Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

30

Konstitutsiya haqida maqola.


Konstitutsiya haqida maqola.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi haqida soʻz yuritishdan oldin Konstitutsiya nima? - degan savolga javob berish oʻrinlidir.

Konstitutsiya lotincha “Constitution” soʻzidan olingan boʻlib, “Tuzilish va Tuzuk - degan maʼnolarni bildiradi.

Konstitutsiya – davlatning asosiy qonuni hisoblanadi.

Konstitutsiya davlat tuzilishini, hokimiyat va boshqaruv organlari tizimini, ularning vakolati hamda shakllantirilish tartibi, saylov tizimi, fuqarolarning huquq va erkinliklari, jamiyat va shaxsning oʻzaro munosabatlari, shuningdek, sud tizimini hamda davlat va jamiyatning oʻzaro munosabatlarini belgilab beradi.

Qadimgi Rimda ham “Konstitutsiya” atamasi boʻlgan hamda Imperator Konstitutsiyasi deb atalgan.

Qadimda Sharq va Osiyo hamda Markaziy Osiyo mamlakatlarida Amir Temur “Tuzuklar”i Konstitutsiyaviy hujjat xususiyatiga ega boʻlgan shariat qonunlarini oʻz ichiga olgan.

Mustaqilligimiznig ilk yillarida qabul qilingan asosiy Qonunimiz (Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi) Sharq va Gʻarb, Janub va Shimolning 97 ta mamlakati toʻplagan ilgʻor konstitutsiyaviy tajribaga muvofiq hamda jahon davlatlarining konstitutsiyaviy tajribasini bir qator ilgʻor jihatlari hisobga olgan holda, “Birlashgan Millatlar Tashkiloti”, “Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik kengashi” kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar va AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya kabi davlatlar mutaxassislarining ekspertizasidan oʻtgandan soʻng 1992-yil 8-dekabr kuni Bosh Qonunimiz qabul qilingan. Shu kundan eʼtiboran, 8-dekabr – umumxalq bayrami deb eʼlon qilindi.

Bundan tashqari, Qomusimizda 1948-yil 10-dekabrda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 217 A (III) koʻrsatmasi orqali qabul qilingan “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi”da eʼlon qilingan koʻrsatmalari inobatga olingan.

Mustaqil Oʻzbekistonning birinchi Konstitutsiyasi yangi mustaqil davlatning huquqiy kafolatlarini shakllantirdi. Shunday qilib, Oʻzbekiston oʻz mustaqilligini eʼlon qilgan sanadan eʼtiboran dunyo sahnida yangi, suveren davlat tashkil topgan boʻlsa, birinchi Konstitutsiyamiz qabul qilingan kuni davlatimiz yangidan tugʻildi, haqiqiy mustaqilligimizga mustahkam huquqiy poydevor qoʻyildi.

Oʻzbekiston konstitutsiyasiga hozirgi vaqtga qadar unga rasman 14 marotaba oʻzgartirishlar kiritilgan hisoblanadi. Agar har bir normani hisoblasak, unda jami 68 ta normaga tuzatish, oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritilgan. Jumladan:

1. 1993-yil 28-dekabrda “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 77-moddasiga oʻzgartish kiritish toʻgʻrisida”gi qonun, 77-modda: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari soni 150 nafardan iboratligi toʻgʻrisidagi normaga miqdorning aniq chegarasini kengaytiruvchi oʻzgartirish kiritildi. Yaʼni “bir yuz yigirma deputatdan iborat” jumlasi “deputatlardan iborat” tarzda oʻzgartirildi.

2. 2003-yil 24-aprelda “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun: Oʻn yillik jimlikdan soʻng konstitutsiyaning biryoʻla 30 ta normasiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi. Oʻzgartirishlar ikki palatali parlamentga oʻtilishi munosabati bilan amalga oshirilgan edi. Xususan, konstitutsiyaning beshinchi boʻlimi, XVIII–XX, XXIII boblariga taalluqli, kelgusida ikki palatali parlamentni saylash va prezidentning konstitutsiyaviy vakolat muddatini besh yildan yetti yillik qilib oʻzgartirish masalasiga bogʻliq.

2002-yil 27-yanvarda ikki palatali parlament tuzish va prezidentning konstitutsiyaviy vakolat muddatini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi ikki muhim masala boʻyicha referendum oʻtkazildi.

Referendum qaroriga muvofiq, “Referendum yakunlari hamda davlat hokimiyati tashkil etilishining asosiy prinsiplari toʻgʻrisida”, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati toʻgʻrisida”, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi toʻgʻrisida”gi konstitutsiyaviy qonunlar oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish uchun asos boʻldi. Oliy Majlis ikki palata – Qonunchilik palatasi va Senatdan iboratligi, Qonunchilik palatasi bir yuz yigirma deputatdan iborat boʻlishi, Qonunchilik palatasi va Senatning mutlaq hamda birgalikdagi vakolatlari, prezident vakolat muddati yetti yilga uzaytirilishi bilan bogʻliq oʻzgartirishlar kiritildi.

3. 2007-yil 11-aprelda “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining moddalariga tuzatishlar kiritish toʻgʻrisida (89-moddasiga, 93-moddasining 15-bandiga, 102-moddasining ikkinchi qismiga)”gi qonun: Konstitutsiyaning uchta normasiga oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritildi. Prezidenti davlat boshligʻi va davlat hokimiyati organlarining kelishilgan holda faoliyat yuritishini hamda hamkorligini taʼminlashi, shuningdek, qonunlarni buzgan yoki shaʼni va qadr-qimmatiga dogʻ tushiradigan xatti-harakat sodir etgan tuman va shahar hokimlarini prezident oʻz qarori bilan lavozimidan ozod etishga haqli ekaniga oid oʻzgartirish kiritildi.

4. 2008-yil 25-dekabrda “Saylov toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonunlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonun, yana oʻsha 77-modda: Bitta normaga oʻzgartirish kiritildi. Konstitutsiyaning 77-moddasida Qonunchilik palatasi qonunga muvofiq saylanadigan bir yuz ellik deputatdan iborat boʻlishi belgilandi.

5. 2011 yil 18 aprelda “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini ayrim moddalariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida(78, 80, 93, 96 va 98-moddalariga)”gi qonun: Konstitutsiyaning beshta normasiga oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritildi. Bu oʻzgartish va qoʻshimchalar prezident, qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlar oʻrtasidagi vakolatlarning yanada mutanosib taqsimlanishini taʼminlash, siyosiy partiyalarning roli va taʼsirini kuchaytirish maqsadini koʻzlagan edi.

Qonun Oliy Majlis bosh vazir hisobotlarini eshitishi va muhokama qilishi tartibini belgiladi. Bosh prokuror oʻrinbosarlarini tayinlash hamda ularni lavozimidan ozod etish toʻgʻrisidagi prezident farmonlarini tasdiqlash Senatning mutlaq vakolatlaridan chiqarildi. Qolaversa, Prezident ijro etuvchi hokimiyatga rahbarlik qilishi haqidagi norma chiqarildi.

Qonun bilan prezident viloyatlar hokimlarini hamda Toshkent shahar hokimini tayinlashi hamda lavozimidan ozod etishi bosh vazir taqdimiga binoan amalga oshirilish tartibi oʻrnatildi. Bundan tashqari, bosh vazir nomzodi Qonunchilik palatasiga saylovda eng koʻp deputatlik oʻrinlarini olgan siyosiy partiya yoki eng koʻp deputatlik oʻrinlarini qoʻlga kiritgan bir necha siyosiy partiya tomonidan taklif etilishi belgilandi. Bosh vazirga nisbatan ishonchsizlik votumi bildirish haqidagi norma mustahkamlandi.

Nihoyat, 96-moddaga muhim oʻzgartish kiritildi: Prezident vazifasini bajarolmay qolgan holatda uning vazifa va vakolati vaqtincha Senat raisi zimmasiga yuklanadi. Uch oy ichida prezident saylovi tashkil etiladi va oʻtkaziladi.

6. 2011-yil 12-dekabrda “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 90-moddasiga tuzatish kiritish toʻgʻrisida”gi qonun, yetti yildan besh yilga qaytish

Bitta normaga tuzatish kiritildi. U prezidentning vakolat muddati yetti yildan besh yilga qisqartirilishi bilan bogʻliq edi.

7. 2014-yil 16-aprel, “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ayrim moddalariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (32, 78, 93, 98, 103 va 117-moddalariga)”gi qonun

Oltita norma oʻzgardi. Davlat organlarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish tartibi qonun bilan belgilanishi toʻgʻrisidagi norma kiritildi. Shunigdek, parlament nazoratini amalga oshirish Qonunchilik palatasi va Senatning birgalikdagi vakolati sifatida belgilandi.

8. 2017-yil 6-aprel, “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartishlar va qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida”gi qonun

Yettita normaga oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritildi. Ular sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini taʼminlash maqsadida Sudyalar oliy kengashi hamda iqtisodiy va maʼmuriy sudlar faoliyatining huquqiy asosi mustahkamlanishi bilan bogʻliq edi.

9. 2017-yil 31-may, “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ayrim moddalariga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida (80, 93, 108 va 109-moddalariga)”gi qonun

Toʻrtta norma oʻzgardi. Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, shuningdek, Konstitutsiyaviy sud mustaqilligini mustahkamlashga oid ayrim oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.

10. 2017-yil 29-avgust, “Toshkent shahar xalq deputatlari tuman kengashlariga saylov toʻgʻrisida”gi qonun

Ikkita normaga oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritildi. Jumladan, Toshkent shahri tarkibiga kiruvchi tumanlarga hokim tayinlanishi va lavozimidan ozod etilishi Toshkent shahar hokimi vakolatiga kirishi toʻgʻrisidagi norma belgilandi.

11. 2018-yil 15-oktyabr, “Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) saylovi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun

Bitta norma oʻzgardi. Fuqarolar yigʻinlari oʻzini oʻzi boshqarish organlarida raisni (oqsoqolni) va uning maslahatchilarini emas, balki faqat raisni (oqsoqolni) ikki yarim yil muddatga saylash tartibi kiritildi.

12. 2019-yil 18-fevral, “Xavfsizlik va mudofaa sohasidagi baʼzi davlat organlari faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan oʻzbekiston respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun, MXX DXXga aylandi

Ikkita norma oʻzgardi. Bu oʻzgartirish Oʻzbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmatining nomlanishi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatiga oʻzgarishi bilan bogʻliq.

13. 2019-yil 5-mart, “Hukumatni shakllantirish tartibi demokratlashtirilishi va uning masʼuliyati kuchaytirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun

Uchta norma. Ularga koʻra, Vazirlar Mahkamasi aʼzolarini tasdiqlash va lavozimlaridan ozod qilish bosh vazirning Qonunchilik palatasi maʼqullaganidan keyin kiritilgan taqdimiga binoan amalga oshirilish tartibi joriy etildi.

14. 2019-yil 4-sentyabr, “Saylov toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonun

Ikkita norma. 117-moddada sud muomalaga layoqatsiz deb topgan, ogʻir va oʻta ogʻir jinoyat sodir etgani uchun sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslargina saylovda ishtirok etmasligi, boshqa har qanday hollarda fuqarolarning saylov huquqlarini toʻgʻridan toʻgʻri yoki bilvosita cheklashga yoʻl qoʻyilmasligi toʻgʻrisidagi oʻzgartirish kiritildi.

 

Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev Konstitutsiyaga quyidagi oʻzgartishlar kiritishni taklif qildilar.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiyaning qabul qilingan kuni (08.12.2021y) munosabati bilan halqimizga yoʻllagan tabrigida Konstitutsiyaga oʻzgartirishlar kiritishni taklif qildilar.

Prezident, inson huquqlarini himoya qilish boʻyicha amaldagi tizim samarasini oshirish maqsadida Konstitutsiyada bolalar mehnatiga yoʻl qoʻymaslik, nogironlar, keksa avlod vakillarining huquqlarini ishonchli himoya qilish masalalari oʻz aksini topishi kerakligini taʼkidlab oʻtdilar.

Oʻz navbatida Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev Konstitutsiyaga kiritilishi lozim boʻlgan asosiy oʻzgartirishlarni yoʻnalishlarini sanab oʻtdilar:

 

1)       Muqaddam amal qilib kelgan “DAVLAT — JAMIYAT — INSON” tamoyilini “INSON — JAMIYAT — DAVLAT” deb oʻzgartirish, uni milliy qonunchilikda va huquqiy amaliyotda mustahkamlash;

2)       Iqtisodiy islohotlar jarayonida inson manfaatlarini taʼminlash;

3)       “JAMIYAT – ISLOHOTLAR TASHABBUSKORI” - degan ezgu gʻoya doirasida asosiy qonunda fuqarolik jamiyati institutlarining oʻrni va maqomini konstitutsiyaviy jihatdan mustahkamlash;

4)       Bosh qomusda oila institutini rivojlantirish, ezgu insoniy qadriyatlarni kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish, millatlararo totuvlikni yanada mustahkamlash boʻyicha konstitutsiyaviy asoslarni belgilash;

5)       Yoshlarning huquq va manfaatlarini toʻla taʼminlash maqsadida yoshlar sohasidagi davlat siyosati, yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash masalasi, ularning huquq va burchlarini konstitutsiyaviy darajada aks ettirish;

6)       “YANGI OʻZBEKISTON — IJTIMOIY DAVLAT” tamoyilini konstitutsiyaviy qoida sifatida muhrlash;

7)       Inson huquqlarini himoya qilish boʻyicha amaldagi tizimning samarasini oshirish maqsadida Konstitutsiyada bolalar mehnatiga yoʻl qoʻymaslik, nogironlar, keksa avlod vakillarining huquqlarini ishonchli himoya qilish masalalarini aks ettirish;

8)       Konstitutsiyaga ekologiyaga oid maxsus boblar kiritish. “Oʻzbekiston Konstitutsiyasida ham ushbu dolzarb masalaga doir huquqiy normalar ustuvor oʻrin egallashi kerak”, — dedi Shavkat Mirziyoyev;

9)       Uchinchi Renessansning toʻrt uzviy halqasi boʻlmish bogʻcha, maktab, oliy taʼlim va ilm-fan sohalarini rivojlantirish masalalarini konstitutsiyaviy darajada mustahkamlab qoʻyish.

 

“Albatta, Konstitutsiyani yangilashdek gʻoyat muhim, strategik vazifani hal etishda biz yetti marta emas, yetmish marta oʻylab, xalqimiz bilan har tomonlama maslahatlashgan holda, yurtimiz va jahondagi ilgʻor tajribalarni chuqur oʻrganib, aniq qaror qabul qilishimiz zarur”, — deyiladi prezident tabrigida.

Prezident bu borada Oliy Majlis palatalari, deputat va senatorlar, nuroniylar, xotin-qizlar, yoshlar jamoatchiligi, huquqshunos va siyosatshunos olimlar, ilm-fan namoyandalari, ijodkor ziyolilari, butun xalq bu masalada oʻzining aniq fikr va qarashlarini bildirishiga ishonishini aytdi.

Shavkat Mirziyoyev davlat va siyosat arbobi Uinston Cherchillning quyidagi gapini iqtibos keltirdi: “Yaxshi boʻlish uchun — oʻzgarish kerak, yaxshilarning yaxshisi boʻlish uchun esa yanada koʻproq oʻzgarish kerak”.

Yuqoridagilarni amalga oshirish maqsadida Konstitutsiyaviy komissiya tashkil etildi. Konstitutsiyaviy komissiyaning raisi etib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari Akmal Xolmatovich Saidov va toʻrt kishidan iborat Konstitutsiyaviy komissiya oʻrinbosarlari va ellik ikki kishidan iborat komissiya aʼzolari belgilandi.

Mamlakatimiz aholisini Konstitutsiyani takomillashtirishda faol ishtirok etishi uning xalqchilligini taʼminlaydi. Shu bois, fuqarolarga oʻz takliflarini Konstitutsiyaviy komissiyaga zamonaviy vositalar, xususan “Meningkonstitutsiyam.uz” elektron platformasi, qisqa raqamli koll-markazi, pochta aloqasi, “Telegram” messenjeridagi maxsus bot orqali yuborish imkoniyati yaratildi. Konstitutsiyaviy komissiya tomonidan muntazam ravishla Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha respublikamizning barcha xududlaridan kelgan takliflarni olib, ularni koʻrib chiqilmoqda.

Shuningdek, takliflarni mahallalar va Xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga ogʻzaki yoki yozma shaklda ham bildirish mumkin. Kelib tushayotgan takliflar Konstitutsiyaviy komissiyaning takliflar bilan ishlash guruhi tomonidan koʻrib chiqilib, Konstitutsiyaviy komissiyaning Yigʻma axborot-tahlil guruhi tomonidan oʻrganilib, Konstitutsiyaning boblari yoʻnalishlari boʻyicha tasniflanib, Qonunchilik palatasiga kiritish uchun tavsiya etiladigan takliflar saralanmoqda.

Konstitutsiyaviy komissiya tomonidan berilgan takliflar ommaviy axborot vositalarida va ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilinib, yigʻma axborot-tahlil guruhi tomonidan oʻrganib chiqilmoqda. Jumladan:

Oʻtgan davrda barchaning oʻrnatilgan mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdoridan kam boʻlmagan tarzda taqdirlanish huquqiga egaligi, mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori insonning oʻzi va oilasining hayot kechirishi uchun yetarli miqdorda boʻlishi, xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qilish, ishsizlik va kambagʻallikni tugatish uchun davlat oʻzining barcha imkoniyatlaridan foydalanishi lozimligi, iqtisodiy faoliyatda insofsiz raqobatga, monopollashtirishga yoʻl qoʻyilmasligi, mamlakatda xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay ishbilarmonlik va investitsiyaviy muhit hamda sharoitlarni taʼminlashda davlatning majburiyatlarini belgilashga doir qator takliflar kelib tushgan.

Aholidan insonning asosiy huquq va erkinliklari ajralmas va daxlsiz boʻlib, har kimga tugʻilganidan tegishli ekanligini konstitutsiyaviy mustahkamlash, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi oʻzining aybsizligini isbotlashiga majbur emasligini belgilash, pedagog xodimlarning kasbiy faoliyatiga aralashish, taʼlim oluvchilarning bilimlarini toʻgʻri va xolis baholashga taʼsir koʻrsatishga, shuningdek, ularning xizmat majburiyatlarini bajarishiga toʻsqinlik qilishga yoʻl qoʻyilmasligini Konstitutsiyada aks ettirish kabi yana koʻplab takliflar berilgan.

Takliflar Yigʻma axborot-tahlil guruhi tomonidan koʻrib chiqilib, Konstitutsiyaviy komissiyaga oʻrnatilgan tartibda kiritiladi.

Aholini, fuqarolik jamiyati institutlarini Konstitutsiyaviy islohotlarning hozirgi bosqichi yuzasidan oʻz vaqtida va batafsil xabardor qilish ishlari tizimli ravishda amalga oshirilmoqa.

 

 

Toshkent tuman adliya boʻlimi

yuridik xizmat koʻrsatish markazi

bosh yuriskonsulti Q.A.Shadiyev