Янгиликлар
O`zbekistonda intellektual mulk sohasidagi davlat boshqaruviga doir islohatlar
O`zbekistonda intellektual mulk sohasidagi davlat boshqaruviga doir islohatlar.
|
Oybek Buriyev Yuqori Chirchiq tuman adliya bo`limi boshlig`i |
Jahongir Zokirov Yuqori Chirchiq tuman adliya bo`limi yetakchi maslahatchisi |
Annotatsiya
Mazkur maqolada intellektual mulk sohasidagi davlat boshqaruviga doir isohatlar va muammolar koʻrib chiqilib, milliy qonunchilikdagi oʻzgarishlar, intellektual mulk qonunchiligini qoʻllash tartibi hamda xorijiy tajriba tahlil qilinadi. Maqolada intellektual mulkni qonuniyligi tahlil qilinib, ushbu sohadagi huquqiy munosabatlarni tartibga soluvchi normativ bazani yanada takomillashtirishga doir dolzarb masalalar muhokama qilinadi.
Kalit so`zlar: intellektual faoliyat natijasi, mualliflik huquqi, Butun jahon intellectual mulk tashkiloti, tovar belgisi, sanoat mulki namunasi, blokcheyn, kripto-aktivlar, huquq egasi.
Аннотация
В данной статье рассматриваются вопросы и задачи государственного управления в сфере интеллектуальной собственности, анализируются изменения в национальном законодательстве, порядок применения законодательства об интеллектуальной собственности и зарубежный опыт. В статье анализируется законность интеллектуальной собственности и рассматриваются актуальные вопросы дальнейшего совершенствования нормативно-правовой базы, регулирующей правоотношения в этой сфере.
Ключевые слова: результат интеллектуальной деятельности, авторское право, Всемирная организация интеллектуальной собственности, товарный знак, образец промышленной собственности, блокчейн, криптоактивы, правообладатель.
Annotation
This article examines the issues and challenges of public administration in the field of intellectual property, analyzes changes in national legislation, the procedure for applying intellectual property legislation and foreign experience. The article analyzes the legality of intellectual property and discusses topical issues to further improve the regulatory framework governing legal relations in this area.
Keywords: result of intellectual activity, copyright, World Intellectual Property Organization, trademark, sample of industrial property, blockchain, crypto-assets, right holder.
Kirish
Hozirgi raqobatdosh jamiyatda intellektual mulkning ahamiyati kundan-kunga oshib bormoqda. Bu sohadagi ko`plab qonunlarning qabul qilinishi qonun buzilishlarining hamda mulk egasining huquqi tiklanishida katta hissa qo`shmoqda. Eng muhimi odamlar o`zlarining intelekt asarlari natijasida dunyo bo`ylab daromad ko`ryaptilar. Bu esa o`z-o`zidan ularning hayoti yaxshilanishida va ilm-fanning rivojlanishida asosiy motiv bo`loladi desak mubolag`a bo`lmaydi. Ma’lumki, intellektual mulk ixtirolar, patentlar, dizaynlar, san'atning har qanday turi va hokazolarni o'z ichiga olgan ijodiy yondashuv natijasi deb ta'riflanadi. Xar qanday inson oʻz turmush tarzi, oʻz qiziqishlari, kasbi-kori va boshqa sohalarda ijodiy yondashuv asosida juda muhim samarali natijalarga erisha oladi. Ijodkorlik ijodkor shaxs bilan uzviy bogʻliq, undan ajralmas xususiyatdir. Ijodkorlik bu oʻziga xos salohiyat, qobiliyat, layoqat xisoblanadi.[1]
Muzokaralar va natijalar
Bizningcha, intellektual mulk huquqlarini o'rnatishdan asosiy maqsad tashkilotlar va jismoniy shaxslarga ixtiro qilish va innovatsiya erkinligiga ega bo'lish imkonini beradigan muhitni rivojlantirishdir. Intellektual mulk global iqtisodiy o'sishning asosiy harakatlantiruvchi kuchi hisoblanadi. Mutaxassislarning intellektual mulk faktlari va raqamlarini to'plash uchun ko'p vaqt sarflashining sababi ham shu. Bu orqali mutaxassislar intellektual mulkning ijodkorlik va rivojlanishni rag‘batlantirishdagi samaradorligini o‘lchashlari mumkin.
Keling, ba'zi AQSHdagi intellektual mulk statistikasiga e’tibor qaratsak. Dunyo bo`yicha texnologik yangiliklarning 22 foizi AQSHning hissaiga hamda AQShdagi ish o'rinlarining 27,7 foizi intellektual mulkni talab qiladigan sohalarga to'g'ri keladi. Shuningdek, mazkur davlat yalpi ichki mahsulotining 38,2 foizi intellektual mulkni talab qiluvchi sohalarga toʻgʻri keladi. Intellektual mulkni o'g'irlash har yili 225-600 milliard dollarga tushadi. AQShda ma'lumotlar buzilishining o'rtacha qiymati 8,64 million dollarni tashkil qiladi. Patent da'vosini himoya qilish uchun o'rtacha xarajatlar 3 million dollardan oshadi va har yili 12 000 ga yaqin intellektual mulk ishi ochiladi.[2]
Ko`rishimiz mumkinki, intellektual mulk bitta davlat miqyosida qanchalik muhim o`rin tutmoqda, masalan, yalqi ichki mahsulotning 38.2 foizi aynan mazkur sohaga to`gri kelmoqda ekan. Shuning uchun ham dunyo hamjamiyati mazkur sohani huquqiy jihatdan himoya qilishni muhim deb hisoblaydilar. Buning uchun esa Bujun jahon intellektual mulk tashkiloti (WIPO) tuzilgan desak mubolag`a bo`lmaydi. Mazkur tashkilot intellektual mulkni muhofaza qilish sohasidagi birinchi xalqaro tashkilotdir. U amalda 1893 yilda diplomatik konferensiyada Adabiy va badiiy asarlarni himoya qilish to‘g‘risidagi Bern konvensiyasi va Sanoat mulkini muhofaza qilish to‘g‘risidagi Parij konvensiyasining ma’muriy vazifalarini bajaruvchi ikkita byuro BIRPI (intellektual mulkni himoya qilish bo‘yicha birlashgan xalqaro byurolar) deb nomlanadigan yagona muassasaga birlashishi natijasida tashkil qilingan.
Ushbu muassasani tashkil qilishdan maqsad davlatlar va xalqaro tashkilotlarning hamkorligi orqali intellektual mulkini muxofaza qilishga koʻmaklashishdir. Shuni ta’kidlash kerakki, intellektual mulkni rag‘batlantirishga doir normalar ko‘plab rivojlangan mamlakatlarning bosh qomusidan o‘rin olgan. Xususan, AQSH Konstitutsiyasiga ko‘ra, mamlakat Kongressi ilm-fani rivojlantirish hamda mualliflar va ixtirochilarga ularning ijodiy mahsulotlariga nisbatan mutlaq huquqlarni belgilash bilan bog‘liq vakolatga ega. Rossiya Federatsiyasi Konstitutsiyasining 44-moddasiga ko‘ra, har bir shaxsga adabiy, badiiy, ilmiy, texnik va ijodiyotning boshqa turlari hamda ta’lim berish kafolatlanishi hamda intellektual mulk qonun bilan himoya qilinishi belgilangan.[3]
O‘zbekiston Respublikasi ham 1991-yilda muastqali bo`lgach, demokratik jamiyat qurishga kirishda hamda intellektual mulk sohasida chuqur islohatlarni amalga oshira boshladi. Bu borada esa Konstitutsiyamiz va qonunlarni xalqaro mezonlar darajasiga yetkazishdagi muhim qadamlar amalga oshirildi. Xususun, O‘zbekiston Respublikasi 1991-yil 25 – dekabrda Butun jahon intellektual mulk tashkilotiga a’zo davlatlar qatoriga qo‘shildi. Natijada, yillar davomida Prezidentimiz tomonidan mazkur sohani jahon hamjamiyati bilan uyg`unlashtirishda qaror, farmonlar qabul qilindi. Keling, mazkur yangiliklarni ketma-ket ko`rib chiqamiz.
2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasiga[4] muvofiq hamda davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini tubdan takomillashtirish maqsadlaridan biri sifatida Intellektual mulk tashkiloti Adliya vazirligi tarkibiga o`tkazildi. Mazkur o`zgarish esa 2019-yil 8-fevraldagi “Intellektuаl mulk sohаsidа dаvlаt boshqаruvini tаkomillаshtirish chorа-tаdbirlаri toʼgʼrisidа”gi PQ-4168-son qarori va 2019-yil 1-iyuldagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-4380 -sonli "O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g'risida" qarorilarida nazarda tutilgan. Yuqorida aytganimizdek, ushbu qarorlar natijasida Intellektual mulk agentligi Adliya vazirligi tarkibiga o‘tkazildi. Masalan, ikkinchi qaror asosida Adliya vazirligi huzurida O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri rais hisoblanadigan intellektual mulk obyektlarining huquqiy muhofazasi bilan bog‘liq bo‘lgan apellatsiyalarni sudgacha ko‘rib chiquvchi Apellatsiya kengashi tashkil etilib, Apellatsiya kengashi tarkibiga intellektual mulk sohasidagi mustaqil olimlar va mutaxassislar kirishi va Apellatsiya kengashining tarkibida Adliya vazirligi xodimlari soni Apellatsiya kengashi a’zolari umumiy sonining o‘ttiz foizidan oshmasligi belgilandi.
Shu bilan birgalikda 2021 yil 28 yanvarda Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining “Intellektual mulk obyektlarini muhofaza qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4965-sonli qarori qabul qilinishini alohida ta’kidlash lozim. Mazkur qarorga binoan, Butunjahon intellektual mulk tashkiloti bilan hamkorlikda “Intellektual mulkni rivojlantirish sohasida O‘zbekiston Respublikasining milliy strategiyasi” ishlab chiqilmoqda. Shuningdek, qarorga binoan eng yaxshi intellektual mulk obyektlari yaratuvchilarini Agentlik tomonidan Butunjahon intellektual mulk tashkilotining maxsus mukofotlariga taqdim etish joriy qilindi. Shuningdek, Butunjahon intellektual mulk tashkilotining masofaviy o‘qitish tizimi asosida Intellektual mulk agentligi veb-sahifasida masofaviy o‘qitish tizimini joriy etish mexanizmi yo`lga qo`yildi.
Bundan tashqari, 2021-yil 28-mayda Minsk shahrida qabul qilingan “MDH ishtirokchi – davlatlarining soxta tovar belgilari va geografik koʻrsatkichlardan foydalanishning oldini olish va unga chek qoʻyish boʻyicha hamkorligi toʻgʻrisidagi Bitimni ratifikatsiya qilish haqida”gi Qonun (OʻRQ–751-son, 07.02.2022-y.) Prezident tomonidan imzolandi. Unga ko`ra, adashtirib yuborish darajasida bir xil boʻlgan tovar belgilari va geografik koʻrsatkichlarni ishlab chiqarish va realizatsiya qilish bilan bogʻliq holatlarni aniqlash, ularning oldini olish hamda ogohlantirish, MDH ishtirokchi – davlatlari chegaralarida bu kabi tovarlarning harakatlanishining oldini olish boʻyicha tomonlarning hamkorlik qilishiga kerakli shart-sharoitlarni yaratish bo`yicha ustuvor yo`nalishlar belgilandi. Mazkur normativ-hujjatlarning qabul qilinishi intellektual mulk sohasidagi qonunchilikni yangi pog`anaga olish chiqishda va uni Butun jahon intellektual mulk tashkiloti bilan yo‘lga qo‘yilayotgan hamkorliklarni mustahkamlashga va milliy mahsulotlarimizni jahon bozoriga olib chiqishga xizmat qiladigan muhim omil sanaladi.
Shuningdek, bu sohadagi davlat boshqaruvi ham yildan-yilga o`zgarib, demokratik tusga ega bo`lmoqda. Masalan, yuqorida aytganimizdek, Intellektual mulk agentligi Adliya vazirligiga o`tkazilganidan keyin sohadagi qonun buzilishlarining miqdori kamaytildi. Endilikda, intellektual mulk qonunchiligi talablarini buzganlik uchun katta miqdorda jarima belgilandi. Jumladan, Prezident tomonidan 02.02.2022-yildagi “Intellektual mulk obyektlari toʻgʻrisidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi OʻRQ-749-son Qonun imzolandi. Ushbu qonunga ko`ra, 1994-yil 6-maydagi “Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari to‘g‘risida”gi 1062-XII-son qonun “Sanoat mulki obyektlari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun jarima solish asoslari va tartibi, shuningdek, yuridik shaxslar tomonidan jarimani to‘lash tartibi” bo‘limi bilan to‘ldirilgan. Xususan, sanoat mulki obyektlari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik asoslari belgilanib, yuridik shaxslarga BHMning 100 baravaridan 200 baravarigacha (54 million so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Quyida amalyotdan misol keltirishga harakat qildik, chunki “quruq qoshiq og`iz yirtadi” deganlaridek, har bir so`z va gap o`z isboti bilan bo`lsa, uning ishonchlilik darjasi ortib boraveradi. Xabarimiz bor, bir necha oy oldin, ya’ni 2022-yil 13-yanvarda Fuqarolik ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tumanlararo sudida xonanda Sanjay tomonidan kuylangan “Karvon” qo‘shig‘i bo`yicha ish ko`rib chiqildi. Aslida, mazkur qo`shiq so`zi O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azimga tegishli bo‘lib, uning mualliflik huquqi obyekti hisoblanadi. “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi qonunining 18-moddasi 3-qismida shunday deyiladi:
Asarni nashr qilish, omma oldida ijro etish yoki undan boshqacha tarzda foydalanishda asarning o‘ziga, nomiga va muallifning ismi-sharifi ko‘rsatilishiga biron-bir o‘zgartish kiritishga faqat muallifning roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi.
Lekin, bizning “qahramonimiz” Usmon Azimdan ruxsat olmasdan ijro etgan va qonun buzlishiga yo`l qo`ygan. Natijada, sud Usmon Azim foydasiga 97 million 800 so‘m undirib bergan.
Endi, ikkinchi misolga diqqatimizni qaratamiz. 2022-yil 4-mart kuni bo‘lib o‘tgan fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumanlararo sudida O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist Qo‘ziyev Toir Asqarovich manfaatlari yuzasidan kiritilgan da’vo arizasi ko`rib chiqildi. Ishning holatlariga binoan Toshkent shahridagi mashhur restoran xonandaga tegishli bo`lgan “Cumite” nomli musiqiy asaridan uning roziligini olmasdan foydalangan. Bu ham yuqoridagi qonunning ko`rsatilgan moddasini qo`pol buzlishi hisoblanib, Qo‘ziyev Toir Asqarovich foydasiga 5million so`m undirib berilgan. Ushbu kiritilgan da’vo arizasining o‘ziga xos jihati shundan iboratki, “UzAvtor” tomonidan mamlakatimizda ilk marotaba muallifning ruxsatisiz uning asaridan foydalanganlik uchun restoran sudga berildi.[5]
Eng muhim yangiliklardan biri bu – Prezident farmoni bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi Oʻzbekistan Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi etib qayta tashkil etildi, ya’ni blokcheyn va kripto agentligi, desa ham boʻladi. Unga ko`ra, quyidagilar Agentlikning ustuvor vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari etib belgilandi:
Ø kripto-aktivlar aylanmasi sohasida yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish;
Ø kripto-aktivlar aylanmasi sohasida investorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini taʼminlash;
Ø kripto-aktivlar aylanmasi sohasida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurollarini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha choralarni ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etish;
Ø davlat boshqaruvi va turli ijtimoiy-iqtisodiy sohalarga maʼlumotlarning taqsimlangan reyestri texnologiyasini va boshqa eng yangi texnologiyalarni joriy etish boʻyicha loyihalarni tashabbus qilish va ilgari surishga koʻmaklashish.
Fikrimizcha, blokcheyn o‘z navbatida mualliflik huquqini qayd etishning alternativ varianti hisoblanadi. Uning afzalliklari doirasiga to‘xtalishimiz joiz.
Birinchidan, blokcheyndan foydalanish raqamli aktivlarni nazorat qilish imkoniii yaratadi, qaysiki o‘z o‘rnida intellektual mulk huquqining himoyasini ta’minlashda, xususan mualliflikni hamda asarning yaratilishi bilan bog‘liq jarayonlarni isbotlash vositasi sifatida xizmat qiladi;[6]
Ikkinchidan, mazkur texnologiya huquq egalariga ularga tegishli bo‘lgan intellektual faoliyat natijasidan foydalanish hamda tijoratlashtirish shartlarini mualliflar tomonidan erkin belgilanishini kafolatlaydi;
Uchinchidan, asar, uning nusxasining yaratilishi bilan bog‘liq nizolarni hal qilish jarayonlarini osonlashtiradi;
To‘rtinchidan, aynan mualliflik huquqining har qanday davr va bosqichda qonuniy muomalaga kiritilishini ta’minlaydi.[7]
Bundan anglashimiz mumkinki, mazkur agentlik yangi ijtimoiy munosabat hisoblanmish blokcheyinning huquqiy jihatdan tartibga solinishida muhim rol o`ynaydi.
Shuningdek, “Intellektual mulk sohasini yanada rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ–221-son, 26.04.2022-y.) qabul qilindi. Unga muvofiq, Davlat bojxona qoʻmitasi Intellektual mulk obyektlarining bojxona reyestriga (Reyestr) kiritilgan tovar belgilari boʻyicha qonunchilik talablari buzilishi haqida xabar beradi. Undan tashqari, Intellektual mulk huquqlarini himoya qilish boʻyicha texnik jihatdan tartibga solish va sohadagi qonunchilik talablariga qatʼiy rioya etilishi Texnik jihatdan tartibga solish agentligi va Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi tomonidan amalga oshirilishi belgilandi. 2022-yil 1-sentyabrdan “Yagona darcha” bojxona tizimi orqali intellektual mulk obyektlarini Reyestrga kiritish toʻgʻrisidagi arizalarni elektron yuborish va ariza holatini onlayn kuzatib borish hamda natijasi boʻyicha arizachilarni xabardor qilish tartibi yoʻlga qoʻyiladi. Mazkur qaror bilan 2022–2026-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida intellektual mulk sohasini rivojlantirish strategiyasi tasdiqlandi.
Nihoyat intellektual mulk sohasidagi davlat boshqaruviga oid islohatlarning eng muhimi va qiziqarlisiga keldik. Bilamizki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 17-martdagi PF-89-sonli “Fuqarolarning huquq va erkinliklarini taʼminlash hamda huquqiy xizmat koʻrsatishda adliya organlari va muassasalari faoliyati samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” farmonga muvofiq Adliya vazirligi doirasida qator o`zgarishlar amalga oshirildi. Unga ko`ra, Davlat xizmatlari agentligi va Intellektual mulk agentligi bevosita Adliya vazirligiga, ularning hududiy tuzilmalari esa hududiy adliya organlariga qoʻshildi. Natijada boshqaruv xodimlari soni 110 taga yaʼni 2,2 foizga (birgina markaziy apparat 10 foizga yaʼni 356 tadan 320 taga) qisqartirildi. Endilikda, Intellektual mulk agentligi alohida agentlik emas, balki adliya organlari qatorida faoliyat yuritadi. Bundan ko`zlangan maqsad, bizningcha, byurokratiyani oldini olish, davlat budjetini tejash hamda xodimlar shtatini optimallashtirishdir.
Xulosa
Yuqoridagi fikr va mulohazalrdan kelib chiqib, shuni aytish mumkinki, intellektual mulkning jamiyatimizdagi ijtimoiy o`rni oshib bormoqda. Aytib o`tganimizdek, blokcheyn texnologiyasi o‘z o‘rnida, huquqning tasdiqlashini yangi, oson usulini taqdim etadi. Yoki bo`lmasa, Davlat bojxona qoʻmitasi Intellektual mulk obyektlarining bojxona reyestriga (Reyestr) kiritilgan tovar belgilari boʻyicha qonunchilik talablari buzilishi haqida xabar berish tizimining joriy etilishi, aniqki, ijodiy intellektni himoya qilishning asosiy usulidir. Chunki, har qanday chet el mamlakatlaridan kirib kelayotgan mahsulotlar bojxona organlaridan ro`yxatdan o`tkaziladi. Prezidentimizning 2022-yil 17-martdagi PF-89-sonli farmoni asosida Adliya vazirlgi ichki hujjati asosida Intellektual mulk agentligi uning organlariga qo`shib yuborildi. Bu esa mazkur sohada davlat boshqaruvidagi islohatlarning optimallashtirilishidir, fikrimizcha.
Foydalanilgan adabiyotlar ro`yxati
Normativ-huquqiy hujjatlar:
1) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 17-martdagi PF-89-sonli “Fuqarolarning huquq va erkinliklarini taʼminlash hamda huquqiy xizmat koʻrsatishda adliya organlari va muassasalari faoliyati samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” farmoni;
2) “Intellektual mulk sohasini yanada rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ–221-son, 26.04.2022-y.);
3) 1994-yil 6-maydagi “Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari to‘g‘risida”gi;
4) 02.02.2022-yildagi “Intellektual mulk obyektlari toʻgʻrisidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi OʻRQ-749-son Qonun;
5) 2021-yil 28-mayda Minsk shahrida qabul qilingan “MDH ishtirokchi – davlatlarining soxta tovar belgilari va geografik koʻrsatkichlardan foydalanishning oldini olish va unga chek qoʻyish boʻyicha hamkorligi toʻgʻrisidagi Bitimni ratifikatsiya qilish haqida”gi Qonun;
6) 2021 yil 28 yanvarda Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining “Intellektual mulk obyektlarini muhofaza qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4965-sonli qarori;
7) 2019-yil 1-iyuldagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-4380 -sonli "O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g'risida" qarori;
8) 2019-yil 8-fevraldagi “Intellektuаl mulk sohаsidа dаvlаt boshqаruvini tаkomillаshtirish chorа-tаdbirlаri toʼgʼrisidа”gi PQ-4168-son qarori.
Ilmiy-nazariy manbalar:
1) Intellektual mulk. Darslik. Masʼul muharrirlar: yu.f.d., prof., O.Oqyulov, yu.f.f.d. (PhD), dotsent N.E.Gafurova // Mualliflar jamoasi. –T.: TDYUU nashriyoti , 2019. – 14- bet.
2) Yusupov, S. (2022). ROBOT TEXNIKASINI TARTIBGA SOLISH MUAMMOLARI: HUQUQIY VA AXLOQIY MUAMMOLARNI HAL QILISH BO ‘YICHA BA’ZI KO ‘RSATMALAR. Oriental renaissance: Innovative, educational, natural and social sciences, 2(3), 592-606. https://cyberleninka.ru/article/n/robot-texnikasini-tartibga-solish-muammolarihuquqiy-va-axloqiy-muammolarni-hal-qilish-bo-yicha-ba-zi-ko-rsatmalar
3) To‘raqulova, Nazira INTELLEKTUAL MULK SIYOSATIDA BLOKCHEYN TEXNOLOGIYALARINING QO‘LLASH ISTIQBOLLARI // ORIENSS. 2022. №4. URL: https://cyberleninka.ru/article/n/intellektual-mulk-siyosatida-blokcheyn-texnologiyalarining-qo-llas... (дата обращения: 21.05.2022).
Internit manbalari:
1) Lex.uz;
2) Norma.uz;
4) Abdumumin Yuldashov, Toshkent davlat yuridik universiteti Intellektual mulk huquqi kafedrasi dotsenti v.b., yu.f.f.d. (http://hudud24.uz/intellektual-mulk-sohasidagi-talim-metodikasi-va-huquqiy-targibotning-muhim-jihatlari);
[1] Intellektual mulk. Darslik. Masʼul muharrirlar: yu.f.d., prof., O.Oqyulov, yu.f.f.d. (PhD), dotsent N.E.Gafurova // Mualliflar jamoasi. –T.: TDYUU nashriyoti , 2019. – 14- bet.
[2]https://legaljobs.io/blog/intellektual-property-statistics/#:~:text=27.7%25%20of%20jobs%20in%20the,the%20US%20is%20%248.64%20million.
[3] Abdumumin Yuldashov, Toshkent davlat yuridik universiteti Intellektual mulk huquqi kafedrasi dotsenti v.b., yu.f.f.d. (http://hudud24.uz/intellektual-mulk-sohasidagi-talim-metodikasi-va-huquqiy-targibotning-muhim-jihatlari)
[4] Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish boʻyicha harakatlar strategiyasi toʻgʻrisida” farmoni.
[5] https://daryo.uz/2022/03/24/toshkentdagi-mashhur-restoran-toir-qoziyevning-musiqasidan-ruxsatsiz-foydalangani-uchun-5-million-som-tovon-puli-tolaydigan-boldi
[6] Yusupov, S. (2022). ROBOT TEXNIKASINI TARTIBGA SOLISH MUAMMOLARI: HUQUQIY VA AXLOQIY MUAMMOLARNI HAL QILISH BO ‘YICHA BA’ZI KO ‘RSATMALAR. Oriental renaissance: Innovative, educational, natural and social sciences, 2(3), 592-606. https://cyberleninka.ru/article/n/robot-texnikasini-tartibga-solish-muammolarihuquqiy-va-axloqiy-muammolarni-hal-qilish-bo-yicha-ba-zi-ko-rsatmalar
[7] To‘raqulova, Nazira INTELLEKTUAL MULK SIYOSATIDA BLOKCHEYN TEXNOLOGIYALARINING QO‘LLASH ISTIQBOLLARI // ORIENSS. 2022. №4. URL: https://cyberleninka.ru/article/n/intellektual-mulk-siyosatida-blokcheyn-texnologiyalarining-qo-llas... (дата обращения: 21.05.2022).