Янгиликлар
Huquqni muhofaza qilish Akademiyasi tashkil etiladi
Huquqni muhofaza qilish Akademiyasi tashkil etiladi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenitining 2022-yil 28-noyabr kunidagi PF–257-sonli “Jinoyatlarni tergov qilish sohasida malakali kadrlarni tayyorlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilinib unga koʻra :
-Bosh prokuratura Akademiyasi negizida Oʻzbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tashkil etilib, unda jinoyatlarni tergov qilish sohasida kadrlarni amaliyot bilan uzviy bogʻliqligini taʼminlagan holda yagona yondashuv asosida tayyorlashga qaratilgan uzluksiz oʻquv tizimi yoʻlga qoʻyiladi.
Quyidagilar Akademiyaning asosiy vazifalari xisoblanadi,yaʼni:
- taʼlim oluvchilarda inson huquq va erkinliklariga soʻzsiz rioya qilish madaniyati bilan uygʻunlashgan yuksak maʼnaviy, psixologik, tahliliy va kasbiy sifatlarni rivojlantirishning samarali tizimini joriy etgan holda jinoyatlarni tergov qilish sohasida mutaxassislarni chuqurlashtirilgan maqsadli bazaviy tayyorlash;
- maxsus kasbiy koʻnikmalarni shakllantirish va rivojlantirish, sud-huquq sohasidagi islohotlarning mazmun-mohiyatini yetkazishga qaratilgan dasturlar asosida tergov hamda huquqni muhofaza qilish faoliyatining boshqa sohalarida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
- korrupsiyaga hamda jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish sohalarida maxsus oʻquv dasturlari asosida davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash tizimini yoʻlga qoʻyish;
-jinoyatlarni tergov qilish metodikasi va taktikasini samarali belgilash asosida jinoyat ishlari boʻyicha mustaqil ish yuritish koʻnikmalarini rivojlantirishga qaratilgan interfaol oʻqitish metodlarini taʼlim jarayoniga tatbiq etish;
- oʻqitishning zamonaviy shakllari, pedagogik va axborot texnologiyalari asosida nazariy tayyorgarlikning huquqni qoʻllash amaliyoti bilan uzviy bogʻliqligini, shu jumladan, masofaviy taʼlim shaklida taʼminlashga qaratilgan oʻquv jarayonini tashkil etish;
- prokuratura organlari xodimlarida bilim va koʻnikmalarni, shu jumladan, tizimli tahlil va tanqidiy fikrlashni, qonuniylikni taʼminlash yuzasidan adolat va masʼuliyat kabi yuksak tuygʻularni shakllantirish va mustahkamlashga qaratilgan tayyorlash, qayta tayyorlash va malaka oshirishning yaxlit tizimini tashkil etish;
- yuqori malakali ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash, huquqni muhofaza qilish faoliyatining eng dolzarb masalalari boʻyicha kompleks ilmiy tadqiqotlarni tizimli asosda, shu jumladan, milliy va xalqaro grantlarni jalb etgan holda amalga oshirish;
- jinoyatlar sodir etilishining sabab va shart-sharoitlarini, shu jumladan, tergovga qadar tekshiruv hujjatlari va jinoyat ishlarini oʻrganish asosida ularning alohida turlari kesimida tahlil va diagnostika qilish, shuningdek, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish faoliyatini uslubiy va konsultativ taʼminlash;
- sud-huquq sohasida qoʻshma ilmiy tadqiqotlar olib borish, ilgʻor pedagogik tajriba almashish borasida uzluksiz xalqaro hamkorlikni amalga oshirish, oʻquv jarayoniga xorijiy mamlakatlar yetakchi oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlarining malakali mutaxassislarini jalb qilish.
- 2023/2024 oʻquv yilidan Akademiyada tergov faoliyati va huquqni muhofaza qilish faoliyatining boshqa sohalarida bakalavriat (3 yil) va magistratura (1 yil) boʻyicha oʻquv jarayoni tashkil etiladi.
-Bunda qabul kvotalari bakalavriat boʻyicha – 250 nafargacha talaba, magistratura boʻyicha – 50 nafargacha oliy yuridik maʼlumotli vakolatli davlat organlari xodimlarini tashkil etadi.
-Akademiyaga qabul qilishda abituriyentlarning muayyan toifalariga respublikaning boshqa OTMga kirish uchun qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan imtiyozlar tatbiq etilmaydi.
-Toshkent davlat yuridik universitetining Ixtisoslashtirilgan filiali tugatilib, uning shtat birliklari, oʻquv va moddiy-texnika bazasi Akademiyaga oʻtkaziladi.
- Akademiya Bosh prokuratura tashkiliy tuzilmasiga kiruvchi, yuridik shaxs maqomiga ega, ixtisoslashtirilgan oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasasi hisoblanadi.
Parkent tumani Adliya boʻlimi
Yuridik xizmat koʻrsatish markazi
Bosh yuristkonsulti M.M.Payziyev.