Янгиликлар
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Mahallalarda xotin-qizlarning bandligini ta’minlash va salomatligini mustahkamlash markazlari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 650-sonli qarori qabul qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Mahallalarda xotin-qizlarning bandligini ta’minlash va salomatligini mustahkamlash markazlari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 650-sonli qarori qabul qilindi.
Qaror bilan tasdiqlangan Nizomga asosan markazlarning asosiy vazifalari quyidagilar hisoblanadi:
ishsiz, ayniqsa, qishloq joylarda bola tarbiyasi bilan uyda o‘tirib qolgan ehtiyojmand ayollar, shuningdek, “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar bandligini ta’minlash maqsadida mahallalarda tikuvchilik, qandolatchilik, pazandachilik kabi yo‘nalishlarda ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish faoliyatini yo‘lga qo‘yish;
mahallalarning geografik joylashuvi, aholi soni va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha o‘sish nuqtalarini inobatga olgan holda, ishsiz, lekin ishlash istagida bo‘lgan kasb-hunarga ega bo‘lmagan, shuningdek, o‘z bilimlarini yanada mustahkamlash va malakasini oshirish, tadbirkorligini kengaytirish maqsadida qo‘shimcha kasblar va hunarlarga o‘qish istagida bo‘lgan xotin-qizlarni tegishli kasblarga va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitishni tashkil etish. Ularning kelgusida o‘zlashtirgan kasblari bo‘yicha tadbirkorlik faoliyatini boshlashiga va rivojlantirishiga ko‘maklashish;
xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish, bandligini ta’minlash, ularning kasb-hunar egallashlari uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar va imtiyozlar haqida aholini xabardor qilish maqsadida zarur ma’lumot va tavsiyalar berib borish;
xotin-qizlarning salomatligini mustahkamlash maqsadida fitnes, sheyping kabi sog‘lomlashtirishga mo‘ljallangan xizmat ko‘rsatish faoliyatini yo‘lga qo‘yish;
sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, xotin-qizlarning tibbiy madaniyatini rivojlantirish, jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va ommaviy sport harakatlarini tibbiyot profilaktikasi bilan birgalikda yo‘lga qo‘yish;
muqaddam jinoiy javobgarlikka tortilgan, profilaktik ro‘yxatga olingan, jazoni ijro etish muassasalaridan qaytib kelgan xotin-qizlarni doimiy ish o‘rinlari bilan ta’minlash, tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish, ularning o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yish hamda rivojlantirishda, bandligini ta’minlashda, kasb-hunar egallashida ko‘maklashish.
Asos: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 08.11.2022 yildagi 650-sonli qarori.
Parkent tumani adliya
bo‘limi boshlig‘i G.Roxmonkulov