Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

30

Dehqon xoʻjaliklarni faoliyatini tashkil etishning oʻziga xos xususiyatlari va ayrim masalalari


Dehqon xoʻjaliklarni faoliyatini tashkil etishning oʻziga xos xususiyatlari va ayrim masalalari

 

Soʻnggi yillarda qishloq xoʻjaligini isloh qilish va sohaga bozor mexanizmlarini joriy etish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Bugungi kunda respublikamizda yetishtirilayotgan 80 turdan ortiq qishloq xoʻjaligi mahsulotlari dunyoning 66 ta mamlakatiga eksport qilinmoqda. Bunda, meva-sabzavotlar va dukkakli mahsulotlarning eksport hajmi 2016-yildan 2021-yilga qadar qariyb 2 barobarga oshgan.

Shu bilan birga, paxta va gʻalladan qisqartirilayotgan yer maydonlarida bogʻdorchilik, uzumchilik, poliz va sabzavotchilik, dukkakli va moyli ekinlarni yetishtirish sohasida eksportbop qishloq xoʻjaligi ekinlari ekishni koʻpaytirish, shuningdek, aholining keng qatlamlarini jalb qilish orqali ushbu yerlardan samarali foydalanish tizimini yaratish evaziga tarmoqda qoʻshimcha oʻsishga erishishda ilmiy asoslangan yondashuv va oʻrganishlarni inobatga olish taqozo etilmoqda.

Jumladan, hisob-kitoblarga koʻra 1 gektar maydonda yetishtirilgan paxta xomashyosiga nisbatan uzumdan 7 baravar, gilosdan 6 baravar, yongʻoqdan 5 baravar koʻp daromad olish hamda ushbu yerlarda oilaviy tadbirkorlik doirasida kichik intensiv bogʻdorchilik, uzumchilik, poliz, dukkakli, moyli ekinlar, kartoshka yetishtirish va sabzavotchilik loyihalarini qoʻllab-quvvatlash orqali “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”da roʻyxatda turgan ehtiyojmand oilalarning daromadli mehnat bilan bandligini taʼminlash boʻyicha katta imkoniyat mavjud.

Koʻrsatib oʻtilgan tarmoqlar, shu jumladan, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish, aholi bandligini ushbu sohada keng qoʻllab-quvvatlash mamlakat qishloq xoʻjalagining asosiy maqsadlaridan biri hisoblanadi.

Shu maqsadda, mamlakatimizda dehqon xoʻjaliklarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va ushbu sohani rivojlantirishga katta eʼtibor berilmoqda.

“Dehqon xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi Qonunga asosan dehqon xoʻjaligi meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish yoki ijara (ikkilamchi ijara) huquqi asosida dehqon xoʻjaligi boshligʻiga berilgan yer uchastkasida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirishni va realizatsiya qilishni dehqon xoʻjaligi aʼzolarining shaxsiy mehnati asosida amalga oshiruvchi xoʻjalikdir.

Dehqon xoʻjaligining faoliyati tadbirkorlik faoliyati jumlasiga kiradi va dehqon xoʻjaligi aʼzolarining istagiga koʻra yuridik shaxs tashkil etgan holda ham, yuridik shaxs tashkil etmasdan ham amalga oshirilishi mumkin.

Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar qanday qilib dehqon xoʻjaliklarini tashkil etishi va ularni roʻyxatdan oʻtkazishi mumkin, yaʼni dehqon xoʻjaligini tashkil etishda qonunchilik hujjatlarimizda qanday talablar mavjud?

“Dehqon xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq oʻn sakkiz yoshga toʻlgan, muomalaga layoqatli boʻlgan, oʻziga dehqon xoʻjaligini yuritish uchun yer uchastkasi meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish yoki ijara (ikkilamchi ijara) huquqi asosida berilgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi yoki Oʻzbekiston Respublikasi hududida doimiy yashovchi fuqaroligi boʻlmagan shaxs dehqon xoʻjaligi boshligʻi boʻlishi, uning xotini (eri), ota-onasi, farzandlari, shu jumladan farzandlikka olinganlar, bobosi, buvisi va nabiralari, mehnatga qobiliyatli yoshga toʻlgan boshqa qarindoshlari (farzandlari va nabiralarining eri (xotini), tugʻishgan hamda oʻgay aka-uka va opa-singillari, ularning eri (xotini)) dehqon xoʻjaligining aʼzolari boʻlishi mumkin.

Dehqon xoʻjaligini tashkil etish uchun dehqon xoʻjaligi boshligʻida yer uchastkasiga boʻlgan huquq yuzaga kelgan boʻlishi lozim.

Dehqon xoʻjaliklarini (yuridik shaxs tuzgan holda yoki yuridik shaxs tuzmagan holda) davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun fuqarolar Davlat xizmatlari markaziga oʻzi kelib murojaat qilishi yoki davlat xizmatidan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali elektron foydalanishlari mumkin. Yuridik shaxs tuzgan holda dehqon xoʻjaligini roʻyxatdan oʻtkazish uchun dehqon xoʻjaligini yuritish uchun yer uchastkasi berilganligini tasdiqlovchi hujjatni, tegishli taʼsis hujjatlari, dehqon xoʻjaligi manzili, taʼsischilari haqidagi maʼlumotlar taqdim etilsa, yuridik shaxs tuzmagan holda dehqon xoʻjaligini roʻyxatdan oʻtkazish uchun dehqon xoʻjaligini yuritish uchun yer uchastkasi berilganligini tasdiqlovchi hujjatni hamda dehqon xoʻjaligi boshligʻi haqidagi maʼlumolarni ariza beruvchilar taqdim etadi.

Maʼlumot uchun, dehqon xoʻjaligini yuritish uchun 0,06 gektardan
1 gektargacha boʻlgan oʻlchamda yer uchastkalari beriladi.

Dehqon xoʻjaliklarini roʻyxatdan oʻtkazish murojaat qilingan vaqtdan boshlab real vaqt rejimida, ammo oʻttiz daqiqadan oshmagan muddatda amalga oshiriladi. Dehqon xoʻjaliklarini roʻyxatdan oʻtkazilganligi uchun davlat boji undirilmaydi.

Hozirgi kunda mamlakatimizda jami 210 463 ta dehqon xoʻjaliklari faoliyat yuritayotgan boʻlsa, shulardan 93 414 ta xoʻjalik ayol tadbirkorlar tomonidan yuritilmoqda.

Birgina 2022-yilda 155 mingdan ortiq dehqon xoʻjaliklari davlat roʻyxatidan oʻtkazildi.

Shu oʻrinda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Dehqon xoʻjaliklari tashkil etishni qoʻllab-quvvatlash orqali aholi daromadlarini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2022-yil 10-sentyabrdagi PQ–373-son qarori sohada amalga oshirilayotgan islohotlarni yangi bosqichga koʻtardi desak ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz.

 

 

Qibray tuman Davlat xizmatlari markazi

direktori Zebinisa Hakimova