Янгиликлар
ISHDAN BO‘ShATISh NAFAQASI MIQDORI TABAQALAShTIRILADI
ISHDAN BO‘ShATISh NAFAQASI MIQDORI TABAQALAShTIRILADI
Xabaringiz bor joriy yil 28 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 798-sonli Qonuni qabul qilindi va yangi tahrirdagi 581 ta moddadan iborat Mehnat Kodeksi ishlab chiqildi. Ushbu yangi tahrirdagi Mehnat Kodeksida amaldagi kodeksga nisbatan ancha qo‘shimcha o‘zgartirishlar kiritilgan. Misol uchun xodimlarga beriladigan yillik mehnat ta'tillarini oladigan bo‘lsak amaldagi Mehnat Kodeksining 134-moddasida xodimlarga o‘n besh ish kunidan kam bo‘lmagan muddat bilan yillik asosiy ta'til berilishi nazarda tutilgan bo‘lsa yangi tahrirdagi Mehnat Kodeksining 217-moddasida har yilgi asosiy yillik mehnat ta'tilining eng kam miqdori 21 kalendar kunidan iborat deb belgilangan. Albatta bu ikkala holatdan tashqari yani asosiy yillik mehnat ta'tildan tashqari qonunchilikda qo‘shimcha mehnat ta'tillari ham beriladi.
Shuningdek ishdan bo‘shatish nafaqasi masalasida ham yangi normalar belgilandi.
Amaldagi MKning 109-moddasida “ishdan bo‘shatish nafaqasining miqdori o‘rtacha oylik ish haqidan kam bo‘lishi mumkin emas” deb belgilangan.
Yangi tahrirdagi kodeksida esa bu borada muhim yangilik. Endilikda ishdan bo‘shatish nafaqasi to‘lash tartibi 173-moddaga ko‘ra xodimning stajiga qarab to‘lanishi belgilandi.
Ya'ni, ishdan bo‘shatish nafaqasining miqdori mazkur ish beruvchidagi ish stajiga bog‘liq bo‘ladi va u:
➖3 yilgacha ish stajiga ega bo‘lgan xodimlar uchun – o‘rtacha oylik ish haqining 50 foizidan;
➖3 yildan 5 yilgacha ish stajiga ega bo‘lgan xodimlar uchun – o‘rtacha oylik ish haqining 75 foizidan;
➖5 yildan 10 yilgacha ish stajiga ega bo‘lgan xodimlar uchun – o‘rtacha oylik ish haqining 100 foizidan;
➖10 yildan 15 yilgacha ish stajiga ega bo‘lgan xodimlar uchun – o‘rtacha oylik ish haqining 150 foizidan;
➖15 yildan ortiq ish stajiga ega bo‘lgan xodimlar uchun – o‘rtacha oylik ish haqining 200 foizidan kam bo‘lishi mumkin emas.
Albatta bu holatda chalg‘imaslik kerak, bunda xodim ish beruvchidagi ish staji nazarda tutilmoqda, ya'ni ishdan bo‘shatilayotgan korxonada ishlagan davri hisoblanadi va umumiy ish stajiga adashtirib yubormaslik kerak.
Eslatib o‘tamiz yangi tahrirdagi mehnat kodeksi 2023 yil 30 apreldan kuchga kiradi.
Bekobod shaxar davlat xizmatlari
markazi bosh yuriskonsulti J.Norqo‘ziyev