Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

29

Investorlar uchun qonunchilikda qanday huquqiy kafolatlar belgilangan?


Investorlar uchun qonunchilikda qanday huquqiy kafolatlar belgilangan?

Bugungi kunda xalqaro iqtisodiy munosabatlarda davlatlar tomonidan xorijiy investitsiyalarni jalb qilishning turli mexanizmlari mavjud bo’lib, ular ichida xorijiy investorlarga investitsiya vositalarining xavfsizligini ta’minlovchi huquqiy kafolatlarni tadim etish bu boradagi eng samarali vositalardan biri hisoblanadi. Investorlarning huquq va manfaatlarini ifodalovchi huquqiy kafolatlar xalqaro shartnomalar hamda davlatning milliy qonunchiligida o’z aksini topadi.

O’zbekiston ham xorijiy investitsiyalarni jalb qilishning milliy iqtisodiyot uchun manfaatli ekanini ta’kidlagan holda, ularning salmog’ini oshirish, jamiyat uchun foydali bo’lgan xorijiy kapital qo’yilmalari oqimini kuchaytirish yo’lida shunga mos investitsiyaviy siyosat konsepsiyasini shakllantirdi. Bunda eng avvalo, xorijiy investorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlovchi, shuningdek, investitsiya vositalarining xavsizligi hamda erkin harakatini kafolatlovchi huquqiy asos ishlab chiqildi. Xususan, O’zbekiston Respublikasining 2019-yil 25-dekabrda qabul qilingan “Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to’g’risida”gi qonunida investorlarga berilgan huquqiy kafolatlar belgilab qo’yilgan. Jumladan, mazkur Qonunning 15-moddasida davlat tomonidan investitsiya faoliyati subyektlarining huquqlari kafolatlanishi, davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari investitsiya subyektlarining qonunchilikka muvofiq amalga oshirilayotgan faoliyatiga aralashishga haqli emasliklari belgilangan. Shuningdek, investorlarning mablag’lardan erkin foydalanish borasida ham qonunchilikda belgilangan kafolatlari mavjud bo’lib, unga ko’ra investitsiya faoliyati subyektining investitsiya faoliyati natijasida olingan daromadlari soliqlar va to‘lovlar to‘langanidan keyin uning xohishiga ko‘ra reinvestitsiya qilinishi yoki ulardan boshqa har qanday usulda foydalanilishi mumkin. Qayd etish joizki, mazkur kafolat avvalo, mulkdorlarning mulk huquqlarini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega. Boisi mulkdorning o’z mablag’larini erkin va turli cheklovlarsiz tasarruf etishi mulk huquqi kafolatlangan har qanday fuqarolik jamiyatining asosiy belgisi sanaladi.

Qonunchilikdagi yana bir kafolatlarda biri bu investitsiya faoliyatining tugatilishi munosabati bilan chet el investitsiyalarini qaytartishdir. Ya’ni, chet ellik investor O’zbeksiton Respublikasida o’z faoliyatini tugatishga haqli bo’lib, faoliyatini tugatish natijasida olingan o‘z aktivlarini naqd pul yoki natural shaklda chet ellik investorning O‘zbekiston Respublikasiga yoxud boshqa kreditorlarga nisbatan majburiyatlarini bajarish uchun zarar yetkazmagan holda erkin repatriatsiya qilish huquqiga ega. Bundan tashqari, Qonunga ko’ra agar O‘zbekiston Respublikasining keyingi qonunchilik investitsiya qilish shart-sharoitlarini yomonlashtirsa, investitsiya qilish sanasida amalda bo‘lgan qonun hujjatlari chet el investorlariga nisbatan investitsiya qilish paytidan e’tiboran o‘n yil mobaynida qo‘llaniladi. Bunda investor o‘zining investitsiya qilish shart-sharoitlarini yaxshilaydigan yangi qonunchilik qoidalarini o‘z xohishiga ko‘ra qo‘llash huquqiga egadir.

Qayd etish joizki, mamlakatimizda xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay shartlar asosidagi rejim investitsiya risklarini bir necha barobarga kamaytirishga, buning natijasida O’zbekistonga ularni jalb qilishni tezlashuviga imkon bermoqda. Xorijiy investorlar huquqlarini kafolatlovchi bunday normalar bevosita xalqaro huquq amaliyotidan kelib chiqqan holda investor uchun eng qulay shartlarni hamda kafolatlarni nazarda tutuvchi prinsip va qoidalar asosida ishlab chiqilgan bo’lib, investorlar huquqlarini samarali himoya qilishda muhim rol o’ynamoqda.

 

Nurafshon shahar adliya bo’limi boshlig’i I.Xatamov