Янгиликлар
ATROF-MUHITNI MUHOFAZA QILISHDA AMALGA OSHIRILAYOTGAN HUQUQIY ISLOHOTLAR.
ATROF-MUHITNI MUHOFAZA QILISHDA AMALGA OSHIRILAYOTGAN HUQUQIY ISLOHOTLAR.
Bugun dunyo iqtisodiyoti rivojlanishi bilan parallel ravishda ekologik inqiroz ortib, insoniyat xavfsizligiga taxdid soluvchi ekologik xavf-xatarlar ko’lami kengayib bormoqda. Tabiat undagi salbiy o’zgarishlar, ekotizimning buzilishi, oqibatda insoniyat sog’lig’iga, genofondiga jiddiy putur yetishi bugun dunyo hamjamiyatini tashvishga solayotgan muammolardan birididir.
Anomal iqlim hodisalarining asosiy sababi bo’lgan, ko’plab davlatlarda uzoqni o’ylamay, faqat moddiy manfaatni ko’zlaydigan sanoat korxonalarining atmosfera havosiga chiqarayotgan zaharli gazlari, tarnasport vositalari va boshqa manbalardan chiqayotgan zaharli gazlar natijasida issiqxona effekti yuzaga kelib, atmosferaning ifloslanishi yildan-yilga ortib bormoqda.
Birgina misol, 2011-yilda O’zbekiston atmosferasiga 788,2 ming tonna ifloslantiruvchi moddalar chiqarilgan bo’lsa, 2021-yilda ushbu ko’rsatkich 909 ming tonnaga yetgan.
Ustiga ustak, urbanizatsiya rivoji, uning kengayishi natijasida yashillik chekinib, betonlashish ortmoqda. Oqibatda shahar hududlarida kun va tun harorati o’rtasida farq yo’qolib bormoqda. Bugun dunyoda suv resurslarining kamayib borayotganligi, tuproq qatlamining yemirilib borishi qo’shloq xo’jaligi hosildorligiga salbiy ta’sir ko’rsatmoqda. Dengizlarga tashlanayotgan chiqindilar natijasida tabiiy suv havzalari (dengiz, okean va h.k) ifloslanib, suv hayvonlari turlari tobora kamayib bormoqda.
Yuqoridagi muammolarni yechish, ularni oldini olish maqsadida dunyo davlatlari tomonidan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan yurtimizda ham ekologik xavfsizlikni ta’minlash, aholining ekologik qulay yashash sharoitlarini ta’minlash uchun atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida kompleks chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.
Mamalakatimizda ushbu muammo davlat siyosati darajasiga ko’tarilib, uning huquqiy yechimlari ishlab chiqilmoqda.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-dekabrdagi “Respublikada ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-46-son Farmoniga asosan “Yashil makon” umummilliy loyihasini tadbiq etish belgilandi.
Loyihaga asosan, mamlakat miqyosida daraxtzorlarni ko‘paytirish, ko‘chatxonalar sonini ko‘paytirish, tuproq unumdorligini hisobga olgan holda, hududlar iqlimiga mos xorijiy manzarali daraxtlarni mahalliylashtirish; hududlarda “yashil bog‘lar” va “yashil jamoat parklari”ni barpo etish va boshqalar nazarda tutilgan.
Shuningdek, Farmon bilan davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriyning amal qilishi muddatsiz davrga uzaytirildi. Moratoriy davrida davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarini kesish, kundakov qilish, shikastlantirish yoki yo‘q qilishni nazarda tutuvchi ko‘rsatmalarni o‘z ichiga olgan hukumat farmoyishlari, bayonnomalar, yozma topshiriqlar, idoraviy hujjatlar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining ko‘rsatmalari va qarorlarini qabul qilish qat’iyan taqiqlandi.
Yangi quriladigan, balandligi 12 metrdan ortiq, shuningdek, umumiy maydoni 500 kvadrat metrdan ortiq bino inshootlarni loyihalashtirishda ushbu obyektlarga tutash hududlarning ko‘kalamzorlashtirish maydonlari yer uchastkalarining umumiy maydonining 25 foizidan kam bo’lmasligi belgilandi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 30-oktabrda “2030-yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasining atrof muhitni muhofaza qilish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi PF-5863-son Farmoni qabul qilindi. Farmonga asosan 2020-yil 1-yanvardan boshlab “Yevro-4”dan past ekologik toifadagi motor yoqilg‘isini ishlab chiqarish bo‘yicha yangi quvvatlarni ishga tushirish;
2022-yil 1-yanvardan boshlab “Yevro-3”dan past ekologik toifadagi motor yoqilg‘isini, 2023-yil 1-yanvardan boshlab esa “Yevro-4”dan past ekologik toifadagi motor yoqilg‘isini “vaqtincha olib kirish” va “erkin muomala uchun chiqarish” bojxona rejimiga joylashtirish;
2022-yil 1-yanvardan boshlab zaharlilik darajasi “Yevro-4” ekologik toifa talablariga mos kelmaydigan gaz, benzin va dizel dvigatellari bilan jihozlangan “M” va “N” toifalaridagi g‘ildirakli transport vositalaridan foydalanish va ularni sotish maqsadida “vaqtincha olib kirish” va “erkin muomala (import) uchun chiqarish” bojxona rejimiga joylashtirish taqiqlandi.
Qolaversa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 4-oktabrdagi PQ-4477-son qaroriga asosan 2019 — 2030-yillar davrida O‘zbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga o‘tish strategiyasi tasdiqlandi.
Yuqoridagilardan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 27-maydagi 434-son qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasida Ekologik ta’limni rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlandi.
Biroq, yuqoridagi chora-tadbirlar, huquqiy islohotlarga qaramay atrof-muhitning tobora ifloslanishi, yashillikning chekinishi, atmosfera havosining ifloslanish darajasi ortib bormoqda. Toshkent shahri havosining ifloslanish darajasi bo’yicha yuqori o’rinda ekanligi ushbu fikrlar isbotidir.
Bugungi kunda ekologik xavf-xatarlar global miqyosda ahamiyat kasb etuvchi muammolardan hisoblanadi, ularni bartaraf etish esa, faqatgina davlatning muammosi bo’lib qolmasligi kerak. Ushbu xavf-xatarlarni bartaraf etishga, atrof-muhitni asrashga barcha birdek mas’uldir.
Shuningdek, barcha davlatlar, barcha aholi qatlami ushbu muammoni bartaraf etish uchun o’z kuch va vositalarini birlashtirishi va birgalikda safarbar etishi lozim.
Xulosa, o’rnida aytib o’tish kerakki, ekologik muammolarga panja ortidan qarash yaramaydi. Atrof-muhit tozalaigiga be’etibor bo’lish alaloqibat inson uchun xatarli yakunlanishi mumkin. Ushbu ma’suliyatni faqat davlatga yuklash emas balki, hamma yashash uchun o’zining qulay atrof-muhitga ega bo’lish huquqini o’zi ta’minlashi zarur.
Parkent tumani adliya bo’limi Yuridik xizmat
ko’rsatish markazi bosh yuriskonsulti D.Turdaliyev