Янгиликлар
Mavzu: “Soliq maʼmuriyatchiligini isloh qilish davrida biznes uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident farmoni mazmun-mohiyati.
Mavzu: “Soliq maʼmuriyatchiligini isloh qilish davrida biznes uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident farmoni mazmun-mohiyati.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev tomonidan 2022-yil 28-iyunda “Soliq maʼmuriyatchiligini isloh qilish davrida biznes uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-162-son Farmoni qabul qilindi.
Soliq qonunchiligi talablarini yengillashtirish hamda soliq maʼmuriyatchiligining yangi vositalarini samarali joriy etish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish orqali tadbirkorlik subyektlarining soliq yukini kamaytirish va biznes yuritishni soddalashtirish maqsadida farmon bilan 2022-yil 1-iyuldan boʻsh turgan binolar, foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari, yashash uchun moʻljallanmagan inshootlar, shuningdek, tugallanmagan qurilish obyektlariga yaʼni foydalanilmayotgan obyektlarga hamda ushbu obyektlar bilan band boʻlgan yer uchastkalariga nisbatan mol-mulk va yer soliqlarining oshirilgan stavkalarini qoʻllash, soliq imtiyozlari va preferensiyalarning amal qilishini toʻxtatish tartibi yaʼni taʼsirchan soliq mexanizmi bekor qilindi.
Tadbirkorlar tomonidan foydalanilmayotgan obyektlarga hamda yer uchastkalariga nisbatan mol-mulk va yer soliqlaridan oshirilgan stavkalar boʻyicha toʻlab kelingan soliq summalari oʻzida qoladigan boʻldi. Bu mablagʻlardan tadbirkorlar samarali foydalanishlariga sharoit yaratildi.
Biznes uchun qulay shart-sharoitlar yaratish uchun 2023-yil 1-martga qadar hisobvaraq-fakturalarda yoki nazorat-kassa texnikasi cheklarida olingan tovarlar va xizmatlar nomenklaturasiga hamda faoliyatning oʻziga xos xususiyatlariga va amalga oshiriladigan turlariga muvofiq boʻlmagan identifikatsiya kodlarini aks ettirganlik uchun moliyaviy jarima solinmaydigan boʻldi.
Xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan asosiy vositalar, nomoddiy aktivlar va tovar-moddiy resurslarni hisobga olish yaʼni sotib olish va qurish, ishga tushirish, qayta baholash, tasarruf etish hamda oʻz ustav fondini (ustav kapitalini) shakllantirish va kamaytirish bilan bogʻliq barcha operatsiyalarni soliq organlarining “Ye-aktiv” axborot tizimida aks ettirish ixtiyoriy ekanligi belgilandi.
2022-yil 1-iyuldan boshlab, majburiy ravishda qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchisi sifatida eʼtirof etiladigan tadbirkorlik subyektlariga qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha maxsus roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisida guvohnoma soliq xavfi darajasiga aniqlik kiritilmasdan turib avtomatik ravishda beriladigan boʻldi.
Shu bilan birga soliq organlari tomonidan tadbirkorlik subyektlarining faoliyati monitoring qilinib borilishida va monitoring davomida soliq xavfi holatlari aniqlanganda, qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha maxsus roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilishini toʻxtatib qoʻyilishiga asos boʻladi. Bunda soliq xavfining yuqori darajasiga ega soliq toʻlovchilarning qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha maxsus roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisida guvohnomaning amal qilishi, bu haqida soliq organlari tomonidan xabarnoma xoʻjalik yurituvchi subyektlarga besh ish kun oldin yuborilgandan soʻng mazkur muddatda kamchiliklar bartaraf etilmagan taqdirdagina toʻxtatib turiladi. Bu holatda amalga oshirilayotgan bitimlar (operatsiyalar) xarid qilinayotgan va realizatsiya qilinayotgan tovarlar xizmatlar nomenklaturasiga muvofiq kelmasligi yoki soliq toʻlovchi davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan manzilda mavjud boʻlmaganligi holatlar kirmasligi belgilandi.
Prezidentimiz tomonidan mamlakatimizda biznes uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida, Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi tadbirkorlik subyektlari, ilmiy doiralar va fuqarolik jamiyati institutlari vakillaridan iborat Jamoatchilik kengashi muhokamalarida koʻtarilgan masalalar asosida soliq maʼmuriyatchiligini yanada takomillashtirish boʻyicha Davlat soliq qoʻmitasiga hamda manfaatdor vazirlik va idoralarga har chorakda Vazirlar Mahkamasiga asosli takliflar kiritish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.
Farmon mazmunidan bilish mumkinki, mamlakatimizda soliq maʼmuriyatchiligini isloh qilish davrida biznes uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, bu davr talabi ekanligi yaqqol namoyon boʻladi.
Toshkent tumani adliya boʻlimi boshligʻi
Tadjibayev Shavkat Artikovich