Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

01

Mehnat kodeksida nimalar oʻzgardi?


            Mehnat kodeksida nimalar oʻzgardi?

 

Joriy yilning 29-oktyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi yangi tahrirda qabul qilindi. Hujjat 6 oydan soʻng – 2023-yil 30-aprelda kuchga kiradi va 1995-yildan beri amalda boʻlgan Mehnat kodeksi oʻz kuchini yoʻqotadi.

Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi 2021-yil 14-oktyabrda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, 2022-yil 17-martda Senat tomonidan maʼqullandi. Kodeks 7 boʻlim, 34 bob va 581 moddadan iborat.

Yangi kodeks fuqarolar uchun bir qancha yangiliklarni oʻz ichiga oladi.

Maʼlumki, mehnat shartnomasini tuzish yuzasidan muzokaralar olib borish chogʻida   ish beruvchi va ishga kirish niyatida boʻlgan fuqaro dastlabki sinov sharti bilan ishga qabul qilinishi kelishib olinishi mumkin.

Dastlabki sinov sharti xodimning topshirilayotgan ishga layoqatliligini tekshirib koʻrish, xodim mexnat shartnomasida shartlashilgan ishni davom ettirishning maqsadga muvofiqligi xaqida bir qarorga kelishi munasabati bilan qoʻllaniladi. Amaldagi mehnat kodeksida xomilador ayollar, uch yoshga toʻlmagan bolasi bor ayollar, korxona uchun belgilangan minimal ish joylari xisobidan ishga yuborilgan shaxslar ishga qabul qilinganda, shuningdek olti oygacha muddatga ishga qabul qilish xaqida xodimlar bilan mehnat shartnomasi tuzilganda dastlabki sinov belgilanmasligi koʻrsatib oʻtilgan.

         Yangi taxrirdagi mehnat kodeksida esa u kuchga kirgandan boshlab quyidagi ishga qabul qilinayotgan shaxslarga qoʻllanilmaydi:

- homilador ayol, uch yoshga toʻlmagan bolasi bor ayol yoki uch yoshga toʻlmagan bolani yolgʻiz oʻzi tarbiyalayotgan ota (vasiy);

- zaxiraga qoʻyiladigan ish oʻrinlariga ishga joylashtirish uchun yuborilgan aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalaridan boʻlgan shaxslar;

- davlat grantlari asosida oʻqigan va oliy taʼlim tashkilotini tamomlagan kundan eʼtiboran uch oy ichida yoʻllanma boʻyicha olingan mutaxassisligiga doir ishga kirayotgan oliy taʼlim tashkilotlarining bitiruvchilari;

- tegishli taʼlim tashkilotini tamomlagan kundan eʼtiboran bir yil ichida birinchi bor ishga kirayotganda olingan mutaxassisligi boʻyicha mustaqil ravishda ishga joylashayotgan umumiy oʻrta, oʻrta maxsus,professional va oliy taʼlim tashkilotlarining bitiruvchilari;

- oʻzi bilan olti oygacha muddatga mehnat shartnomasi tuzilayotgan xodimlar;

- oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslar;

- ishga qaytadan qabul qilingan taqdirda ish beruvchi ilgari qaysi xodimlar bilan mehnat shartnomasini alohida asoslar boʻyicha bekor qilgan boʻlsa, oʻsha shaxslar;

- ishlab chiqarishda oʻqitish shartnomasi boʻyicha ushbu ish beruvchida oʻqishni oʻtagan oʻquvchilar;

- jamoa kelishuvlarida, shuningdek jamoa shartnomasida va ish beruvchining ichki hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa xodimlar.

Dastlabki sinov faqat xodimni ishga qabul qilish chogʻida belgilanishi mumkin. Xodim boshqa ishga oʻtkazilayotganda va boshqa ish beruvchiga xizmat safariga yuborilganda dastlabki sinov belgilanishiga yoʻl qoʻyilmaydi.

Dastlabki sinov muddati uch oydan, tashkilotlarning rahbarlari va ularning oʻrinbosarlari, bosh buxgalterlar hamda tashkilotlar alohida boʻlinmalarining rahbarlari uchun esa olti oydan oshmasligi kerak.

Vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik davri va xodim haqiqatda ishda boʻlmagan boshqa davrlar dastlabki sinov muddatiga qoʻshilmaydi.

 

Ohangaron tuman adliya

     boʻlimi YUXKM rahbari                                                 Urazova Charos Ashuraliyevna