Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

30

Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisidagi qonun haqida.


Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisidagi qonun haqida.

 

Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tomonidan 2022-yil 8-avgustda “Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi qonun imzolandi. Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi qonuni prezident imzo qoʻyib tasdiqlagandan keyin oradan uch oy oʻtgach kuchga kirishi belgilangan. Demak, 2022-yil 9-noyabrda qonun kuchga kiradi.

“Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi qonunga muvofiq qonun kuchga kirgandan keyin, ishga qabul qilish tanlov asosida amalga oshiriladi. Qonunda tadbirkorlik qilish, xorijda hisobraqam ochish va manfaatlar toʻqnashuvini taqiqlash, daromadlar va mol-mulkni majburiy deklaratsiyalash nazarda tutilgan. Ushbu qonun ikki yil davomida “chuqur muhokamalar asosida” mahalliy va xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda ishlab chiqilgan.

“Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi qonun 10 ta bob 64 ta moddadan iborat boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining davlat fuqarolik xizmati lavozimlaridagi davlat organlari vakolatlari amalga oshirilishini taʼminlashga doir haq toʻlanadigan kasbiy faoliyatini tartibga solinishi tushunilib, qonunning amal qilishi davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining davlat reestriga kiritilgan lavozimlardagi davlat fuqarolik xizmatchilarining faoliyatiga nisbatan tatbiq etiladi.

“Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi qonun kimlarga va qaysi davlat organlariga tadbiq etilmaydi ?

Qonunning 3-moddasiga koʻra Prezident, Qonunchilik palatasi deputatlari, Senat aʼzolari, Qoraqalpogʻiston Joʻqorgʻi Kengesi hamda boshqa mahalliy davlat hokimiyat organlari deputatlari, yuqori va quyi palatalar devonlari xodimlari, Markaziy saylov komissiyasi aʼzolari, sudyalar va sud tizimi xodimlari, Markaziy bank boshqaruvi aʼzolari, prokuratura, ichki ishlar, mudofaa ishlari, favqulodda vaziyatlar, Milliy gvardiya, Davlat bojxona qoʻmitasi va DXX organlarida xizmat qilayotganlar, shu jumladan, harbiy xizmatchilar, qolaversa, davlat organlarining texnik, ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish xodimlarining faoliyatiga tatbiq etilmaydi.

Davlat fuqarolik xizmatchisining majburiyatlari nimalardan iborat ?

1.        Konstitutsiyaga va boshqa hujjatlarga rioya qilishga.

2.        Oʻz xizmat majburiyatlarini vijdonan bajarishi, davlat organi tomonidan belgilangan odob-ahloq qoidalariga, xizmatga oid axborot bilan ishlash tartibiga, shuningdek davlat fuqarolik xizmatini oʻtash bilan bogʻliq boshqa qoidalarga rioya etishga.

3.        Manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻymasligi, begʻaraz va xolis boʻlishga.

4.        Davlat organining nufuzini tushirishga olib kelishi yoki uning oʻz xizmat majburiyatlarini vijdonan bajarishga shubha tugʻdirishi mumkin boʻlgan harakatlardan (harakatsizlikdan), shu jumladan oʻz xizmat majburiyatlarini bajarayotganda har qanday shakldagi kamsitishdan, noxolislikdan yoki kimgadir nisbatan alohida munosabatda boʻlishdan tiyilishga.

5.        Oʻz xizmat mavqeidan shaxsiy va boshqa gʻayriqonuniy maqsadlarda foydalanmasligi, shuningdek oʻz xizmat faoliyatiga, davlat organlari, ularning mansabdor shaxslari va fuqarolarning faoliyatiga qonunga xilof taʼsir koʻrsatilishiga yoʻl qoʻymaslikka.

6.        Davlat sirlarini yoki qonun bilan koʻriqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi maʼlumotlarni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi talablarga rioya etishi. shuningdek, oʻz xizmat majburiyatlarini bajarishi chogʻida olingan mazkur maʼlumotlarni oshkor qilmasligi, shu jumladan davlat fuqarolik xizmatchisining faoliyati tugaganidan keyin oshkor etmaslikka.

7.        Qonunda belgilangan muddatlarda va tartibda daromadlari va mol-mulki toʻgʻrisidagi deklaratsiyani taqdim etishga.

8.        Davlat mulkining but saqlanishini taʼminlashi, oʻziga ishonib topshirilgan davlat mulkidan faqat xizmat maqsadlarida foydalanishga.

9.        Oʻzining kasbiy kompetensiyasini muntazam ravishda oshirib borishga.

Qonunda davlat fuqarolik xizmatini oʻtash bilan bogʻliq qanday cheklovlar nazarda tutilgan ?

Davlat xizmatichisi oʻzaro yaqin qarindoshlikka yoki quda tomondan qarindosh boʻlgan shaxslar bilan (ota-onalar, aka-ukalar, opa-singillar, oʻgʻillar, qizlar, er-xotinlar, shuningdek er-xotinlarning ota-onalari, aka-ukalari, opa-singillari va farzandlari) aynan bitta davlat organida birga xizmat qilishi, agar ularning birga xizmat qilishi ulardan birining ikkinchisiga bevosita boʻysunishiga yoki uning nazorati ostida boʻladigan davlat fuqarolik xizmati lavozimini egallashga haqli emas.

Oʻzbekiston qonunlarida hamda prezident qarorlarida nazarda tutilgan holatlar va pedagogik, ilmiy va ijodiy faoliyatdan tashqari haq toʻlanadigan boshqa faoliyat bilan shugʻullanishi mumkin emas.

Tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishga, tadbirkorlik faoliyati subyektlarini tashkil etishga, ularning muassisi (ishtirokchisi) boʻlishga, tadbirkorlik faoliyati subyektida tashkiliy-boshqaruv, maʼmuriy-xoʻjalik vazifalarini bajarishga, bundan AJlarning erkin muomalada boʻlgan aksiyalariga qonunchilikda belgilangan talablar doirasida egalik qilish hollari mustasno.

Oʻzi xizmat qilayotgan davlat organi nazorati ostidagi yoki u bilan aloqalar va manfaatlarga ega boʻlgan tashkilotlardagi ulushlarni, paylarni va aksiyalarni bevosita yoki vakillar orqali olishga haqli emas.

Oʻz xizmat vakolatlarini jismoniy va yuridik shaxslarning manfaatlarini koʻzlab bajarish yoki bajarmaslik evaziga ulardan biron-bir mukofot, foyda yoki sovgʻalar olishi mumkin emas.

Chyet davlat fuqaroligini olish mumkin emas.

Qonunchilikda nazarda tutilgan imtiyozlar, preferensiyalar yoki afzalliklardan oʻz xizmat mavqei bilan bogʻliq holda foydalanishi mumkin emas.

Oʻzbekiston hududidan tashqarida hisobvaraqlar ochishga va ularga ega boʻlishga, koʻchmas mulkka va boshqa mol-mulkka egalik qilishga, bundan chet davlatda taʼlim olish, stajirovka oʻtash va tibbiy xizmatlardan foydalanish maqsadida ochilgan hisobvaraqlar, shuningdek davlat fuqarolik xizmatiga kirishdan oldin olingan va oshkor qilingan mol-mulk mustasno.

Oʻzining vakolatlarini siyosiy partiyalarning, boshqa jamoat birlashmalari va ular organlarining manfaatlarini koʻzlab amalga oshirishga haqli emas.

Tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi shaxs davlat xizmatiga qabul qilingandan keyin tadbirkorlik faoliyatini toʻxtatib turish tartibi qonun hujjatlari bilan belgilanadi.

DFX shugʻullanishi mumkin boʻlmagan pullik faoliyat turlarining roʻyxati korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organlari va davlat fuqarolik xizmati tomonidan belgilanadi.

Qonunda davlat fuqarolik xizmatchisining quyidagi javobgarliklari belgilab qoʻyilgan.

Davlat fuqarolik xizmatchisi tomonidan byelgilangan cheklovlarga rioya qilmaslik DFXni intizomiy va boshqa javobgarlikka tortish uchun asos boʻladi.

DFXning noqonuniy harakatlari (harakatsizligi), shuningdek xizmat vazifalarini lozim darajada bajarmaganligi qonunga muvofiq javobgarlikka sabab boʻladi.

DFXning harakatlari (harakatsizligi) oʻzining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilishiga sabab boʻladi deb hisoblovchi jismoniy yoki yuridik shaxs bunday harakatlar (harakatsizlik) ustidan yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat qilishi mumkin.

DFXning qonunga xilof harakatlari (harakatsizligi) tufayli jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararning oʻrni qonunchilikda belgilangan tartibda davlat organi tomonidan qoplanib, ushbu zarar keyinchalik aybdor boʻlgan DFXdan undirib olinadi.

Davlat organi rahbarining yoki mansabdor shaxslarining qonunga xilof topshirigʻini bajarish natijasida DFX tomonidan yetkazilgan zararning oʻrni qonunchilikda belgilangan tartibda davlat organi tomonidan qoplanadi. Zarar miqdori qonunga xilof topshiriqni bergan davlat organi rahbaridan yoki mansabdor shaxsidan regress tartibida undiriladi.

Korrupsiyaga qarshi kurash qonunda davlat fuqarolik xizmati sohasida korrupsiyaning oldini olish chora-tadbirlari ham nazarda olingan. Ular qatoriga DFX ahloqiy xulq-atvor qoidalariga rioya qilish, DFX manfaatlar toʻqnashuvining oldi olish va hal qilishning tashkiliy-huquqiy asoslarini yaratish, davlat xizmatchilari sovgʻalar olish va taqdim etish tartibini belgilash, DFX ijtimoiy himoyasi, moddiy taʼminoti va ragʻbatlantirishni taʼminlash kiradi.

Agar DFX korrupsiya faktlari toʻgʻrisidagi axborotga ega boʻlsa, u korrupsiyaning oldini olish uchun zarur choralar koʻrishi, shu jumladan yuqori turuvchi davlat organini (mansabdor shaxsini) yoki korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha maxsus vakolatli davlat organiga darhol xabar qilishi yoki huquqni muhofaza qiluvchi organga murojaat etishi lozim. Korrupsiya haqida xabar bergan DFX davlat himoyasida boʻladi.

Davlat xizmatchilarining axloqiy xulq-atvori qoidalari qonun bilan belgilab qoʻyilgan.

Qoidalarga asoslanib, har bir davlat organi faoliyatning oʻziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda axloqiy xulq-atvorning ichki qoidalarini tasdiqlaydi. Ularda quyidagilar boʻlishi kerak:

·         rahbarlar, boʻysunuvdagilar va boshqa davlat fuqarolik xizmatchilari oʻrtasidagi oʻzaro ahloqiy munosabatlar;

·         DFXning ishchanlik obroʻsiga va davlat fuqarolik xizmatining nufuziga putur yetkazishi mumkin boʻlgan harakatlar (harakatsizlik);

·         DFXning xizmat faoliyatidagi va xizmatdan tashqaridagi xulq-atvorining asosiy qoidalari.

DFXning odob-ahloq qoidalarini buzish ularni qonunga muvofiq intizomiy va boshqa javobgarlikka tortish uchun asos boʻladi. Qonunda shuningdek, davlat fuqarolik xizmatida sovgʻalarga nisbatan munosabatda boʻlish shartlari yoritilib berilgan. DFXga (uning oila aʼzolariga) bepul berilgan, moddiy qimmatga ega boʻlgan mol-mulk yoki DFXga (uning oila aʼzolariga) begʻaraz koʻrsatilgan xizmat sovgʻa deb hisoblanadi.

“Davlat fuqarolik xizmatchisining xizmat vakolatlarini jismoniy va yuridik shaxslar manfaatlarini koʻzlab bajarish yoki bajarmaslik evaziga ulardan har qanday sovgʻalar olish taqiqlanadi. Bundan davlat fuqarolik xizmatchisi tomonidan alohida xizmatlari uchun davlat organining tegishli qarori asosida olingan sovgʻalar, shuningdek, musobaqalar va tanlovlarda erishgan yutuqlari, davlat bayramlari, nishonlanadigan sanalar hamda boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan mukofotlash natijasida olingan sovgʻalar mustasno” - deb qonunda belgilangan.

DFX fuqarolik xizmatchilari xizmat safarlari vaqtida, shuningdek xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan sovgʻalar olishi mumkin.

DFX tomonidan xizmat safarlari, xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar bilan olinishi mumkin boʻlgan sovgʻa qiymati, shuningdek uni tasarruf etish tartibi korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha maxsus vakolatli davlat organi tomonidan belgilanadi.

Qonunga asosan manfaatlar toʻqnashuvi davlat fuqarolik xizmatchisining shaxsiy (bevosita yoki bilvosita) manfaatdorligi uning oʻz xizmat vakolatlarini lozim darajada bajarishiga taʼsir koʻrsatadigan yohud taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan hamda fuqarolarning, jamiyatning yoki davlat organining shaxsiy manfaatdorligi va huquqlari, qonuniy manfaatlari oʻrtasida qarama-qarshilik yuzaga keladigan yoki yuzaga kelishi mumkin boʻlgan vaziyatdir.

Manfaatlar toʻqnashuvini oldini olish va hal etish tartibi qonun bilan belgilangan. Bundan tashqari, qonunda DFX belgilangan muddatlarda va tartibda daromadlari hamda mol-mulki toʻgʻrisida deklaratsiya taqdim etishi shart.

Davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining davlat reestri Oʻzbekiston prezidenti tomonidan tasdiqlanadi va maxsus vakolatli davlat organi tomonidan yuritiladi. DFX lavozimlarining davlat reestri, shuningdek, unga kiritilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar maxsus vakolatli davlat organining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.

DFX lavozimlarining davlat reestri organ darajasidan (milliy, respublika, hududiy va tuman) kelib chiqqan holda, malaka talablariga muvofiq birxillashtirilgan hamda tasniflangan davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining guruhlari hamda toifalaridan, shuningdek, davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining malaka darajalaridan iborat boʻladi.

 

 

Toshkent tuman adliya boʻlimi yuridik xizmat koʻrsatish markazi

bosh yuriskonsulti Shodiyev Qurʼonnazar Aminovich