Янгиликлар
Davlat organlari va muassasalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va tugatish tartibi belgilandi
Davlat organlari va muassasalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va tugatish tartibi belgilandi
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 28-sentyabrdagi 542-son qarori bilan Tadbirkorlik subyektlari boʻlmagan ayrim yuridik shaxslarni tashkil etish va tugatish tartibi belgilandi.
Unga koʻra Davlat tashkilotlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish Davlat xizmatlari markazlari tomonidan tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va hisobga qoʻyishning avtomatlashtirilgan tizimi orqali amalga oshiriladi.
Davlat tashkiloti vakili Davlat tashkilotini tashkil etish haqidagi normativ-huquqiy hujjatda yoxud vakolatli davlat organlarining tegishli hujjatida nazarda tutilgan muddatlarda, agar bunday muddat nazarda tutilmagan boʻlsa, qaror qabul qilingan kundan boshlab 10 kun ichida davlat tashkilotini davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga oʻzi kelib murojaat etadi.
Ariza beruvchi tomonidan soʻrovnomaga quyidagi hujjatlar elektron shaklda (pdf formatda) ilova qilinadi:
Davlat tashkilotini tashkil etish haqidagi normativ-huquqiy hujjat yoki vakolatli davlat organlarining tegishli hujjati (qaror, buyruq va b.);
yuqori turuvchi organ rahbari tomonidan tasdiqlangan Davlat tashkilotining ustavi.
Agar davlat tashkiloti toʻgʻrisidagi nizom yoki ustav normativ-huquqiy hujjat bilan tasdiqlanishi belgilangan boʻlsa, nizom yoki ustavni ilova qilish talab etilmaydi.
Davlat tashkilotini davlat roʻyxatidan oʻtkazganlik uchun davlat boji undirilmaydi.
Shuningdek Davlat organlarini yuridik shaxs sifatida tugatish bu haqidagi normativ-huquqiy hujjat yoki vakolatli davlat organlarining tegishli hujjatiga (qaror, buyruq va b.) asosan amalga oshiriladi. Davlat organlarini yuridik shaxs sifatida tugatish uning vakili roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga murojaat etadi. Roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ hujjat qabul qilingan vaqtdan boshlab 1 ish soati mobaynida Tadbirkorlik subyektlari boʻlmagan ayrim yuridik shaxslarning davlat reestriga davlat organini yuridik shaxs sifatida tugatish jarayonida ekanligi toʻgʻrisida yozuv kiritadi, Tizim orqali davlat soliq, statistika, davlat aktivlarini boshqarish organlarini va tegishli bankni xabardor qiladi hamda bir ish kuni mobaynida roʻyxatdan oʻtkazuvchi organning rasmiy veb-saytida ushbu yuridik shaxs tugatilayotganligi haqida eʼlon joylashtiradi. Tugatilayotgan davlat organini joylashgan joydagi davlat soliq xizmati organi roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ tomonidan tizim orqali xabardor qilingan kundan boshlab uch ish kuni mobaynida davlat tashkilotining moliya-xoʻjalik faoliyatini tekshirishga kirishadi, uning muddati oʻn kalendar kundan oshmasligi kerak.
Tekshirishda davlat organining oxirgi tekshirish oʻtkazilgan sanadan boshlab davlat organini tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganligi haqida roʻyxatdan oʻtkazgan organ xabardor qilingan sanagacha boʻlgan davr mobaynidagi moliya-xoʻjalik faoliyati qamrab olinadi, biroq ushbu davr uch yildan oshmasligi zarur.
Angren shahar Davlat xizmatlari markazi
Boʻlim boshligʻi Zuxriddin MALIKOV