Янгиликлар
Sud tomonidan ishni koʻrganlik uchun undiriladigan davlat bojlari miqdorlari kamaytirilmoqda
Sud tomonidan ishni koʻrganlik uchun undiriladigan davlat bojlari miqdorlari kamaytirilmoqda
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda aholiga, shu jumladan, tadbirkorlik subektlariga davlat xizmatlari koʻrsatishda, sudlarga murojaat qilishda yengilliklar hamda qulayliklar yaratish borasida tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Adliya vazirligi tomonidan ushbu islohotlarni davom ettirish maqsadida sudlarga murojaat qilinganda toʻlanadigan davlat bojlarining miqdorlarini kamaytirish boʻyicha qonun loyihasi ishlab chiqildi. Unda quyidagi masalalar nazarda tutilmoqda:
birinchidan, sud ish yuritishni taraflar kelishuv bitimi tuzganligi sababli tugatganda, toʻlangan davlat bojining 50 foizi qaytarilishi belgilanmoqda. Oldin davlat boji qaytarilmas edi;
ikkinchidan, fuqarolik ishlari boʻyicha sudga mulkiy tusdagi daʼvo arizalar bilan murojaat qilinganda jismoniy shaxslar daʼvo bahosining 1 foizi, yuridik shaxslar 2 foizi miqdorida davlat boji toʻlashi belgilanmoqda. Avval jismoniy va yuridik shaxslar bir xil miqdorda yaʼni, daʼvo bahosining 4 foizi miqdorida davlat boji toʻlar edi;
uchinchidan, iqtisodiy sudlarda mulkiy tusdagi daʼvo arizalaridan undiriladigan davlat bojlarining tabaqalashtirilgan miqdorlari belgilanmoqda. Bunda daʼvo bahosining 2 foizidan 0,5 foizigacha tabaqalashtirilgan miqdorlar belgilanmoqda. Oldin, daʼvo bahosining 2 foizi miqdorida davlat boji undirilar edi;
toʻrtinchidan, yuridik shaxslar hamda tadbirkorlik subektlari maʼmuriy sudlarga ariza berishida davlat boji stavkasi 2 baravarga kamaytirilmoqda;
beshinchidan, mulkiy tusdagi daʼvo arizalari sud tomonidan koʻrib chiqilganligi uchun undiriladigan davlat bojlarining yuqori miqdorining chegarasi belgilanmoqda. Avval, undiriladigan davlat bojlarining yuqori chegarasi belgilanmagan edi;
oltinchidan, soliq organlari qarori ustidan ariza (shikoyat) manfaatdor shaxsga oʻzining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi toʻgʻrisida maʼlum boʻlgan paytdan eʼtiboran uch yil ichida sudga berilishi mumkinligi belgilanmoqda. Oldin soliq organlari qarori ustidan ariza (shikoyat) uch oy ichida sudga berilishi mumkin boʻlgan.
Bo‘stonliq tuman adliya bo‘limi boshlig‘i Xusniddin Saypiyev