Янгиликлар
Mamlakatimizda fuqarolar va tadbirkorlarga davlat xizmatlari koʻrsatish tizimi bosqichma-bosqich isloh qilinib, qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini yaratish, ortiqcha byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish hamda davlat xizmatlari koʻrsatish s
Mamlakatimizda fuqarolar va tadbirkorlarga davlat xizmatlari koʻrsatish tizimi bosqichma-bosqich isloh qilinib, qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini yaratish, ortiqcha byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish hamda davlat xizmatlari koʻrsatish sifatini tubdan yaxshilash borasida tizimli chora-tadbirlar faol amalga oshirilmoqda. Xususan, sohada olib borilayotgan islohotlar natijasida 70 dan ziyod davlat xizmatlari soddalashtirildi, davlat xizmatlari markazlari tomonidan qamrab olingan xizmatlarni koʻrsatish muddati va talab etiladigan hujjatlar soni oʻrtacha ikki barobarga qisqartirildi. Shu bilan birga, davlat xizmatlari markazlari tomonidan xizmatlarning qamrab olish darajasi pastligi, davlat xizmatlarini koʻrsatish muddatlarining uzunligi, ular boʻyicha toʻlovlarning yuqoriligi, aksariyat davlat organlarining zarur maʻlumotlari toʻliq raqamlashtirilmaganligi ushbu yoʻnalishda oldimizda turgan vazifalarning dolzarbligidan dalolat beradi.
Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha ishlarni jadallashtirish, davlat xizmatlari sifatli koʻrsatilishini taʻminlash, turli toifadagi davlat xizmatlari koʻrsatish tizimini raqamlashtirish jarayonlarini uygʻunlashtirish maqsadida, Oʻzbekison Respublikasi Prezidentining 2021-yil 24-iyuldagi “DAVLAT XIZMATLARI KOʻRSATISH INFRATUZILMASINI TAKOMILLASHTIRISH VA AHOLINING DAVLAT XIZMATLARIDAN FOYDALANISH IMKONIYATLARINI KENGAYTIRISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA”gi farmoniga asosan,
2022-yil 1-yanvardan boshlab davlat organlari tomonidan aholidan, shu jumladan tadbirkorlik
subʻektlaridan quyidagi maʻlumotlarni va hujjatlarni talab qilish bekor qilindi:
tadbirkorlik subʻekti davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma maʻlumotlarini;
litsenziya, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar va xabarnomalar qabul qilinganligi toʻgʻrisida tasdiqnoma mavjudligi boʻyicha maʻlumotlarni;
davlat boji, yigʻimlar va boshqa toʻlovlar toʻlanganligi toʻgʻrisida maʻlumotlarni;
qimmatli qogʻozlar, qimmatli qogʻozlar bilan amalga oshirilgan operatsiyalar, dividendlar olinganligi toʻgʻrisidagi maʻlumotlarni;
kam taʻminlangan oila yoki oila aʻzosi sifatida roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisida maʻlumotlarni;
jismoniy shaxslar tomonidan toʻlangan va olingan alimentlar toʻgʻrisida maʻlumotlarni;
oliy maʻlumot toʻgʻrisidagi diplom maʻlumotlarini;
jismoniy shaxs oʻrta maxsus, kasb-hunar taʻlimi muassasasini tugatganligi haqida maʻlumotlarni;
jismoniy shaxs umumiy oʻrta taʻlim (11-sinf negizida) muassasasini tugatganligi haqida maʻlumotlarni;
fuqaro “Yoshlar daftari” yoki “Ayollar daftari”da mavjudligi toʻgʻrisida maʻlumotlarni;
oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar toʻgʻrisida maʻlumotlarni;
oliy taʻlim muassasalariga oʻqishga kirish uchun imtiyozga ega boʻlgan abituriyentlarning imtiyoz huquqini tasdiqlovchi hujjat toʻgʻrisida maʻlumotlarni;
moliyaviy hisobotlar nusxalarini;
jismoniy shaxslarning oxirgi 12 oydagi ish haqini tasdiqlovchi maʻlumotnomalarni;
ijtimoiy nafaqa va pensiyalar toʻlanganligi toʻgʻrisidagi maʻlumotnomalarni.
Bunda, davlat organlari va tashkilotlari jismoniy shaxslarga davlat xizmatlarini koʻrsatishda, ishga qabul qilish jarayonida va boshqa maʻmuriy tartib-taomillarni amalga oshirishda yuqoridagi hujjat va maʻlumotlarni belgilangan masʻul davlat organlari va tashkilotlaridan mustaqil ravishda “Elektron hukumat” idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali soʻrab oladi.
Angren shahar Davlat xizmatlari markazi yetakchi mutaxassisi B.Xolmatova