Янгиликлар
Xodimga nisbatan intizomiy jazo qo’llash tartibi.
Xodimga nisbatan intizomiy jazo qo’llash tartibi.
Ish beruvchi va xodim o’rtasidagi mehnat munosabatlari asosan taraflar o’rtasida tuziladigan mehnat shartnomasi, shu korxonaning lokal hujjatlari-Ichki mehnat tartib qoidalari, jamoa shartnomalari bilan tartibga solinadi.
Xodim tomonidan mehnat intizomiga rioya qilinmaganda unga nisbatan Ish beruvchi tomonidan intizomiy jazo qo’llaniladi. Shuni ta’kidlash kerakki, intizomiy jazo belgilashda O’zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining
181-moddasida belgilangan jazo choralari qo’llanilishi lozim. Ish beruvchi xodimga nisbatan intizomiy jazo qo’llashda avvalo, sodir etilgan nojo’ya hatti-harakatning qay darajada og’ir ekanligiga to’g’ri baho berishi shart. Shu bois, ish beruvchi tomonidan intizomiy jazo qo‘llanilishidan avval xodimdan yozma ravishda tushuntirish xati talab qilinishi lozim. Xodimning tushuntirish xati berishdan bosh tortishi uning ilgari sodir qilgan nojo‘ya xatti-harakati uchun jazo qo‘llashga to‘siq bo‘la olmaydi. (O’zR MK 182-moddasi).
Aksariyat hollarda, Yuridik xizmat ko’rsatish markaziga yuborilayotgan buyruq loyihalari va unga ilova qilingan hujjatlarda xodimga nisbatan qo’llanilgan intizomiy jazolar u sodir etgan holatlarga mutanosib emasligi aniqlanmoqda. Ko’pincha ish beruvchi xodimga nisbatan birinchi marta “Hayfsan” intizomiy jazosini qo’llagan bo’lsa, xodim tomonidan ikkinchi marta nojo’ya harakat sodir etilganda , garchi u holat og’irlilik darajasi yuqori bo’lmasada, ish beruvchi unga nisbatan “Hayfsan intizomiy jazosi qo’llaganini e’tiborga olib, “jarima” intizomiy jazosini qo’llaydi. Bu no’to’g’ri holat mehnat munosabatlariga o’zining salbiy ta’sirini ko’rsatadi.
O’zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 181- belgilanganidek, har bir nojo‘ya xatti-harakat uchun faqat bitta intizomiy jazo qo‘llanishi mumkin.
Intizomiy jazo bevosita nojo‘ya xatti-harakat aniqlangandan keyin, ammo bu xatti-harakat aniqlangandan boshlab, xodimning kasal yoki ta’tilda bo‘lgan vaqtini hisobga olmasdan, uzog‘i bilan bir oy ichida qo‘llaniladi.
Nojo‘ya xatti-harakat sodir etilgan kundan boshlab olti oy o‘tganidan, moliya-xo‘jalik faoliyatini taftish etish yoki tekshirish natijasida aniqlanganda esa, — sodir etilgan kundan boshlab ikki yil o‘tganidan keyin jazoni qo‘llab bo‘lmaydi. Jinoiy ish bo‘yicha ish yuritilgan davr bu muddatga kirmaydi.
Intizomiy jazo berilgani to‘g‘risidagi buyruq (farmoyish) yoki qaror xodimga ma’lum qilinib, tilxat olinadi.
Amaliyotda tashkilotlar tomonidan sodir etilgan holat yuzasidan hujjatlar to’g’ri rasmiylashtirilmagan holda shoshma-shosharlikka yo’l qo’yib, noto’g’ri ravishda intizomiy jazo qo’llash holatlari uchramoqda. Jumladan, xodimning holat bo’yicha tushuntirish xatini olmasdan yoki uning tushuntirish xatida uning aybi mavjud emasligini asoslantiruvchi vajlar ko’rsatilgan bo’lishiga qaramay, unga nisbatan ish beruvchi tomonidan intizomiy jazo qo’llash bo’yicha buyruq chiqarilgan. Shu bois, YUXKM tomonidan buyruq loyihasiga albatta holat bo’yicha yozilgan ma’sul shaxsning bildirgisi, tuzilgan dalolatnoma, xodimning yozgan tushuntirish xati yoki tushuntirish xati yozishdan bosh tortganligi bo’yicha tuzilgan dalolatnomani ilova qilish talab qilinadi.
Shuni ta’kidlash lozimki, sodir etilgan holat bevosita xodimning o’z mehnat faoliyatiga tegishli bo’lishiga e’tibor qaratilishi shart. Deylik, xodim yo’l harakati qoidasiga rioya qilmasligi oqibatida unga nisbatan ma’muriy jazo qollanilganligi bo’yicha xabar uning ish joyiga YPX tomonidan yuborilsa, ish beruvchi shu vajdan unga nisbatan qo’shimcha ravishda intizomiy jazo qo’llashi mumkin emas.
Ba’zi hollarda ish beruvchi xodimga intizomiy jazoni qo’llash jarayonida O’zR MK ning 181-moddasidagi ketma-ketlik asosida, ya’ni avval “Hayfsan”,
u qo’llanilganidan so’ng “jarima” intizomiy jazosini qo’llaydi. Bu noto’g’ri. Chunki xodimning sodir etgan hatti -harakatiga nisbatan uning qay darajada og’rligiga qarab intizomiy jazo qo’llash maqsadga muvofiqdir. Masalan, qorovulning ish vaqtida uxlab qo’lishi yoki o’z ish joyini sababsiz va ogohlantirmasdan tark etishi holatida Ish beruvchi unga nisbatan MK ning 181-moddasi 3- bandi, ya’ni
mazkur kodeksning 100-moddasi 2-qismi 4-bandini qo’llagan holda mehnat shartnomasini bekor qilishi mumkin.
Xulosa qilib aytganda, ish beruvchi tomonidan xodimga nisbatan qo’llanilgan har bir intizomiy jazo adolatli va qonunga mos bo’lishi, bunda xodimning ham huquqlari buzilmasligi lozim.
Olmaliq shahar YUXKM
bosh yuriskonsulti Matluba Ashurova