Янгиликлар
Kadastrni rasmiylashtirish qanday tartibda amalga oshiriladi
Kadastrni rasmiylashtirish qanday tartibda amalga oshiriladi
Hozirgi kunda mamlakatimizda uy-joy qurish va rasmiylashtirish tartiblari jadal ravishda o’zgarib bormoqda. Joriy yilning 20-aprelida Vazirlar Mahkamasining “Qurilish sohasiga oid yagona ma’muriy qurilish reglamentlarini tasdiqlash to‘g‘risida” 200-sonli Qarori qabul qilindi. Ushbu Reglament yuridik va jismoniy shaxslarga (keyingi o‘rinlarda — ariza beruvchilar) tegishli bo‘lgan bino va inshootlarning tashqi ko‘rinishini o‘zgartirishni kelishish tartibini belgilaydi. Unga ko’ra ariza beruvchilar bino va inshoot tashqi ko‘rinishini o‘zgartirishni kelishish uchun Davlat xizmatlari markazlariga o‘zi kelib murojaat etadi yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (keyingi o‘rinlarda — YIDXP) davlat xizmatidan elektron tarzda foydalanish uchun ro‘yxatdan o‘tadi. Bino va inshoot tashqi ko‘rinishini o‘zgartirishni kelishish uchun arizalar YIDXP orqali dam olish va bayram kunlaridan qat’iy nazar, har kuni 24 soat davomida yuborilishi mumkin. Bunda arizalar ish vaqtidan keyin yoki dam olish va bayram kunlari kelib tushganda navbatdagi ish kuni arizalarning vakolatli organga kelib tushgan va qabul qilingan kun hisoblanadi. Undan tashqari bundan ikki yil oldin 2020-yilning 3-sentabrida Vazirlar Mahkamasining “Kadastr sohasida ayrim davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentlarini tasdiqlash to‘g‘risida” 535-sonli Qarori ham qabul qilingan. Ushbu Reglament yuridik va jismoniy shaxslarga (keyingi o‘rinlarda — ariza beruvchi) mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgan ko‘chmas mulk obyektiga kadastr pasportini berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatish tartibini belgilaydi. Ko‘chmas mulk obyektini kadastr hisobiga olish va kadastr yig‘majildini shakllantirish natijasida ko‘chmas mulk obyekti bo‘yicha elektron shaklda kadastr pasporti rasmiylashtiriladi. Kadastr pasportida mulkdor va huquq belgilovchi hujjatlar haqidagi ma’lumotlar aks ettirilmaydi. Ko‘chmas mulk obyektiga kadastr pasporti quyidagi hollarda rasmiylashtiriladi yoki qayta rasmiylashtiriladi va ular quyidagich:
ko‘chmas mulk obyekti bo‘yicha birlamchi xatlov ishlari bajarilganda;
ko‘chmas mulk obyektining bir qismi begonalashtirilganda yoki yer uchastkasi alohida bo‘linganda (bunda ikki qismga alohida kadastr pasporti shakllantiriladi);
qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalari xususiylashtirilgandan so‘ng ularning bir qismiga bo‘lgan huquq boshqa shaxsga o‘tganda;
yer uchastkasining maydoni yoki chegara nuqtalari o‘zgarganda;
ko‘chmas mulk obyektining manzilini belgilashda yoki o‘zgartirishda;
ko‘chmas mulk obyektining toifasi o‘zgarganda;
o‘z yer uchastkasida tegishli ruxsatnomalarni rasmiylashtirmasdan qurilgan bino va inshootlar mavjud bo‘lganda.
Kadastr pasportini olish hamda belgilangan tartibda ko‘chmas mulkni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun ariza beruvchining ixtiyoriga ko‘ra bir vaqtda yoki alohida murojaat qilish mumkin.
Belgilangan tartibda kelishilgan loyiha hujjatlariga ko‘ra obyektning qurilishi (rekonstruksiyasi) tugallangan taqdirda, bitta so‘rovnomaga asosan kadastr pasporti, qurilishi (rekonstruksiyasi) tugallangan obyektdan foydalanish uchun ruxsatnomasi, ko‘chmas mulk davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi reyestrdan ko‘chirma bir vaqtda beriladi. Ko‘chmas mulk obyektiga bo‘lgan mulk huquqi yoki boshqa ashyoviy huquqlar vujudga kelganda, boshqa shaxsga o‘tganda, bekor bo‘lganda yoki ko‘chmas mulk obyektining huquqiy holati o‘zgarganligini tasdiqlash yoki qurilishi (rekonstruksiyasi) tugallangan bino va inshootlarni foydalanishga qabul qilish bo‘yicha murojaat qilinganda, ariza beruvchining ixtiyoriga ko‘ra qog‘oz yoki plastik shakldagi kadastr pasporti beriladi. Ariza beruvchi kadastr pasportini olish uchun Davlat xizmatlari markaziga o‘zi kelib murojaat etadi yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (keyingi o‘rinlarda — YIDXP) davlat xizmatidan elektron tarzda foydalanish uchun ro‘yxatdan o‘tadi. Rasmiylashtirilgan dalolatnomaga asosan murojaat (so‘rovnoma) ko‘rilmasdan qoldirilganligi haqida DK filiali mas’ul xodimlari tomonidan ERI bilan tasdiqlangan xabarnoma 1 ish kuni davomida tegishli Davlat xizmatlari markaziga (o‘zi kelib murojaat etgan taqdirda) yoki ariza beruvchiga (elektron tarzda murojaat etgan taqdirda) YIDXP orqali elektron shaklda yuboriladi. Kadastr yig‘majildi shakllantirilgandan so‘ng DK filiali tomonidan kadastr pasporti berish va ko‘chmas mulk obyektiga bo‘lgan huquqni ro‘yxatdan o‘tkazish (talab etilganda) uchun to‘lov miqdori qiymati ko‘rsatilgan xabarnoma (invoys) Davlat xizmatlari markaziga (o‘zi kelib murojaat qilgan taqdirda) yoki ariza beruvchiga (elektron shaklda murojaat qilgan taqdirda) YIDXP orqali elektron shaklda yuboradi.
Parkent tuman adliya bo’limi
davlat xizmatlari markazi
yetakchi mutaxassisi Turg’unov Ixtiyorbek Ortig’ali o’g’li