Янгиликлар
Yangi tahrirdagi mehnat kodeksining qabul qilinishi jamiyatimizga qanday o’zgarishlarni olib keldi
Yangi tahrirdagi mehnat kodeksining qabul qilinishi jamiyatimizga qanday o’zgarishlarni olib keldi
Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 28-oktabrda “O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonuni imzoladi. Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi qabul qilinishi 1995 yildagi Mehnat kodeksidan ya’ni birinchi tahriridan farqli ravishda, unda majburiy mehnatni taqiqlash, xodimning huquqiy holati yomonlashishiga yo‘l qo‘yilmaslik kabilar asosiy prinsip etib belgilandi. Shuningdek, davlat ehtiyojmand aholini ishga joylash bo‘yicha qo‘shimcha kafolatlarni ta’minlaydi.
Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi, uning bugungi kun talablari asosida yangilanganligi, jamiyat va davlat rivojida tutgan o‘rni hamda ahamiyati naqadar muhim ekanligi, shuningdek unda mehnatga oid munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solishning asosiy prinsiplari belgilab berilganligi hamda uning mazmun-mohiyati alohida e’tibor qaratilgan. Bugungi kunda O‘zbekistonda hayotimizning barcha sohalarida juda katta ijobiy o‘zgarishlar yuz bermoqda. Odamlar o‘zgarmoqda, mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligi tobora ortib bormoqda. Kodeksdagi normalarning asosiy qismi ushbu o‘zgarishlarga hamohang tarzda ishlab chiqilib, ularning to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlashini ta’minlashga jiddiy e’tibor berilgan.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda mehnat munosabatlariga nisbatan yangicha yondashuvlar yuzaga keldi. Mulkdorlar va ish beruvchilarning soni keskin oshdi. Hatto jismoniy shaxslarga ham ish beruvchi maqomi berildi. Bularning barchasi mehnat bozorida ham yangi islohotlarni talab etadi, albatta. Shu ma’noda mazkur sohaga oid qator qonunlar, jumladan, «Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida»gi «Kasaba uyushmalari to‘g‘risida»gi, «Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida»gi hamda «Aholi bandligi to‘g‘risida»gi qonunlar qabul qilindi.
Mazkur qonunlarda ish beruvchining mehnatni muhofaza qilishga doir majburiyatlari bajarilishini ta’minlash, mehnat munosabatlarida xodimlar vakillik organining (kasaba uyushmalarining) rolini oshirish, jamoatchilik nazoratining o‘rni va ahamiyatini oshirishga oid normalarni sohadagi asosiy hujjatda – Mehnat kodeksida aks ettirish zaruriyati yuzaga kelgan edi.
Chunonchi, ilgarigi Mehnat kodeksi 1995 yilda qabul qilingan bo‘lib hozirgi zamon talablariga mos kelmay qolgandi. Ushbu Kodeksda fuqarolarni mehnatga jalb qilishning yangi shakllari nazarda tutilmagan, ayrim qoidalar O‘zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan ba’zi xalqaro shartnomalarga mos emas edi. Yangi Mehnat kodeksida Prezidentimiz taklif etgan g‘oyalar, fikr-mulohazalar va tashabbuslarni aks ettirishga erishildi. Masalan, davlatimiz rahbarining 2020 yil 22 iyundagi Farmonida xodim pensiyaga chiqishi munosabati bilan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bir taraflama tarzda bekor qilish inson huquqlariga mos kelmasligi qayd etilib, bunday tartibni bartaraf etish fikri ilgari surilgan edi. Yangi tahrirdagi Kodeksda aynan ushbu masala o‘zining huquqiy yechimini topdi. Shuningdek Prezidentimizning 2019 yil 31 oktyabrdagi tegishli Qarori bilan ilgari surilgan mehnat jarayonini raqamlashtirish, elektron mehnat daftarchasini yuritish, yagona axborot bazasida (my.mehnat.uz) mehnat shartnomasini tuzish va ro‘yxatdan o‘tkazish mexanizmiga oid qoidalar ham Kodeksda o‘z ifodasini topdi. Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi ilgarigisidan hajm jihatdan 2,5 baravar katta bo‘lib, unga muhim ahamiyatga ega bo‘lgan ko‘plab yangi normalar kiritildi. Yangi Kodeksni tayyorlash jarayonida Qonunchilik palatasida ham salmoqli ishlar olib borildi. Loyiha quyi palatada bir yil davomida juda chuqur tahlil etildi. Bu ishlar nafaqat deputatlar yoki qonunchilik tashabbusi huquqi sub’ektlarining vakillari, balki boshqa davlat organlari, jamoatchilik, nodavlat notijorat tashkilotlari, shu jumladan kasaba uyushmalarining vakillari, olimlar, ekspertlar ishtirokida amalga oshirildi. Bunda ish beruvchilarning, shu jumladan xususiy sektor vakillarining takliflari ham inobatga olindi.
Yangi tahrirdagi Kodeks loyihasini parlamentda tayyorlash jarayonida avvalambor uni qabul qilishdan ko‘zlangan maqsadga, ya’ni uning konsepsiyasiga qay darajada mosligi moddama-modda muhokama qilindi. Konsepsiyada ko‘zlangan maqsad va vazifalar doirasidan chetga chiqib ketilgan va hech qanday yuklamaga ega bo‘lmagan, allaqachon boshqa qonunlar bilan hal etilgan ayrim moddalar chiqarib tashlandi. Shu bilan birga konsepsiyada nazarda tutilgan, lekin Kodeks loyihasi matnida aks etmay qolgan zarur normalar kiritildi. Masalan, mehnatga oid sohadagi ijtimoiy sheriklikning asosiy prinsiplari, ya’ni taraflarning teng huquqliligi, taraflar manfaatlarining hisobga olinishi, taraflar vakillarining vakolatliligi, mehnat va mashg‘ulotga taalluqli masalalarni tanlash hamda muhokama qilish erkinligi, davlatning ijtimoiy sheriklikni mustahkamlash hamda rivojlantirishga ko‘maklashishi kabi masalalar ochib berildi.
Davlat granti bo‘yicha ta’lim olgan bitiruvchilar bilan mehnat munosabatlarining yuzaga kelish asoslari (OTMning taqsimot komissiyasi tomonidan berilgan mehnat shartnomasi asosida) belgilandi. Kodeks loyihasi yuridik ekspertiza natijalaridan kelib chiqib, qayta tahrir qilindi. Xususan, loyihadagi ayrim qoidalar «Kasaba uyushmalari to‘g‘risida»gi, «Aholi bandligi to‘g‘risida»gi, «Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida»gi, «Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida»gi qonunlarga moslashtirildi.
Ahamiyatlisi shundaki, Kodeksga uning lingvistika va yuridik texnika qoidalariga mosligi nuqtai nazaridan mukammal ishlov berilib, namunaviy qonun darajasiga olib chiqildi. Buning uchun atamalarning qo‘llanilish izchilligini saqlashga, bir nechta ma’noni anglatadigan jumlalarni, huquqni qo‘llovchini adashtiradigan g‘alizliklarni bartaraf etishga jiddiy e’tibor qaratildi.
Yangi Kodeksda masofadan ishlash tizimining huquqiy asoslari yaratilib, masofadan ishlovchilar mehnatining o‘ziga xos xususiyatlarini belgilovchi alohida paragraf kiritildi.
Bundan tashqari ijtimoiy sheriklik va jamoatchilik nazoratiga bag‘ishlangan, xodimlarning mehnat xavfsizligini kuchaytirishga xizmat qiladigan alohida bo‘lim va paragraflar bilan to‘ldirildi. Xalqimiz uchun, ayniqsa, xotin-qizlar uchun qulaylik tug‘diradigan qator qoidalar, masalan, moslashuvchan ish vaqti rejimi degan yangi tushuncha kiritildi.
Xulosa o’rnida aytish mumkinki, mamlakat rahbari tomonidan amalga oshirilayotgan bu kabi huquqiy islohotlar jamiyatda fuqarolar huquqlarining har tomonlama kafolatlanishiga olib keladi. Bu esa, mamlakat konstitutsiyasida belgilangan qoidalarning amaliyotda to’la qonli ishlashiga xizmat qiladi.
Parkent tumani adliya bo’limi Yuridik xizmat
ko’rsatish markazi bosh yuriskonsulti M.Mansurov