Янгиликлар
Yangi Mehnat kodeksi qabul qilindi
Yangi Mehnat kodeksi qabul qilindi
Yangi Mehnat kodeksiga ko'ra, yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar va ular bilan bevosita bog'liq ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solishning asosiy prinsiplari etib quyidagilar belgilandi:
mehnat huquqlarining tengligi, mehnat va mashg'ulotlar sohasida kamsitishni taqiqlash; mehnat erkinligi va majburiy mehnatni taqiqlash; mehnat sohasidagi ijtimoiy sheriklik; mehnat huquqlari ta'minlanishining va mehnat majburiyatlari bajarilishining kafolatlanganligi;xodimning huquqiy holati yomonlashishiga yo'l qo'yilmasligi.
Yangi Mehnat kodeksiga ko’ra: mehnatiga vaqtbay haq toʻlanadigan xodim har xil malaka talab etiladigan ishlarni bajarganda unga yuqori malaka bo’yicha haq to’lanadi; dam olish kuni bayram kuniga to’g’ri kelsa keyingi kunga ko’chiriladi; ishdan bo’shatish nafaqasi 200 % gacha to’lanadi.
Yillik asosiy ta’til muddati kamida 21 kalendar kun etib belgilanmoqda.
Amaldagi tartibga ko’ra 15 ish kunidan kam bo’lmasligi lozim.
Yangi Mehnat kodeksiga binoan, xizmat tekshiruvi o’tkazish tartibi belgilanmoqda.
Xizmat tekshiruvi o’tkazish to’g’risida qaror qabul qilish uchun: OAVning xabarlari; xodimning bevosita rahbarining bildirgisi; murojaatlar hamda xodim tomonidan intizomiy qilmish sodir etilgan deb taxmin qilish uchun asos beradigan boshqa ma’lumotlar asos bo’ladi.
Ishdan chetlashtirish davrida xodimning o’rtacha oylik ish haqi quyidagi hollarda saqlab qolinishi belgilanmoqda: mehnatni muhofaza qilish sohasida o‘quvdan, tekshiruvdan yoki majburiy tibbiy ko’rikdan o’tmaganida xodimning aybi bo’lmasa; xodimga ish beruvchi tomonidan shaxsiy va (yoki) jamoaviy himoya vositalari berilmagan, shuningdek agar xodim ish beruvchi tomonidan unga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazilishi munosabati bilan ishdan chetlashtirilgan bo‘lsa.
Xodimga bitta tashkilotda yoki tarmoqda ko’p yilllik ish staji uchun qo’shimcha ta’til berish tartibi joriy etilmoqda.
Qo’shimcha ta’til xodimning har 5 yilllik ish staji uchun 2 kunga, lekin jami 8 kundan ortiq bo’lmagan muddatga ko’paytiriladi.
Xodimning shaxsga doir maʼlumotlarini himoya qilish masalalari Mehnat kodeksi bilan mustahkamlandi.
Yuqori Chirchiq tuman adliya bo`limi boshlig`i Oybek Buriyev