Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

30

Mediasiya yoki nizolarni sudgacha hal qilish institutini Oʻzbekistonda targʻib etishda xorij tajribasidan foydalanish


Mediasiya yoki nizolarni sudgacha hal qilish institutini

Oʻzbekistonda targʻib etishda xorij tajribasidan foydalanish

 

Mediasiyada nizolashuvchi tomonlar oʻz ixtiyorlari bilan xolis shaxs (mediator) ishtirokida nizoni hal etish maqsadida shartnoma tuzadilar. Shuningdek, mediasiya sudlarda mavjud boʻlgan ish hajmini kamaytirishda va shu orqali odil sudlovning sifatli amalga oshirilishida muhim ahamiyat kasb etadi. Mediasiya tartiboti tomonlarning ixtiyoriylik, maxfiylik, hamkorlik va teng huquqlilik, mediatorning xolislik va mustaqillik tamoyillari asosida tomonlarning oʻzaro erkin xohish bildirishlari tartibida oʻtkaziladi.

Shunday qilib, mediasiyaning maqsadi nizo ishtirokchilarining oʻz kelishmovchiliklarini mustaqil hal qilish layoqatiga, oʻzaro talablarini qondirishga va har ikki taraf uchun baravar foydali boʻlgan kelishuvga erishishlariga koʻmaklashishdan iboratdir. Mediasiya jarayoni muzokaralardan iborat boʻlib, uning muvaffaqiyati nafaqat taraflarning kelishmovchiliklarini hal etishga boʻlgan irodasi va intilishi, balki mediatorning tajribasi va mahoratiga ham bogʻliq. Mediasiyaga nisbatan jamiyatda vujudga kelgan ehtiyoj oʻtgan asrda yangi kasb – mediatorlikning shakllanishiga olib keldi. Mediatorlik bilan shugʻullanuvchilar – mediatorlar taraflar oʻrtasida vujudga kelgan kelishmovchilik va nizolarni hal etishga koʻmaklashadilar. Bunda mediator dalillarni tekshirmaydi va taraflarning talablari qonuniyligiga baho bermaydi, aksincha, mediatorning asosiy vazifasi – taraflar oʻrtasida bir-birlarini tushunishga, ular uchun maʼqul va maqbul shartlarda masalani hal etish imkoniyatlarini izlash va hal etishga koʻmaklashishdan iborat.

Taʼkidlash joizki, vositachilik (mediasiya) qoʻllanilishi mumkin boʻlgan hollar juda koʻp. Masalan, quyidagi hollarda mediasiyadan foydalanish ayni muddao boʻladi:

oʻz munosabatlari, oʻz obroʻsini qadrlovchi, muzokara olib borish va hamkorlikni davom ettirishga tayyor, insofli tadbirkorlik subyektlari bitim boʻyicha kontragent va nizo tarafi boʻlsa;

narigi taraf oʻz maqsadiga erishish yoʻlida har qanday shubhali vositalardan foydalanishga tayyor, deb hisoblash uchun jiddiy asoslar mavjud boʻlmasa; mediasiyani muayyan nizoni hal qilish uchun maqbul emas, deb topish uchun boshqa jiddiy asoslar mavjud boʻlmasa;

yuridik presyedentlarni yuzaga keltirish va kontragent kompaniyaga qarshi sud qarorlari chiqarilishiga erishish uchun jiddiy zarurat mavjud boʻlmasa.

Xalqaro statistik maʼlumotlarga koʻra, yer yuzidagi huquq bilan hal qilinayotgan barcha nizolarning 35–40 % mediasiya yoʻli bilan hal qilinadi va mediasiya tartibida hal qilingan nizolarning taxminan 85% kutilgan ijobiy natijani bermoqda.

Birlashgan millatlar tashkiloti Ustavining 33-moddasida mediasiya (vositachilik) nizolarni hal yetish vositasi sifatida tan olingan. Evropa Parlamenti va Kengashining 2008-yil 21-maydagi EI 2008 (52) direktivasi fuqarolik va tijorat sohasidagi mediasiyaning ayrim jihatlariga taalluqli boʻlib, mediasiya tushunchasiga quyidagicha taʼrif beriladi: “Nizoning ikki yoki undan ortiq taraflari ular oʻrtasidagi nizoni hal qilish toʻgʻrisida kelishuvga erishish maqsadida, mazkur jarayon taraflarning tashabbusi bilan uyushtirilganligidan, sud tomonidan taklif etilgan yoki tayinlanganligidan yoki milliy qonunchilikda koʻrsatilganligidan qatʼi nazar uchinchi tarafga yordam soʻrab murojaat etish jarayonidir”.

Jahon tajribasining koʻrsatishicha, mediasiya fuqarolik-huquqiy nizolarni hal etishda juda samarali vosita hisoblanadi. Ayniqsa, anglo-sakson huquqiy tizimida yarashtiruv jarayonlari rivojlangan, shuningdek mediasiya Evropa davlatlarida keng tarqalgan. Oxirgi oʻn yillikda Evropa hamjamiyati doirasida mediasiyaga ijtimoiy munosabatlarning ishtirokchilari huquqlari, erkinliklari va manfaatlari himoyasini taʼminlash imkoniyatlaridan biri sifatida murojaat etish tendensiyasi kuzatilmoqda.

Xususan, 2002-yil Evropa komissiyasi tomonidan fuqarolik va tijorat huquqlariga bogʻliq nizolarni muqobil hal etish masalalari boʻyicha Yashil kitob ishlab chiqilgan. Hozirgi kunda mediasiya AQSH, Yangi Zelandiya, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Ispaniya, Italiya, Belgiya, Avstriya va Germaniya kabi davlatlarda keng rivojlangan.

Mediasiyani oʻrganish boʻyicha xalqaro tadbirlarda uning samaradorligi boʻyicha bir qancha raqamlar keltiriladi. Masalan, AQSHda mazkur prosyeduradan oʻtgan ishlarning 95 foizi sud muhokamasigacha yetib bormagan. Germaniyada mediasiyaning koʻrsatkichlari katta taassurot qoldiradi. Xususan, 90%dan koʻproq muzokaralar taraflarning kelishuv bitimi bilan yakunlangan. Misol uchun Quyi Saksoniyada samaradorlik 97%ni tashkil etadi.

Buyuk Britaniyada 90–95 foiz nizoli holatlar sud muhokamasigacha hal etiladi. Evropada mediasiyaning samaradorligi oʻrtacha 40–80%ni tashkil etadi.

Mediasiyadan foydalanishga monelik qiladigan omillar mavjud boʻlmagan hollarda tadbirkorlik subyektlari nizo boʻyicha yuridik kuchidan qatʼi nazar, mediasiyadan foydalanishga harakat qilsa, maqsadga muvofiq boʻladi.

Odatda davlat sudlari nizolarni hal etishning muqobil usullarini rivojlantirishga har tomonlama koʻmak beradi, sababi ular davlat sudlaridagi ishlar sonini normallashtirishga shuningdek, odil sudlovni samarali amalga oshirish uchun zarur sharoit yaratishga imkon tugʻdiradi.

Bu kabi nizoni hal qilish samaradorligiga nizolashayotgan taraflarda kelajakka yoʻnaltirilgan maqsadli harakatlari hisobidan kooperasiya va kommunikasiyaga boʻlgan qobiliyatning ochilishi tufayli erishiladi, bu esa nizo taraflariga vaqtni, pulni va emosional resurslarni tejashga yordam beradi.

Maʼlumki, sud tartibida ishlarni koʻrishda muayyan darajada moliyaviy xarajatlar, vaqt sarflanadi. Demak, nizoni sud orqali, shu jumladan kelishuv bitimini tuzish yoʻli bilan hal qilish usulini mediasiya mezonlari bilan taqqoslasak, mediasiya nisbatan samaraliroq ekanining guvohi boʻlamiz. Birinchidan, u sud jarayoni, hal qiluv qarorining qonuniy kuchga kirishi va ijro ishi yuritishga qaraganda kamroq vaqtni oladi. Hatto yuridik tortishuvlar odatda bir necha daʼvo arizalaridan tashkil topadi va ular baʼzan turli sudlarda koʻriladi. Bunda esa ijro varaqasiga koʻra erishadigan natijaga qaraganda samarali muzokaralar yordamida yaxshiroq natijaga erishish mumkin. Ikkinchidan, sud jarayoniga koʻrsatiladigan yuridik xizmatlar uchun haq toʻlash bilan bogʻliq xarajatlar mediator gonoraridan ancha koʻp boʻladi. Uchinchidan, sud jarayoni yakunlangach, sud zalini baʼzan murosasiz muxoliflar tark etsa, mediasiya jarayonida sherikchilik munosabatlarini saqlashga muvaffaq boʻlinadi, taraflar hamkorlikni davom ettiradi.

Nizolarni hal qilishning samarali usullaridan foydalanmoqchi boʻlgan huquqiy yordam koʻrsatuvchi muassasalar takliflar majmuiga mediasiya jarayonlarini kiritsalar, mijozlarga juda noyob xizmat koʻrsatgan boʻladilar. Shuni taʼkidlash lozimki, nizolarni hal qilishning samarali usullari tadbirkorlik subyektlari daromadining sezilarli darajada koʻpayishiga olib keladi, chunki ularning mijozlari soni koʻpayadi. Yuridik yordam koʻrsatadigan firmaning samaradorligi esa yutilgan sud jarayonlari soni bilan emas, balki mijoz uchun samarali hal qilingan nizolar soni bilan belgilanadi.

Yuridik shaxslar nafaqat mijozlarni mediasiyadan foydalanishga daʼvat etishi, balki mediasiyadan foydalanishda psixologik toʻsiqlarni bartaraf etish, nizolarni hal qilish siyosati qabul qilish va hokazolarda ularga yordam berishi ham mumkin.

Xalqaro tajriba shuni koʻrsatadiki, Fransiyada sudga kelib tushgan daʼvo arizalari dastavval majburiy tartibda kelishuv boʻlimiga beriladi va mazkur nizo yopiq sud majlisida kelishuv asosida hal qilinadi. Kelishuv boʻlimida ikkala tomondan saylangan vakillar ishtirok etib, ular oʻz faoliyatlarini ishni kelishuv asosida tugatishga yoʻnaltiradi. Ushbu jarayonda erishilgan kelishuv bitimini rasmiylashtirishning soddalashtirilgan usuli qoʻllaniladi, yaʼni taraflarning kelishuv bitimi sud hal qiluv qarorlari kabi kuchga ega boʻlgan bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi, ushbu bosqichda ish boʻyicha guvohlar jalb etilmaydi hamda ishdagi mavjud dalillar sud tomonidan tekshirilmaydi va baholanmaydi. Ish yuzasidan kelishuvga erishilmagan taqdirdagina ish sudlov boʻlimida mazmunan hal qilinadi.

Germaniyaning “Sud xarajatlari toʻgʻrisida”gi Nizomiga koʻra, agar taraflar birinchi instansiya sudida sud muzokaralariga qadar kelishuv bitimiga erishsalar, taraflardan sud xarajatlari undirilmaydi. Shuningdek, Rossiya Federasiyasi Arbitraj prosyessual kodeksining 141-moddasida taraflar oʻrtasida sud hal qiluv qarori qabul qilingunga qadar kelishuv bitimi tuzilgan boʻlsa, federal byudjetdan daʼvogarga u toʻlagan davlat bojining teng yarmi qaytarib berilishi belgilab qoʻyilgan. Mazkur normalar kelishuv bitimi orqali ish yuritishni tugatishni ragʻbatlantiruvchi muhim choralar hisoblanadi. Binobarin, sud muhokamasi boshlanmasidan avval nizolashuvchi taraflarni oʻzaro manfaatli asosda murosaga keltirish orqali ishni tinch yoʻl bilan hal yetish jamiyatda yuz berishi mumkin boʻlgan ijtimoiy muammolarni bartaraf qilishda, ishlar tez va samarali hal etilishida, shuningdek, sud xarajatlarining oldini olishda muhim ahamiyat kasb yetadi.

Sudyalar ish yuklamasini kamaytirishda huquqni himoya qilishning suddan tashqari boshqa muqobil shakllarini rivojlantirish muhim oʻrin tutadi. Ular odil sudlovning oʻrnini egallamaydi va shaxslarni sud orqali himoyalanish huquqidan mahrum etmaydi. Aksincha, shaxslarga nizolarni hal qilishning davlat va nodavlat shakllarini tanlash imkoni yaratiladi, taraflar yuzaga kelgan kelishmovchilikning koʻrinishiga qarab qaysi taomil maqsadga muvofiq ekanini oʻzlari hal qiladi.

Nizolarni muqobil hal etish usullari soʻnggi yillarda respublikamizda, ayniqsa, iqtisodiy nizolarni kamchiqim va qisqa vaqt ichida murosa yoʻli bilan hal etish usuli sifatida tobora hayotimizga kirib kelayotganligi hech kimga sir emas. Buni Oʻzbekiston Respublikasi “Hakamlik sudlari toʻgʻrisida”gi Qonuni misolida ham koʻrish mumkin. Hozirgi kunda fuqarolik-huquqiy nizolarni muqobil hal etishning muhim shakllari sifatida muzokaralar (uchinchi shaxslarning ishtirokisiz tomonlar kelishmovchiliklarni oʻzaro hal yetishlari), mediasiya (taraflarni oʻzaro kelishtirishga koʻmaklashuvchi mustaqil, xolis vositachi yordamida nizoni hal yetish), hakamlik sudi (nizoni mustaqil, xolis shaxs – hakam (yoki hakamlar) yordamida hal yetish) eʼtirof yetiladi.

Maʼlumotlarga qaraganda, Amerikaning 1000dan ortiq korporasiyalari oʻrtasida olib borilgan soʻrov natijalari shuni koʻrsatadiki, ulardan 88 foizi oxirgi uch yil davomida mediasiyani qoʻllab kelgan, 81 foizi mediasiyani sud tartib-taomiliga qaraganda qulay ekanligini qayd etgan, 59 foizi nizoda ishtirok etuvchilar oʻrtasida sheriklik aloqalarini saqlab qolish imkoni yaratilganligini taʼkidlagan.

Masalan, Belgiyada sud taraflarga kelishmovchilikni muqobil hal etish mexanizmi yordamida bartaraf etishni taklif qilishi shartligi, Ispaniya va Italiyada esa sudya taraflarni yarashuv tartib-taomiliga murojaat qilishga qaratilgan barcha choralarni koʻrishga majbur ekanligi belgilangan. Gresiya qonunchiligi boʻyicha ham agar taraflar nizoni oʻzaro hal etish boʻyicha yarashtiruv tartib-taomilini qoʻllamagan boʻlsalar, sud daʼvoni qabul qilmaydi.

Hozirgi kunda sudlarda daʼvo tartibida yuritiladigan ishlar sonining koʻpligi va ularni hal etish birmuncha murakkab ekanligini eʼtiborga oladigan boʻlsak, nizoni taraflar oʻrtasida kelishuv bitimi tuzish orqali yakunlash masalalariga alohida eʼtibor berish talab etiladi. Xususan, ishni sudda koʻrishga tayyorlash jarayonida taraflarni yarashtirish choralarini koʻrishni nazarda tutuvchi maxsus tartib-taomillarni belgilash, mazkur bosqichda taraflar oʻrtasida kelishuv bitimi tuzilishi uchun ragʻbatlantiruvchi normalarni kiritish muhim ahamiyat kasb etadi.

 

Foydalanilgan adabiyotlar roʻyxati:

1. Shokirov A. Mediasiya nima? Manba: http:// hmadad. uz/uzbsyr/ info/ artisle160. html

2. Josheva A.A. Mediasiya kak sposob dosudebnogo uregulirovaniya sporov.

http://www.sudkazibekbisi.kz/ru/mediatsiya-kak-sposob-dosudebnogo-uregulirovaniya -sporov. html

3. Ustav Organizatsii Obyedinennыx Natsiy // www.un.org/ru/dokuments/charter/

4. Mamasiddiqov M. Nizolarni sudga qadar hal etish sudlardagi mavjud isʼh

yuklamalarining kamayishiga xizmat qiladi. http://huquqbursʼh.uz/uz/artisle/2391/

 

Raxmatov Suxrob Askarovich–

Toshkent tuman adliya boʻlimi Yuridik xizmat

koʻrsatish markazi bosh yuriskonsulti