Янгиликлар
Amaliy seminarlar oʻtkazilmoqda
Amaliy seminarlar oʻtkazilmoqda
Bugun inson qadr qimmati, uning huquq va erkinliklariga hurmat munosabatini shakllantirishga, jamiyatda fuqarolarning huquqiy savodxonligi darajasini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 29-iyundagi qaroriga asosan. 2021-yil 1-oktabrdan boshlab respublikamizning barcha tuman shaharlarida Yuridik xizmat koʻrsatish markazlari tashkil etilib, 12 ta davlat idoralari va tashkilotlariga yuridik xizmat koʻrsatib kelinayotgan edi.
Prezidentimizning joriy yil 18-martdagi “Yuridik xizmat koʻrsatish markazlari faoliyatini yanada kengaytirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, 1-avgustdan boshlab bosqichma-bosqich yuridik xizmat koʻrsatish markazlari tomonidan respublikaning barcha tuman va shaharlarida yuridik xizmat bilan taʼminlanmagan mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash, qishloq xoʻjaligi, turizm va madaniy meros, sportni rivojlantirish, oila va xotin-qizlar boʻlimlari, davlat soliq inspeksiyasi, aholi bandligiga koʻmaklashish markazi, davlat umumiy oʻrta taʼlim maktablari, davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari, davlat koʻp tarmoqli markaziy va oilaviy poliklinikalarga yuridik xizmat koʻrsatilmoqda.
Endilikda davlat organlari va tashkilotlari faoliyati huquqiy jihatdan taʼminlanib, davlat tashkilotlariga sifatli va malakali yuridik yordam koʻrsatish yoʻlga qoʻyildi. Shuningdek, xodimlarning huquqiy savodxonligi va huquqiy madaniyatini oshirish, davlat tashkilotlarining mulkiy hamda boshqa huquqlari va qonuniy manfaatlari oʻz vaqtida, har tomonlama va samarali himoya qilinishini taʼminlash koʻzda tutilgan.
Qibray tumani Yuridik xizmat koʻrsatish markazi tomonidan oʻtgan toʻqqiz oy mobaynda 1 ming 500 dan ortiq boʻyruq, shartnoma loyihalari qonunchilikka zid boʻlganligi sababli qaytarildi. Ayni kunda quyi tizim tashkilot xodimlarining yangi qaror boʻyicha huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida markaz xodimlari tomonidan amaliy seminarlar oʻtkazilmoqda.
Sarvar Xolmuxamatov,
Qibray tuman adliya boʻlimi
Yuridik xizmat koʻrsatish
markazi boshligʻi