahar) oila va xotin-qizlar bo‘limi tomonidan har yili
7-iyundan 10-iyunga qadar ishchi guruh xulosasi asosida xotin-qizlarga tavsiyanoma berishga tavsiya etish yoki uni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi hamda uni Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasiga ko‘rib chiqish uchun taqdim etadi.
5. Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi tomonidan har yili 10-iyundan
14-iyunga qadar taqdim etilgan qaror va unga ilova qilingan hujjatlarni ko‘rib chiqib, Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi birinchi rahbarining tavsiyanomalarni berish yoki uni rad etish to‘g‘risidagi buyrug‘ini chiqaradi hamda 15-iyunga qadar tasdiqlangan tavsiyanomalarni barcha tuman (shahar) oila va xotin-qizlar bo‘limlariga yuboradi. Shuningdek, tavsiyanoma berilgan xotin-qizlar elektron reyestrini shakllantiradi, tavsiyanomaga ega bo‘lgan xotin-qizlar ro‘yxatlarini va ular haqidagi ma’lumotlarni maxsus dasturga kiritish uchun Davlat test markaziga yuboradi, tavsiyanoma berilgan talabgorlarning ro‘yxatini Qo‘mitaning rasmiy veb-saytida e’lon qiladi.
6. Tuman (shahar) oila va xotin-qizlar bo‘limi har yili 15-iyunga qadar Tavsiyanomalar talabgorlarga yetkazilishini ta’minlaydi.
Parkent tuman adliya bo‘limi
yuridik xizmat ko‘rsatish markazi
bosh yuriskonsulti Tojiboyev
Diyorjon Pardaboy o‘g‘li