Янгиликлар
Oʻzbekiston Respublikasining "Advokatlik faoliyatining kafolatlari va advokatlarning ijtimoiy-himoyasi toʻgʻrisida"gi Qonunning mazmun mohiyati
Oʻzbekiston Respublikasining "Advokatlik faoliyatining
kafolatlari va advokatlarning ijtimoiy-himoyasi toʻgʻrisida"gi
Qonunning mazmun mohiyati
Oʻzbekiston Respublikasida advokatlik faoliyat bilan shugʻullanuvchilarning kafolatlari va advokatlarning ijtimoiy-himoyasi "Advokatlik faoliyatining kafolatlari va advokatlarning ijtimoiy-himoyasi toʻgʻrisida"gi Qonuni bilan tartibga solinadi. Ushbu Qonun 1998-yil 25-dekabrda 721-I-son bilan qabul qilingan boʻlib 12 ta moddadan iboratdir.
Jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qatʼi nazar, barcha Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari advokatlik faoliyati bilan shugʻullanishi mumkin. Advokatlik faoliyati bilan shugʻullanish uchun qonunchilikda belgilangan tartibda adliya vazirligi tomonidan litsenziya beriladi. Oʻzbekiston Respublikasining “Advokatura toʻgʻrisida”-gi Qonuniga muvofiq advokatlik faoliyati bilan shugʻullanish huquqini beruvchi litsenziya, Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 9-mart kunidagi 60-son Qarori bilan tasdiqlangan, “Advokatlik faoliyatini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi Nizomga muovofiq, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Advokatlar palatasining tegishli hududiy boshqarmalari huzuridagi malaka komissiyalarining qarorlari asosida beriladi.
Advokatlik faoliyatining asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
Advokatning mustaqilligi, advokatning kasb etikasi qoidalariga, advokatlik siri va advokat qasamyodiga qatʼiy rioya etishdir. Bundan tashqari, oʻz faoliyatini qonunchilikda man qilinmagan usullar va vositalarni qoʻllash.
Advokat malaka komissiyasining majlisida, «Oʻz kasbiy burchimni halol va vijdonan bajarishga, inson huquqlari va erkinliklarini hamisha himoya qilishga, advokatlik sirini saqlashga, Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga qatʼiy rioya etishga tantanali qasamyod qilaman» - deb qasamyod qiladi.
Advokat Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida, shuningdek, agar olingan topshiriqni bajarish zaruriyati taqozo etsa va tegishli davlatlarning qonunchilikka zid boʻlmasa, respublika tashqarisida ham advokatlik faoliyati bilan shugʻullanish huquqiga ega. Advokat oʻz faoliyatini olib borish uchun muayyan bir yoki bir necha ishni olib borishi uchun order asos boʻladi.
Advokat, taraf sifatida, sud ishlarini yuritishning hamma bosqichida protsessning barcha ishtirokchilari bilan teng huquqlarga ega. Bundan tashqari advokat quyidagi huquqlarga ega:
-qonunda belgilangan tartibda ishning barcha materiallari bilan tanishish va undan zarur maʼlumotlarni koʻchirib olish;
-oʻz himoyasidagi shaxs bilan u ushlangan paytdan boshlab qonunchilikda belgilangan tartibda miqdori va muddati cheklanmagan uchrashuvlar oʻtkazish;
-ish materiallari bilan tanishish hamda ishni sudda va boshqa organlarda koʻrish chogʻida ovoz yozish qurilmalari hamda boshqa texnika vositalaridan qonunchilikda belgilangan tartibda foydalanish;
-agar jinoyat ishini yuritishda, shuningdek fuqarolik ishini, iqtisodiy ishni yoki maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrish va hal etishda himoyani yoki vakillikni amalga oshirish zaruriyati taqozo etsa, davlat sirlari, tijorat siri yoki boshqa sir hisoblangan maʼlumot bilan qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda tanishish.
Advokat qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa huquqlarga ham ega. Jumladan, advokat:
-yuridik yordam soʻrab murojaat qilgan yuridik va jismoniy shaxslarga ularning huquqlari va majburiyatlari toʻgʻrisida maslahat berishi;
-yuridik yordam soʻrab murojaat qilgan shaxsning ishiga uning holatini ogʻirlashtiradigan kasbiy nuqtayi nazar bilan yondashmasligi;
-oʻz himoyasi ostidagi shaxsning nuqtayi nazariga koʻra noqonuniy qaror chiqarilgan taqdirda, bu qaror ustidan qonunda belgilangan tartibda shikoyat qilishi mumkin.
Advokatning mustaqilligini quyidagilarda koʻrishimiz mumkin. Advokatning daxlsizligi, advokatlik sirini oshkor etishni talab qilishni man etish, advokat olib borayotgan ishlarga aralashganlik yoki advokatning daxlsizligini buzganlik uchun javobgarlik, davlat tomonidan unga advokatlik faoliyati kafolatlari berilishi va ijtimoiy himoyalanishi orqali taʼminlanadi.
Xuddi shunday advokatning daxlsizligi Qonunda quyidagicha qayd etilgan. “Advokatning daxlsizligi uning uy-joyiga, xizmat xonasiga, foydalanishidagi transporti va aloqa vositalariga, uning xat-xabarlariga, unga tegishli ashyolar va hujjatlarga ham taalluqlidir. Advokatga nisbatan jinoyat ishi Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori, Qoraqalpogʻiston Respublikasi prokurori, viloyat, Toshkent shahar prokurori va ularga tenglashtirilgan prokurorlar tomonidan qoʻzgʻatilishi mumkin.”-deb belgilangan. Bundan tashqari, advokatga nisbatan qamoqqa olish yoki uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot chorasi koʻrish Bosh prokuror, viloyat prokurorlari, Toshkent shahar prokurori va ularga tenglashtirilgan prokurorlarning iltimosnomasiga koʻra jinoyat ishlari boʻyicha tuman va shahar sudi tomonidan qoʻllanilishi mumkin.
Advokatning ish boʻyicha huquqiy nuqtayi nazariga nisbatan surishtiruv organi, tergovchi, prokuror taqdimnoma kiritishi, shuningdek sud xususiy ajrim chiqarishi mumkin emasligi qonunda belgilab qoʻyilgan. Advokatni tomonidan begʻaraz (mablagʻ olmasdan) yuridik va jismoniy shaxslarga qonunga muvofiq yuridik yordam koʻrsatganligi munosabati bilan jinoiy, moddiy va boshqa javobgarlikka tortish yoki unga shunday javobgarlikka tortish bilan tahdid qilinishi mumkin emas. Advokat yuridik va jismoniy shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha oʻz kasbiy vazifalarini amalga oshirayotganida uning faoliyatiga aralashishga yoʻl qoʻyilmasligi Qonunda eʼtirof etilgan.
Advokatdan va uning yordamchisidan va stajyoridan advokatlik siri predmeti hisoblangan holatlar toʻgʻrisida biron-bir tushuntirish yoki koʻrsatuvlar berishni talab qilish, material taqdim etishni talab qilish man etilgan. Advokatlik faoliyatini amalga oshirishda order va advokat guvohnomasidan tashqari biror bir hujjat talab qilish yoki boshqa toʻsiqlar vujudga keltirilishi noqonuniydir. Advokatning oʻz himoyasi ostidagi shaxsning qonuniy manfaatlariga zid kiluvchi va qanday shaklda boʻlmasin taʼsir koʻrsatish, advokatga tahdid qilish, uni haqoratlash, unga nisbatan tuhmat qilish, kuch ishlatish yoki uning hayoti, sogʻligʻi va mol-mulkiga tajovuz qilish qonunchilikka muvofiq javobgarlikka tortiladi.
Advokat va uning kasbiy faoliyati davlat himoyasida. Bundan tashqari "Advokatlik faoliyatining kafolatlari va advokatlarning ijtimoiy-himoyasi toʻgʻrisida"gi hamda “Advokatlik toʻgʻisida”gi Qonunlari himoyasidadir.
Advokatning oʻz himoyasidagi shaxs bilan holi uchrashuvlar oʻtkazishini, jinoyat ishiga doir barcha materiallar bilan tashishib chiqishi va undan zarur maʼlumotlarni koʻchirib olinishini biror shaxs tomonidan rad etilishi man qilinadi.
Yuridik yordam berish bilan bogʻliq axborotni talab qilib olish, olib qoʻyish, koʻzdan kechirish, tekshirish, undan nusxa koʻchirish, bunday axborotni toʻplash va undan foydalanishga faqat advokat ayblanuvchi tariqasida javobgarlikka tortilgan taqdirda, boshqa hollarda — jinoyat, fuqarolik ishlari, iqtisodiy ishlar, intizomiy ishlar yoki maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni yuritishda esa, faqat yuridik yordam soʻrab murojaat qilgan shaxsning roziligi bilan yoʻl qoʻyiladi.
Davlat tomonidan advokatga quyidagilar taʼminlanadi:
-kasbiy vazifalarini bajarish imkoniyati;
-Respublikamiz hududida, shuningdek uning tashqarisida yuridik yordam soʻrab murojaat qilgan shaxslarga maslahat berish imkoniyati;
-oʻz kasbiy vazifalarini bajarishi tufayli hayoti va sogʻligʻi uchun xavf-xatar yuzaga kelganda zarur darajadagi himoya.
Advokatning kasbga oid huquqlarining davlat organlari va boshqa organlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan buzilishi qonunchilikda nazarda tutilgan javobgarlikka tortiladi.
Yuridik yordamni taʼminlash kafolatlari quyidagilarda namoyon boʻladi. Jumladan, har kim oʻz huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun yuridik yordam soʻrab oʻzi xohlagan har qanday advokatga murojaat qilishga haqli. Ushlab turilgan shaxsga, ayblanuvchi, sudlanuvchi va mahkumga advokat bilan moneliksiz va holi uchrashish hamda undan maslahat olish uchun zarur shart-sharoit yaratib berish davlat organlari va mansabdor shaxslar tomonidan taʼminlanishi lozim. Advokatning hayoti va sogʻligʻi esa davlat himoyasidadir.
Advokaturaning mablagʻlari daxilsiz boʻlib, advokatura notijorat tashkilot boʻlganligi uchun faoliyatni oʻz mablagʻlari hisobidan amalga oshirib boradi. Advokaturaning shtatlari, mansab okladlari va maʼmuriy-xoʻjalik xarajatlarining smetalari moliya organlarida roʻyxatdan oʻtkazilmaydi. Bundan tashqari advokaturaning ish haqi fondi banklar tomonidan nazorat ostiga olinishi qonunga xilofdir.
Davlat organlari bilan advokatura oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar quyidagilarda oʻz ifodasini topgan. Davlat har bir fuqaroning teng va erkin yuridik yordam olish huquqini taʼminlash uchun advokatura bilan hamkorlik qiladi.
Advokatura manfaatlariga daxldor masalalar davlat organlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi ishtirokida Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 9-mart kunidagi 60-son Qarori bilan tasdiqlangan, “Advokatlik faoliyatini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi Nizomga, Oʻzbekiston Respublikasining “Advokatura toʻgʻrisida”gi hamda "Advokatlik faoliyatining kafolatlari va advokatlarning ijtimoiy-himoyasi toʻgʻrisida"gi Qonunga muvofiq hal qilinadi.
Toshkent tuman adliya boʻlimi yuridik xizmat koʻrsatish markazi bosh yuriskonsulti
Q.A.Shadiyev