Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

29

KORRUPSIYAGA QARSHI KURASH – DAVLAT VA JAMIYAT YANGILANISHIDA MUHIM OMIL


KORRUPSIYAGA QARSHI KURASH – DAVLAT VA JAMIYAT YANGILANISHIDA MUHIM OMIL

             Korrupsiyaga qarshi kurashish Oʻzbekistonda davlat siyosatining eng ustuvor yoʻnalishiga aylanib ulgurdi. Buni soʻnggi yilllarda sohaga oid qabul qilingan konseptual ahamiyatga ega normativ-huquqiy hujjatlar, korrupsiyani oldini olishga qaratilgan maʼmuriy islohotlar misolida ham koʻrish mumkin. Jumladan, korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirishda Oʻzbekiston islohotlarining asosiy hujjati hisoblangan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan qabul qilingan 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasining ahamiyati katta hisoblanadi.

            Mamlakat taraqqiyotining eng muhim yoʻnalishlari belgilangan Harakatlar strategiyasining Qonun ustuvorligini taʼminlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilishning ustuvor yoʻnalishida bevosita korrupsiyaga qarshi kurashishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish va korrupsiyaga qarshi kurashish tadbirlarining samaradorligini oshirish muhim vazifalardan biri sifatida belgilangan.

           Eng avvalo, shuni taʼkidlash oʻtish joizki, korrupsiyaga qarshi kurashning sifat va son jihatdan mutlaqo yangi darajaga koʻtarilishi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi mahsulidir. Jumladan, davlat rahbarining jamiyatni “halollik vaksinasi bilan emlash” zaruriyati haqidagi fikrlari bu boradagi ishlarga qoʻyilgan tamal toshi desak, aslo mubolagʻa boʻlmaydi. Zero, Prezident 2020-yilning 24-yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga qilgan Murojaatnomasida taʼkidlaganidek, “Jamiyatimizda korrupsiya illati oʻzining turli koʻrinishlari bilan taraqqiyotimizga gʻov boʻlmoqda. Bu yovuz baloning oldini olmasak, haqiqiy ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaratib boʻlmaydi, umuman, jamiyatning birorta tarmogʻi rivojlanmaydi”.

            Ikkinchidan, sohada normativ-huquqiy bazani tizimli ravishda takomillashtirib borish choralari koʻrilmoqda. Fikrimizning isboti oʻlaroq, korrupsiyaga qarshi kurash borasidagi qonunning kuchga kirgani, shuningdek turli qonunosti hujjatlarining qabul qilinganini keltirish mumkin. Xususan, 2017-yil 3-yanvar kuni Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi qonunni imzoladi. Ushbu Qonunning maqsadi korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat boʻlib, unda “korrupsiya”, “korrupsiyaga oid huquqbuzarlik”, “manfaatlar toʻqnashuvi” kabi asosiy tushunchalarga izoh berish bilan bir qatorda, korrupsiyaga qarshi kurashishning asosiy prinsiplari ham qayd etilgan. Shuningdek, qonun bilan korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari, vakolatli organlar tizimi, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolarning mazkur sohadagi ishtiroki, korrupsiyaning

oldini olishga doir chora-tadbirlar, jazo muqarrarligini taʼminlash va bu borada xalqaro hamkorlikni taʼminlash kabi choralar mustahkamlab qoʻyildi.

               Uchinchidan, chora-tadbirlarning samarali amalga oshirilishi uchun maxsus davlat organi tashkil etilib, bu boradagi davdat siyosatining institutsional asoslari takomillashtirildi. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilindi. Farmonga muvofiq, korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatini, shuningdek korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning tizimli sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish hamda korrupsiyaga qarshi kurashish choralarining samaradorligini oshirishga qaratilgan davlat va boshqa dasturlarni shakllantirish va amalga oshirish maqsadida Korrupsiyaga qarshi kurash Agentligi tashkil etildi. Agentlik faoliyatining huquqiy asoslari, vazifa va funksiyalari, huquq va majburiyatlarini belgilashda xalqaro normalarni ilgari surgan holda xorijiy tajriba atroflicha oʻrganildi. Uning eng maqbul jihatlari Prezidentning mazkur farmonida toʻlaqonli aks ettirildi. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi korrupsiyaga qarshi kurashish Milliy kengashi va uning hududiy kengashlari tashkil etildi. Ushbu islohotlardan koʻzlangan asosiy maqsad, bu – korrupsiya illatlariga barham berishdan iborat.

            Toʻrtinchidan,  barcha davlat va jamoat tashkilotlarini, mamlakat miqyosida amalga oshiriladigan chora-tadbirlarni oʻz ichiga qamrab oluvchi davlat dasturlari qabul qilinmoqda. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 2-fevraldagi Qarori bilan 2017–2018-yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha birinchi Davlat dasturi qabul qilinib, uning ijrosi doirasida  aniq chora-tadbirlar amalga oshirildi. Bu islohotlarni davom ettirgan holda, 2019-yilning 27-may kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni bilan 2019–2020-yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha navbatdagi Davlat dasturi tasdiqlandi. Bu boradagi soʻnggi qadamlardan biri sifatida 2021-yili 6-iyul kuni “Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda boʻlish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni bilan tasdiqlangan Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha 2021–2022-yillarga moʻljallangan Davlat dasturini keltirish mumkin. Unda 44 ta chora-tadbir koʻrsatib oʻtilgan boʻlib, ijro muddatlari, masʼul ijrochilar, ijro mexanizmi aniq belgilab qoʻyilgan.

                Beshinchidan, mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurash boʻyicha chora-tadbirlarning asosida davlat organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash ustuvor vazifa sifatida belgilanmoqda.

Jumladan, 2021-yil 16-iyunda qabul qilingan “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini taʼminlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga koʻra, barcha davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shu jumladan, Hisob palatasi, Markaziy bank, sud va prokuratura organlari hamda ularning tarkibiy va hududiy boʻlinmalari, shuningdek, ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan xoʻjalik jamiyatlari hamda davlat unitar korxonalari tomonidan Ochiq maʼlumotlar sifatida joylashtirilishi kerak boʻlgan ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlar roʻyxatini tasdiqlashlari lozimligini joriy etildi. Bundan tashqari, byudjet xarajatlarini tartibga solish boʻyicha jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, byudjet qonunchiligining buzilishi faktlari toʻgʻrisida xabardor qilish va byudjet jarayonini takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritish tartib-taomilini tashkil etish boʻyicha “Openbudget” – “Ochiq byudjet” portali ishga tushirildi.

            Oltinchidan, korrupsiyaga qarshi kurashning yana bir muhim jihati – davlat organlarini optimizatsiya qilish, ularning ixchamligini oshirish tizimli ravishda, bosqichma-bosqich amalga oshirib kelinmoqda. Jumladan, 2021-yil 3-aprel kuni Prezident davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining shtat birliklari sonini qisqartirish toʻgʻrisidagi qarorni imzoladi. Qarorga muvofiq, davlat organlari xodimlarining soni 15 foizgacha maqbullashtirildi. Natijada, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari hamda ularning idoraviy va hududiy boʻlinmalarida jami 5288 ta shtat qisqartirildi. Shuningdek, vazirlik va idoralarning 40 nafar rahbar oʻrinbosarlari lavozimlari ham qisqartirildi.

              Yettinchidan, korrupsiya holatlarining oldini olish va ularni bartaraf etishning eng muhim jihatlaridan biri – davlat boshqaruvi tizimida “inson omili”ni kamaytirish uchun davlat va jamiyat boshqaruviga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish yoʻlga qoʻyildi. Maʼmuriy va byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish, roʻyxatga olish, litsenziyalash va ruxsat berishga doir tartib-taomillarni soddalashtirish hamda ularning tezkorligini oshirish maqsadida barcha hududlarda jami 201 ta davlat xizmatlari markazlari tashkil etildi. Ushbu markazlar tomonidan 2017-yilda 37 turdagi davlat xizmatlari koʻrsatilgan boʻlsa, 2018-yilda ularning soni 106 taga, 2019-yilda ularning soni 133 taga yetdi. 2020-yildan esa markazlar orqali 148 turdagi shaffof, qulay va tezkor davlat xizmatlari koʻrsatilmoqda.

               Sakkizinchidan, korrupsiyaga qarshi kurash xalqaro tajriba va huquqning tegishli normalarini mamlakat qonunchiligi va amaliyotiga implementatsiya qilish bilan birgalikda olib borilmoqda. Jumladan, Korrupsiyaga qarshi kurash Agentligining tashkil etilish ham Oʻzbekiston ratifikatsiya qilgan

BMTning Korrupsiyaga qarshi kurash toʻgʻrisidagi Konvensiyasining tegishli moddalari, shuningdek xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash amaliyotidagi “Jakarta prinsiplari”ning mamlakatdagi implementatsiyasiga misol boʻla oladi.

               Toʻqqizinchidan, korrupsiyaga qarshi murosasiz muhitni yaratish jamoatchilikning keng ishtirokida amalga oshirilmoqda. Xususan, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqish tizimi tubdan takomillashtirilib, Prezidentning Xalq va Virtual qabulxonalari, “Ishonch telefoni” hamda har bir vazirlik va davlat idoralarining “ishonch telefonlari”, “virtual qabulxonalari” tashkil qilinib, fuqarolarning huquq va erkinliklarini taʼminlash maqsadida barcha darajadagi davlat rahbarlarining “sayyor qabullar”ni oʻtkazish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi.

               Oʻninchidan, korrupsiyaga qarshi kurashda davlat organlari va xoʻjalik yuritish subyektlarida “komplayens-nazorat” tizimining keng joriy etishili amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2019–2020-yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat dasturida ustav jamgʻarmasida davlat ulushi boʻlgan tashkilotlarda korrupsiyaga qarshi kurashish “komplayens-nazorat” tizimini joriy etish, samaradorligini monitoring qilish hamda korrupsiyaga qarshi kurashish tegishli korrupsion standart (ISO 37001)ga muvofiq sertifikatlashtirish tartibini oʻrnatish boʻyicha tegishli vazifalar ilgari surildi. Ushbu belgilangan vazifalardan kelib chiqib, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi 26 ta vazirlik va idoralarda yashirin iktisodiyot ulushini qisqartirish hamda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat “komplayens-nazorat” tizimini joriy etish ishlari amalga oshirilmoqda.

Albatta, amalga oshirilayotgan ishlar koʻlami maqtovga loyiq, biroq, hali oʻz yechimini kutayotgan masalalar ham yoʻq emas. Korrupsiyaga qarshi kurash Agentligining maʼlumotlariga koʻra, 2021-yilning 6 oyi mobaynida 2544 nafar mansabdor shaxsga nisbatan korrupsiya holatlari bilan bogʻliq boʻlgan 1676 ta jinoyat ishlari tergov qilinib, sudlarga yuborilgan.  Sud yakunlari boʻyicha korrupsiyaga oid jinoyat ishlari boʻyicha 592,5 mlrd. soʻm moddiy zarar yetkazilgani aniqlanib, shundan 170,8 mlrd. soʻmi (28 foizi) undirilib, 421,7 mlrd. soʻmi Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi tomonidan undirilishi belgilangan.

Oʻz navbatida, 2021-yil yanvar oyida eʼlon qilingan “Transparency International” xalqaro nohukumat tashkiloti tomonidan 2020-yil boʻyicha “Korrupsiyani qabul qilish indeksi” reytingida Oʻzbekiston 180 ta davlat orasida 26 ball bilan 146-oʻrinni egallab, 7 pogʻonaga koʻtarildi. 2019-yilda Oʻzbekistan 25 ball bilan 153-oʻrinni egallagan boʻlsa, 2018-yilda bu koʻrsatkich 23 ball bilan 158-oʻrinni tashkil etdi. Oʻzbekiston ikki yil ichida 12 pogʻonaga  yuqorilab, Markaziy Osiyo mintaqasida korrupsiyaga qarshi kurashishda sezilarli ijobiy koʻrsatkichni namoyish etdi. Bu esa, oʻz navbatida, mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurash sohasida olib borilayotgan islohotlar samarali natijalar berayotganiga dalolatdir.