Янгиликлар
Bir murojjat izidan
Bir murojjat izidan
Qibray tumani adliya boʻlimi tomonidan 2022-yilning 11 oyi davomida fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari manfaatini koʻzlab kiritilgan taʼsir choralari natijasida sudlarga 180 dan ziyod daʼvo arizalari kiritilgan. Sudlarga kiritilgan daʼvo arizalarining 98 foizi qanoatlantirilgan. Adliya boʻlimlari tomonidan hal etilgan masalalar qatoriga asosan mehnat huquqlarining buzilishi, pensiyaga oid muammolar, sogʻliqni saqlash sohasidagi qonun normalariga amal qilinishi, yer-mulk sohasidagi muammolar va tadbirkorlik subʼyektlari faoliyatiga toʻsqinlik boʻlayotgan turli holatlar tashkil qiladi.
Qibray tuman adliya boʻlimida ham fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, joriy yilning 1 iyul kuni Qibray tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli koʻp tarmoqli markaziy poliklinikasida mudir oʻrinbosari lavozimida faoliyat yuritayotgan I.M. tuman adliya boʻlimiga Qibray tumani tibbiyot birlashmasi tomonidan mehnat huquqlari buzilayotganligidan norozi boʻlib murojat qildi.
Aniqlanishicha, Qibray tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli
koʻp tarmoqli markaziy poliklinikasi maʼsul xodimlari tomonidan I.M. bilan 2021-yil 6-sentyabrdan hozirgi kungacha mudir oʻrinbosari lavozimiga ishga qabul qilish toʻgʻrisida buyruq chiqarilgan. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining “Tibbiyot muassasalari rahbar xodimlarining mehnatiga haq toʻlashda sogʻliqni saqlash muassasalarini turlarga ajratish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2006-yil 14-yanvarda 1538-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan) qoʻshma qarorining 3 boʻlimi 8 bandiga asosan fuqaro I.M.ga oylik ish haqi 7 razryad bilan tarifikatsiya qilinganligi, Qibray tumani tibbiyot birlashmasi tarkibidagi Ambulatoriya-poliklinika muassasalari, sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa muassasalar yuqoridagi qoʻshma qarorining 1 ilovasiga asosan 3 tipga kirishi maʼlum boʻldi. Shuningdek, Koʻp tarmoqli markaziy poliklinikaning mudiri lavozimida ishlab kelgan fuqaro I.M.ga nisbatan 2021-yil davomida hamda 2022-yilning hozirgi kunga qadar Mehnat kodeksining 181-moddasida koʻrsatilgan intizomiy jazo choralari qoʻllanilmagan boʻlsada, 2021-yil davomida hamda
2022-yilning hozirgi kunga qadar 8 razryad bilan emas balki, 7 razryad bilan tarifikatsiya qilingan va fuqaro I.M.ning mehnatiga kam haq toʻlanganligi maʼlum boʻldi.
Qibray tumani tibbiyot birlashmasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 110, 154, 161-moddalari, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining “Tibbiyot muassasalari rahbar xodimlarining mehnatiga haq toʻlashda sogʻliqni saqlash muassasalarini turlarga ajratish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2006-yil 14-yanvarda 1538-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan) qoʻshma qarorining 3 boʻlimi
8 bandi talablari buzilganligi maʼlum boʻldi.
Ushbu Qibray tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli koʻp tarmoqli markaziy poliklinikasida mudir oʻrinbosari lavozimida faoliyat yuritayotgan Sh.S.ning arizasi oʻrganib chiqilib, Qibray tumani tibbiyot birlashmasiga qonun hujjatlarining buzilishi, ularning sabablari va bunga olib keluvchi shart-sharoitlarni bartaraf etish toʻgʻrisida taqdimnoma kiritildi. Ushbu taqdimnomaga asosan Qibray tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli koʻp tarmoqli markaziy poliklinikasida mudir oʻrinbosari lavozimida faoliyat yuritayotgan I.M.ning buzilgan mehnat huquqlari tiklandi. Fuqaro I.M.ga 2021-yil davomida hamda
2022-yilning hozirgi kunga qadar 8 razryad bilan toʻlanmagan 3.232.482 soʻm miqdordagi ish haqi mablagʻlari toʻlab berildi.
Zero, Adliya boʻlimlarini tashkil etishdan asosiy maqsad ham huquqni qoʻllash amaliyotini tizimli tahlil qilish va uning izchilligi va bir xilligini taʼminlash boʻyicha taʼsirchan choralarni ishlab chiqish, huquqiy normalarning oʻzboshimchalik bilan va notoʻgʻri talqin qilinishiga yoʻl qoʻymaslik yuzasidan joylarda davlat organlari va boshqa tashkilotlarga huquqiy maslahatlar berish, shuningdek fuqarolarning huquq va erkinliklari ularning haqiqiy ehtiyojlari bilan bogʻliq holda taʼminlanishiga erishishdan iborat edi. Bu esa hamyurtlarimizning viloyatlar markaziga yuzlab chaqirim yoʻl bosib oʻtirmay, ularning huquqiy muammolarini ortiqcha ovoragarchiliksiz hal etishga imkon berdi. Adliya boʻlimlarining tashkil qilinganligi fuqarolarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirish yoʻlida katta qadam boʻldi deb ayta olamiz. Shuningdek, oʻtgan davr mobaynida fuqarolarning kundalik hayotida uchraydigan huquqiy muammolarni tahlil qilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha qonunchilikka berilgan takliflar koʻplab byurakratik toʻsiqlarni oldini olganligni koʻrishimiz mumkin.
Bundan tashqari adliya boʻlimlari tomonidan aholining huquqiy ong va huquqiy madaniyatini oshirish borasida ham koʻplab targʻibotlar va boshqa amaliy tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xulosa qilib aytishimiz mumkinki, adliya boʻlimlari butun faoliyati davomida aholining huquqiy ong va huquqiy madaniyatini oshirish, fuqarolarning buzilgan huquq va qonuniy manfaatlari tiklash boʻyicha koʻplab ishlarni amalga oshirdi.
Qibray tumani adliya boʻlimi
yetakchi maslahatchisi
Abdusattorov Jaxongir Jalolovich