Янгиликлар
Mehnat qonunchiligida amalga oshirilgan islohotlar
Mehnat qonunchiligida amalga oshirilgan islohotlar
Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan berilgan rasmiy maʼlumotlarga koʻra, 2018 yilda dunyo boʻylab 20,9 million odam majburiy mehnatning qurboniga aylangan. Shundan, 18,7 million odam (yaʼni 90%) xususiy iqtisodiy sektorda majburiy mehnatga jalb qilingan. Majburiy mehnatga jalb qilinganlarning 11,4 millioni ayollar boʻlsa, 9,5 millionini erkaklar tashkil etgan.
Mamlakatamizda majburiy mehnatga barham berish maqsadida Xalqaro mehnat tashkilotining 1930-yilda qabul qilingan “Majburiy mehnat toʻgʻrisida”gi 29-sonli Konvensiyasining 2014-yilda tasdiqlangan qoʻshimcha bayonnomasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan 2019-yil 25-iyunda ratifikatsiya qilindi. Bayonnomaning 2-moddasida majburiy mehnatni bartaraf etish maqsadida aʼzo davlatlar tomonidan bajarilishi lozim boʻlgan eng muhim 2 ta chora-tadbir belgilangan boʻlib, bular:
• zaif hamda himoyaga muhtoj aholi qismini majburiy mehnat qurbonlariga aylanishini oldini olish maqsadida tushunchalar berish;
• ish beruvchilarni majburiy mehnat ishtirokchilari boʻlmasligini oldini olishdan iborat.
Xoʻsh, majburiy mehnat oʻzi nima?
Majburiy mehnat - ish beruvchi yoki fuqaro tomonidan biron-bir jazoni qoʻllash bilan tahdid qilish orqali, shuningdek, mehnat intizomini saqlash maqsadida fuqaroning ixtiyoriga hilof ravishda majburiy ravishda ish yoki xizmat bajartirish hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasining mehnat kodeksiga binoan Majburiy mehnat, yaʼni biron-bir jazoni qoʻllash bilan tahdid qilish orqali (shu jumladan mehnat intizomini saqlash vositasi tariqasida) ish bajarishga majburlash taqiqlanadi. Yaʼni hech kim shaxsni ishdan boʻshatib yuboraman, oyligingni kamaytiraman, lavozimingni tushiraman va hokazo tahdidlar bilan majburiy mehnatga jalb qilishga haqli emas.
Quyidagi ishlar majburiy mehnat hisoblanmaydi:
· harbiy yoki muqobil xizmat toʻgʻrisidagi qonunlar asosidagi ishlar;
· favqulodda holat yuz bergan sharoitlardagi ishlar;
· sudning qonuniy kuchga kirgan hukmiga binoan qoʻllanadigan ishlar;
· qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda bajarilishi lozim boʻlgan ishlar majburiy mehnat deb hisoblanmaydi.
Shuningdek, umumxalq hashari ham quyidagi tartibda oʻtkazilgan taqdirda majburiy mehnat hisoblanmaydi:
- faqat ixtiyoriy tarzda;
- Prezident yoki Vazirlar Mahkamasining tegishli hujjati boʻlganda;
- fuqaro ishlaydigan tashkilot hududida;
- mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik normalariga rioya qilgan holda.
Oʻzbekiston Respublikasida inson hayoti va faoliyatining barcha sohalarida majburiy mehnatning oldini olish va unga toʻliq barham berishga doir aniq hamda amaliy chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xalqaro mehnat tashkiloti (keyingi oʻrinlarda XMT deb ataladi) bilan faol hamkorlik qilinmoqda, ushbu tashkilotning 14 ta, jumladan, 8 ta asosiy konvensiyasi, shuningdek, bolalar mehnati va majburiy mehnatga qarshi kurashishga doir konvensiyasi ratifikasiya qilindi. Respublikada XMT Konvensiyalarini hayotga tatbiq etishga doir milliy harakatlar rejasi qabul qilindi, mazmuni va mohiyati XMT metodologiyasi boʻyicha milliy mehnat qonunchiligini va mehnat bozorini rivojlantirishga, bandlikni, ijtimoiy muhofazani va aholi bilan muloqotni taʼminlashga yoʻnaltirilgan Munosib mehnat boʻyicha mamlakat dasturi bajarilmoqda. Ushbu Tashkilot ekspertlarining bevosita ishtirokida qishloq xoʻjaligida bolalar mehnati va majburiy mehnatdan foydalanish monitoringi olib borilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining “Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga va xalqaro mehnat standartlariga muvofiq fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini taʼminlashga doir chora-tadbirlarni kuchaytirish toʻgʻrisida” 2017-yil 4-oktabrdagi
SQ-231-III-son qarori bilan bolalar mehnati va majburiy mehnatdan
biron-bir shaklda foydalanishning oldini olish va bunga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha ushbu yoʻnalishda kompleks tashkiliy-amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutilgan parlament nazorati instituti joriy etildi.
Koʻrilgan chora-tadbirlar bolalar mehnatiga toʻliq barham berish, shuningdek, majburiy mehnatning oldini olish va bunga yoʻl qoʻymaslik uchun yetarli normativ-huquqiy bazani shakllantirish imkonini berdi, bu jahon hamjamiyati, xususan, XMT, Jahon banki va Yevroparlament tomonidan yuqori baholandi.
Majburiy mehnatni oldini olish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 349-sonli qarori ham qabul qilingan boʻlib, ushbu qarorni qabul qilishdan asosiy maqsad Oʻzbekiston Respublikasida majburiy mehnatga jalb qilish holatlariga toʻliq barham berish hisoblanadi.
Ushbu say-harakatlar orqali majburiy mehnatni oldini olishda olib borilayotgan islohotlar oʻz samarasini berayotganligiga guvox boʻlmoqdamiz.
Ish beruvchi yoki biror mansabdor shaxsning fuqarolarni majburiy mehnatga jalb qilishi maʼmuriy va jinoiy javobgarlikka sabab boʻladi. Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 51-moddasiga muvofiq, eng kam ish haqining bir baravaridan uch baravarigacha, voyaga yetmagan shaxsga nisbatan sodir etilgan boʻlsa, eng kam ish haqining besh baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima belgilangan. Mansabdor shaxslarning majburiy mehnatga jalb qilishda, xuquqbuzarlikning ijtimoiy xavflilik darajasiga qarab Jinoyat kodeksining 205-, 206-moddalariga koʻra jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkinligi koʻrsatib oʻtilgan.
Shu oʻrinda aytish jozki, majburiy mehnatga jalb qilinayotgan shaxslar Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Mehnatni muhofaza qilish boʻyicha davlat huquq mehnat inspektorlariga va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishlari mumkin, zero, majburiy mehnatga qarshi kurashish har bir fuqaroning burchi hisoblanadi.
Toshkent viloyati Toshkent tumani
Adliya boʻlimi Yuridik xizmat koʻrsatish markazi
bosh yuriskonsulʼti Matkarimov Faridjon Umrbek oʻgʻli