Янгиликлар
Nodavlat sport-taʼlim muassasalari uchun soliq imtiyozlari
Nodavlat sport-taʼlim muassasalari uchun soliq imtiyozlari
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 1-iyuldagi PQ-302-son qarori bilan nodavlat sport-ta’lim muassasalari faoliyatini rivojlantirish va ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari tasdiqlandi.
Mazkur qarorda nodavlat sport-ta’lim muassasalari Soliq kodeksiga asosan ijtimoiy sohada faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik shaхslar uchun belgilangan soliq imtiyozlaridan foydalanishi mumkinligi ko‘zda tutilgan.
Qaysi tashkilotlar imtiyozlardan foydalanishlari mumkin?
Quyidagi sohalarda xizmat ko‘rsatuvchi sport-ta’lim muassasalari imtiyozlardan foydalanish huquqiga ega (SK 59-m.):
- ta’lim;
- jismoniy tarbiya va sport.
Jismoniy tarbiya va sport sohasidagi xizmatlarga quyidagilar kiradi:
- sport inshootlarida, maktablarda, sog‘lomlashtirish yo‘nalishidagi klublarda jismoniy tarbiya va sport mashg‘ulotlarini sport turlari bo‘yicha o‘quv guruhlari hamda jamoalarida o‘tkazish xizmatlari, umumjismoniy tayyorgarlik xizmatlari;
- sport musobaqalari yoki bayramlarini, sport-tomosha tadbirlarini o‘tkazish xizmatlari, shuningdek ushbu tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish uchun sport inshootlarini ijaraga berish;
- sport-texnika asbob-uskunalarini, trenajyorlarni, anjomlarni, sport kiyim-boshlarini berib turish bo‘yicha xizmatlar.
Ijtimoiy sohadagi tashkilotlar uchun Soliq kodeksida qanday imtiyozlar nazarda tutilgan?
Ijtimoiy sohadagi tashkilotlar uchun 0 foizlik foyda solig‘i stavkasi nazarda tutilgan (SK 337-m.). Imtiyoz qo‘llanilmaganda, tashkilot soliqqa tortiladigan foydaning 15 foizini to‘lagan bo‘lar edi.
Foyda solig‘i bo‘yicha imtiyozlarni qo‘llash shartlari:
Tegishli faoliyat turlaridan olingan daromadlar tekin olingan mol-mulkni hisobga olgan holda jami yillik daromadning kamida 90 foizini tashkil etishi kerak.
Imtiyozli xizmatlar ko‘rsatishdan olingan daromadlarning umumiy daromaddagi belgilangan ulushiga rioya qilinmagan taqdirda imtiyoz qo‘llanilmaydi.
Nol stavkaning qo‘llanilishi soliq to‘lovchini qo‘llash soliq to‘lovchini foyda solig‘i bo‘yicha hisobot topshirishdan ozod etmaydi.
Sport-ta’lim muassasalari quyidagi imtiyozlardan ham foydalanishlari mumkin:
- ta’lim xizmatlari qismi bo‘yicha QQS;
- mulk solig‘i;
- yer solig‘i bo‘yicha.
QQS bo‘yicha imtiyozni qanday qo‘llash kerak?
Ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha aylanma QQSga tortilmaydi (SK 243-m. 10-b.).
Imtiyoz nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish sohasidagi faoliyat uchun litsenziya mavjud bo‘lganda qo‘llaniladi (14.07.2021-y. O‘RQ-701, 1-ilova, 1-b.).
Eslatma: QQS stavkasi 15 foiz.
Soliq solinadigan va QQSdan ozod qilingan aylanmalarni amalga oshirishda aylanmalarning alohida hisobi yuritilishi kerak. Tashkilot hisobga olish shartlarini hisobga olgan holda sotib olingan tovarlar (xizmatlar) bo‘yicha soliqni hisobga olish yo‘li bilan soliqning umumiy summasini kamaytirishga haqli (SK 266-m.). Bunda soliq solinadigan aylanmaga to‘g‘ri keladigan soliq summasi hisobga olish uchun qabul qilinadi (SK 268-m.).
U alohida-alohida hisobga olish usuli yoki mutanosib usul bilan aniqlanadi.
Masalan, sport-ta’lim muassasasi hisobot davrida quyidagi aylanmalarga ega:
- ta’lim xizmatlarini ko‘rsatishda – 100 mln. so‘m;
- sport tadbirlarini o‘tkazishda – 200 mln. so‘m.
Hisobot davrida sotib olingan mahsulotlar (xizmatlar) qiymati 69 mln. soʻmni, shu jumladan QQS 9 mln. soʻmni tashkil etadi. Tashkilot hisobga olinadigan QQS summasini aniqlashning mutanosib usulini qo‘llaydi.
Mol-mulk solig‘i bo‘yicha imtiyozlar qanday qo‘llaniladi?
Ta’lim, jismoniy tarbiya va sport obyektlari mol-mulk solig‘iga tortilmaydi (SK 414-m.). Soliq solinadigan va soliqqa tortilmaydigan mol-mulk mavjud bo‘lganda soliq solinadigan baza ularni alohida-alohida hisobga olish asosida aniqlanadi (SK 413-m.).
Yer solig‘i bo‘yicha imtiyozlar qanday qo‘llaniladi?
Ta’lim muassasalari, sport va jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish majmualari egallagan yerlarga yuridik shaхslardan olinadigan yer solig‘i solinmaydi (SK 428-m).
Parkent tumani adliya
bo‘limi bosh maslahatchisi A.Xamdamov