Янгиликлар
Inson qadri ustuvor boʻlgan yangi Oʻzbekistonda xotin-qizlarning mehnat sohasidagi huquq va imtiyozlarini kafolatlash ustuvor vazifalardan biridir
Inson qadri ustuvor boʻlgan yangi Oʻzbekistonda xotin-qizlarning mehnat sohasidagi huquq va imtiyozlarini kafolatlash ustuvor vazifalardan biridir
Bugungi kunda xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularga soʻzsiz rioya etilishini taʼminlash, har tomonlama qoʻllab-quvvatlash orqali ularning jamiyatdagi oʻrnini yuksaltirish dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi. Jumladan, ushbu vazifani amalga oshirish maqsadida xotin-qizlarga turli sohalarda, xususan mehnat qonunchiligida ham qator huquq va imtiyozlar berib kelinmoqda.
Shu nuqtayi nazardan, muxtaram Prezidentimizning xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash tizimini yangi bosqichga koʻtarish va ayollarning jamiyatdagi oʻrnini yanada yuksaltirish va mustahkamlash, shuningdek, ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, oilaviy zoʻravonlikning oldini olish, gender tenglikni qaror toptirishga qaratilgan muhim chora-tadbirlar yuzasidan qilgan videoselektor yigʻilishlaridagi nutqlarida 2022-yil
1-sentyabrdan xususiy sektorda rasmiy ishlayotgan ayollarga homiladorlik nafaqasini davlat tomonidan kafolatli toʻlab beradigan tizim yaratilishini maʼlum qilganligi mamlakatimizdagi barcha xotin-qizlarning bu boradagi huquqlarining kafolatlanishini yanada mustahkamladi. Aytish joizki, shu kunga qadar ushbu huquqning amal qilish koʻlami Mehnat qonunchiligiga koʻra nisbatan chegaralangan va kengaytirilishi maqsadga muvofiq edi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Mutaxassisligi boʻyicha kamida besh yil mehnat stajiga ega boʻlgan xotin-qizlarni davlat oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish tartibini tasdiqlash haqida” 2022-yil 9-iyundagi 322-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomga koʻra mutaxassisligi boʻyicha kamida 5 yil mehnat staji mavjud, biroq oliy maʼlumotga ega boʻlmagan xotin-qizlar davlat OTMga alohida qabul parametrlari (jami 500 ta kvota) doirasida toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilinadi. Bunda oʻqishga qabul qilish Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi tavsiyanomasi asosida amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xotin-qizlarning Mehnat huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2019-yil 7-martdagi PQ-4235-sonli Qarori imzolangan boʻlib, unga koʻra quyidagilar belgilangan:
ayollar mehnatini muayyan soha yoki kasblarda qoʻllash boʻyicha taqiqlar bekor qilinishi;
tavsiyaviy xarakterdagi ayollar sogʻligʻiga salbiy taʼsir etishi mumkin boʻlgan soha yoki kasblar roʻyxati tasdiqlanishi;
bola parvarishlash taʻtilining kamida uch oyi ota tomonidan foydalanilgan taqdirda, ota yoki onadan biriga Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 234-moddasi tartibida qoʻshimcha bir oy nafaqa toʻlanadigan bola parvarishlash taʼtili berilishi;
ikki yoshga toʻlmagan farzandini tarbiyalovchi ota-onalarning biriga ularning ish paytidagi dam olish va ovqatlanish, bolani ovqatlantirish uchun beriladigan tanaffuslar hisobidan ish beruvchi bilan kelishgan holda kun davomida foydalaniladigan tanaffus vaqtini belgilash huquqi berilishi;
- ayollarning pensiya yoshiga toʻlganligi yoki qonun hujjatlariga muvofiq yoshga doir davlat pensiyasini olish huquqi vujudga kelganligi sababli ular bilan tuzilgan nomuayyan muddatli mehnat shartnomasini 60 yoshga toʻlgunga qadar yoki muddatli mehnat shartnomasini muddati tugagunga qadar ish beruvchining tashabbusiga koʻra bekor qilish taqiqlanishi;
erkak va ayollar huquqlari tengligining buzilishi bilan bogʻliq ishlarning sudlarda koʻrib chiqilishida ayollarga advokatlar tomonidan koʻrsatiladigan yuridik xizmat uchun haq ularning xohishiga koʻra davlat hisobidan qoplanishi.
Zero, yurtimizda xotin-qizlarga nisbatan yaratilgan huquq va imtiyozlar ularning jamiyatdagi mavqeyini yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan inson qadri ustuvor boʻlgan yangi Oʻzbekistonda xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash ustuvor vazifalardan biridir.
Toshkent tumani Yuridik xizmat
koʻrsatish markazi
bosh yuriskonsulti
Abdurashidova Zarina Turgʻun qizi