Янгиликлар
Endi avtomobil tarixi maʻlumotiga ega boʻlish imkoni bor.
Endi avtomobil tarixi maʻlumotiga ega boʻlish imkoni bor.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 09-marda ““Avtomobil tarixi” maʻlumotlarini taqdim etish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʻmuriy reglamentini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 106-son qarori tasdiqlandi. Unga koʻra 2022-yil 1-maydan Davlat xizmatlari markazlari, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portal (YIDXP) yoki veb-sayt va ularning ilovalari orqali “Avtomobil tarixi” maʻlumotlarini aniqlash boʻyicha davlat xizmati yoʻlga qoʻyildi.
Ushbu qarorning “Avtomobil tarixi” maʻlumotlarini taqdim etish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʻmuriy reglamentiga muvofiq jismoniy va yuridik shaxslarga “Avtomobil tarixi” maʻlumotlarini taqdim etish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatish tartibi belgilangan boʻlib, “Avtomobil tarixi” maʻlumotlari avtotransport vositasiga doir quyidagi axborotlarni oʻz ichiga oladi:
- avtotransport vositasining agregat maʻlumotlari (davlat raqami belgisi, davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan sana, rusumi (modeli), ishlab chiqarilgan yili, turi, kuzov (shassi) raqami, toʻla (yuksiz) vazni, dvigatel raqami va quvvati, yonilgʻi turi, rangi, oʻrindiqlar soni, alohida belgilari yoki oʻzgargan agregat maʻlumotlari (mavjud boʻlsa);
- bosib oʻtgan masofasi (mavjud boʻlsa);
- fuqarolik-huquqiy shartnoma (bitim)lar tuzilganligi toʻgʻrisidagi maʻlumotlar (ishonchnoma, ijara, hadya, meros, oldi-sotdi shartnomasi va boshqalar);
- yoʻl-transport hodisasi sodir etilganligi (mavjud boʻlsa);
- avtotransport vositasi ishtirokida sodir etilgan qoidabuzarliklar (mavjud boʻlsa);
- avtotransport vositasining garovda ekanligi haqidagi (mavjud boʻlsa);
- avtotransport vositasiga nisbatan taqiq mavjud yoki mavjud emasligi toʻgʻrisidagi;
- bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtgan sana toʻgʻrisidagi maʻlumot (agar bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtgan boʻlsa);
- avtotransport vositasiga yoʻlovchi tashish boʻyicha litsenziya varaqasi olinganligi (olinmaganligi) haqidagi maʻlumotlar.
“Avtomobil tarixi” maʻlumotlarini taqdim etish boʻyicha arizachi davlat xizmatidan foydalanish uchun Markazga oʻzi kelib murojaat etadi yoki davlat xizmatlaridan elektron tarzda foydalanish uchun YIDXPda roʻyxatdan oʻtadi.
Oʻzi kelib murojaat etganda, Markaz xodimi ariza beruvchi nomidan, YIDXP orqali murojaat etganda ariza beruvchi soʻrovnomani elektron ravishda mustaqil toʻldiradi.
Ariza beruvchi Markazga kelib murojaat etganda, uning soʻrovnomasi Markaz xodimi tomonidan toʻldirilib, ariza beruvchi tomonidan tasdiqlanganidan soʻng barcha hujjatlar real vaqt rejimida vakolatli organga elektron shaklda yuboriladi. YIDXP orqali murojaat qilinganda esa — soʻrovnoma avtomatik tarzda vakolatli organga yuboriladi.
Vakolatli organ soʻrovnoma tushgan vaqtdan boshlab real vaqt rejimida Reglamentga muvofiq QR-kod (matrik shtrixli kod) qoʻyilgan “Avtomobil tarixi” haqidagi maʻlumotnomani avtomatik ravishda rasmiylashtiradi hamda uni tegishli Markazga (oʻzi kelib murojaat etgan taqdirda) yoki ariza beruvchiga (elektron tarzda murojaat etgan taqdirda) YIDXP orqali elektron ravishda yuboradi.
Markaz xodimi “Avtomobil tarixi” haqidagi maʻlumotnoma tushganidan soʻng real vaqt rejimida uni ariza beruvchining elektron manziliga yuboradi va ariza beruvchini bu haqida axborot-kommunikatsiya tizimi orqali xabardor qiladi. Markaz xodimi ariza beruvchi oʻzi kelib murojaat qilgan taqdirda, ariza beruvchining soʻroviga koʻra “Avtomobil tarixi” haqidagi maʻlumotnomani elektron shaklda beradi.
Angren shahar Adliya boʻlimi
Davlat xizmatlari markazi yetakchi mutaxassisi
Abdraimov Muzaffar