Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

29

Yangilanayotgan Konstitutsiyada davlat ijtimoiy himoyasi, pensiya, nafaqa, ish haqi tizimining mustahkamlanishi


Yangilanayotgan Konstitutsiyada davlat ijtimoiy himoyasi, pensiya, nafaqa, ish haqi tizimining mustahkamlanishi

Bundan sal kam bir yil oldin Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini mamlakat Konstitutsiyasi qabul qilinganining 29 yilligi bilan tabriklash tantanalarida O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasini yangi tahrirda qabul qilish taklifini ilgari surgan edi. Joriy yilning 25 iyun kuni “Bu mening Konstitutsiyam” portalida konstitutsiyani o‘zgartirishga oid qonun loyihasi umumxalq muhokamasi uchun o‘zbek va rus tillarida e’lon qilindi. Loyiha Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi tomonidan birinchi o‘qishda bir ovozdan qabul qilingan edi. Konstitutsiyani isloh qilish bo‘yicha 46 kishidan iborat konstitutsiyaviy komissiya bir oy ichida hujjat loyihasini ishlab chiqdi. Portal orqali fuqarolar va tashkilotlardan 60 mingdan ortiq takliflar qabul qilib olindi.

Yangilanayotgan Konstitutsiyada davlat ijtimoiy himoyasi, pensiya, nafaqa, ish haqi tizimining mustahkamlanishi nazarda tutilgan. Jumladan, yangilanilayotgan Konstitutsiyada ijtimoiy himoyaga oid moddalari quyidagi tarzda ifodalanishi belgilanmoqda.

37-modda. Har kim munosib mehnat qilish, erkin kasb tanlash, xavfsizlik va gigiyena talablariga javob beradigan qulay mehnat sharoitlarida ishlash, mehnati uchun hech qanday kamsitilishlarsiz va belgilangan mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdoridan kam boʻlmagan tarzda adolatli haq olish, shuningdek ishsizlikdan qonunda belgilangan tartibda himoyalanish huquqiga ega.

Mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori insonning oʻzi va oilasi yashashi uchun yetarli boʻlishi kerak.

Homiladorligi yoki bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ishdan boʻshatish va ularning ish haqini kamaytirish taqiqlanadi.

Har bir ishlovchi ayol homilador boʻlgan taqdirda va tugʻish davrida haq toʻlanadigan taʼtilga hamda yangi tugʻilgan chaqaloqni parvarish qilish uchun taʼtilga yoki bolani farzandlikka olish uchun taʼtilga chiqish huquqiga ega.

Jazoni sudning hukmiga koʻra oʻtash tartibidan boshqacha tartibdagi majburiy mehnat yoki qonunda nazarda tutilgan boshqa hollardagi majburiy mehnat taqiqlanadi.

Majburiy mehnatdan va bolalar mehnatining eng yomon shakllaridan foydalanish taqiqlanadi hamda bu qonunga koʻra javobgarlikka sabab boʻladi.  

38-modda. Har bir shaxs dam olish huquqiga ega.

Yollanib ishlayotgan fuqarolar dam olish huquqiga, dam olish va bayram kunlari, haq toʻlanadigan har yilgi taʼtilga chiqish huquqiga ega.

39-modda. Har bir shaxs qariganda, mehnat layoqatini yoʻqotganda, ishsizlikda, nogironlikda, shuningdek boquvchisidan mahrum boʻlganda va qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda ijtimoiy taʼminot olish huquqiga ega.

Davlat ijtimoiy xizmatlar tizimini rivojlantirish uchun zarur sharoitlar yaratadi, davlat pensiyalarini, nafaqalarini va ijtimoiy yordamning boshqa turlarini belgilaydi.

Pensiyalarning, nafaqalarning, ijtimoiy yordam boshqa turlarining miqdori rasman belgilab qoʻyilgan eng kam isteʼmol xarajatlaridan oz boʻlishi mumkin emas.

Davlat ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand va kam taʼminlangan, uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj boʻlgan fuqarolarni qonunda belgilangan tartibda uy-joy bilan taʼminlaydi.

Davlat nogironligi boʻlgan shaxslarning huquq va manfaatlarini amalga oshirish uchun zarur teng sharoitlarni yaratadi.

Nogironligi boʻlgan shaxslarga nisbatan har qanday ajratib qoʻyish, hisobga olmaslik, chetlatish, cheklash yoki ortiqcha yon bosish, shuningdek nogironligi boʻlgan shaxslarning obyektlar va xizmatlardan foydalanishi uchun shart-sharoitlar yaratishdan boʻyin tovlash taqiqlanadi.

40-modda. Har kim sogʻligʻining muhofaza qilinishi va malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega.

Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari tibbiy yordamning qonunda belgilangan hamda tez va shoshilinch tibbiy yordamni ham oʻz ichiga oladigan kafolatlangan hajmini bepul olishga haqli.

Davlat sogʻliqni saqlashning davlat, xususiy va boshqa tizimlarini rivojlantirish, sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni taʼminlash, tibbiy sugʻurtaning turli shakllarini rivojlantirish uchun shartsharoitlar yaratish boʻyicha zarur choralar koʻradi.

Davlat barqaror rivojlanish prinsipiga muvofiq atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va himoya qilish, ekologik muvozanatni saqlash boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi.

Davlat Orolboʻyi mintaqasining ekologik tizimini himoya qilish va tiklash, uni ijtimoiy, iqtisodiy jihatdan barqaror rivojlantirish boʻyicha zarur choralar koʻradi.

Xulosa qiladigan bo’lsak, yangilanayotgan Konstitutsiyada davlat ijtimoiy himoyasi, pensiya, nafaqa, ish haqi tizimining kafolatlari yanada kengaytirilmoqda.

 

 

Olmaliq shahar adliya bo’limi boshlig’i                            A.Umarov