Янгиликлар
KORRUPSIYA – TARAQQIYOT KUSHANDASI
KORRUPSIYA – TARAQQIYOT KUSHANDASI
Korrupsiya ham boshqa qator tushunchalar kabi o‘zining bir necha ming yillik tarixiga ega. Yozma manbalarda korrupsiya haqida eramizdan avvalgi Shumer podsholigi davrida eslatib oʻtiladi. Korrupsiya bizning kunlargacha yetib kelganligi shundan dalolat beradiki, boshqa illatlar kabi, uni ham tag-tugi bilan yoʻqotib boʻlmaydi. Hatto eng rivojlangan davlatlar ham korrupsiyadan butkul xalos boʻlolmagan. Biroq jamiyat rivojiga xavf soluvchi korrupsiyaning oldini olish, unga qarshi kurashish Yer yuzidagi barcha davlatlarda hamisha va hamma zamonda davom etgan. Va hozir ham davom etyapti. Bir so‘z bilan aytganda korrupsiyani jamiyat rivoji uchun to‘siq bo‘ladigan mustahkam oynali devorga o‘xshatsak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Abu Nasr Forobiy “Fozil odamlar shahri” asarida fuqarolik jamiyatini qurishda toʻgʻanoq boʻladigan muammolardan biri korrupsiyadir, deb qayd etgan. Bozor iqtisodiyoti tizimi kushandasi, davlatlar oʻrtasida ikki va koʻp tomonlama hamkorlik, biznes hamda investitsiya rivojida shafqatsiz toʻsiq ham ayni shu korrupsiya hisoblanadi. Har yili oʻnlab qoʻshma korxonalarning ochilishi va yopilishi zamirida ana shu “koʻrinmas qoʻllar” yotadi. Korrupsiya darajasi yuqorilashgan davlatga chet el investitsiyasini kiritish kamayib borayotganining asl sabablarini ham shu xavfli illatdan izlash lozimga oʻxshaydi. Bejizga korrupsiya taraqqiyot kushandasi deyishmagan. Har qanday sohada korrupsiyaning nomi tilga olindimi demak, bilingki, o‘sha soha jamiyat taraqqiyoti oldinga ildamlashi yo‘lida o‘zining oynali devorlarini barpo eta boshlaydi.
Davlat va jamiyatda inson ongi, dunyoqarashi bilan bogʻliq muammolar tahlilidan kelib chiqsak, sobiq ittifoqdan meros qolgan korrupsiya illatiga qarshi kurashda hali ancha aziyat chekishga toʻgʻri keladi. Sababi Xitoy va Singapurnikiga oʻxshagan yuqoridan quyigacha qatʼiy ishlaydigan iyerarxiya tizimi hali toʻliq ishga tushmagan.
Korrupsiyaga qarshi kurashishda biz asosan uning kelib chiqish sabablari bilan emas, balki uning oqibatlari bilan kurashishga odatlanganmiz. Bu esa eng noto‘g‘ri yo‘ldir. Lekin bu tabiiy jarayonni sunʼiy ravishda sekinlashtirmaslik yoki ayrim kuchlarning tazyiqi ostida “toʻxtatmaslik” lozim. Bu borada rivojlangan davlatlar boy tajribasidan unumli foydalanish zarur. Masalan, yuqori rivojlangan davlatlarda korrupsiyaning olib kelgan oqibatlaridan ko‘ra unga sabab bo‘lgan holatlar ko‘proq mas’ullarning diqqat e’tiborida bo‘ladi. Va bu korrupsiya holatlarini kamaytirish uchun amalga oshirilgan samarali usul hisoblanadi. Buni hozirgi rivojlangan davlatlar o‘z tajribasidan sinab ko‘rishgan.
Yuqori Chirchiq tuman adliya bo‘limi inson huquqlarini himoya qilish va huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rganish bo‘linmasi
bosh maslahatchisi Erkin Eshonboboyev