Янгиликлар
Odam savdosi – asr vabosi
Odam savdosi – asr vabosi
Odam savdosi illati jahon hamjamiyatini tashvishga solayotgan
XXI asrning jiddiy muammolardan biridir. Mehnat migratsiyasi hamda axborot almashinuvining kuchayishi odam savdosi bilan shugʻullanadigan jinoyatchi guruhlarga oʻz qabih niyatlarini amalga oshirishga imkon yaratib bermoqda.
Bugungi kunda dolzarb masalalardan biri boʻlgan odam savdosining oldini olish va unga qarshi kurashish borasida yurtimizda ham qator chora-tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda. Bu illat bilan kurashishda nafaqat davlat tashkilotlari, shu jumladan, nodavlat notijorat tashkilotlar hamda xalqaro tashkilotlar ham manzilli ishlarni amalga oshirmoqda.
Biroq, shunday boʻlsada, hali-xanuz odam savdosiga chek qoʻyilmadi. Odam savdosi bilan shugʻullanuvchilar zamonga monan ish yuritishni boshladilar. Hozirda rivojlanib borayotgan ijtimoiy tarmoqlar ularning ov quroliga aylangan desak mubolagʻa boʻlmaydi. Jumladan, chet elda ishlash, davolanish hamda arzon turizm sarlavhalari bilan odamlarni aldab xorijda sotib yuborish holatlari mavjud.
2013-yil 30-iyul kuni BMT tomonidan Butunjahon odam savdosiga qarshi kurashish kuni deb eʼlon qilindi.
Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasining 2008-yil 17-aprelda “Odam savdosiga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-154-son Qonuni qabul qilindi. Shuningdek, yurtimizda odam savdosi, xususan, uning transmilliy koʻrinishlariga qarshi qatʼiy choralar qabul qilinmoqda.
Ushbu Qonunga muvofiq, odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish - odam savdosining oldini olish, uni aniqlash hamda chek qoʻyish, uning oqibatlarini minimallashtirish, odam savdosidan jabrlanganlarga yordam koʻrsatish boʻyicha faoliyatni oʻz ichiga oladi.
Shuningdek, qonunga muvofiq respublikamizda odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish boʻyicha idoralararo komissiya tashkil etilib, oʻz faoliyatini olib bormoqda. Idoralararo komissiyaning vazifalaridan biri bu davlat organlarini odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish yoʻnalishidagi faoliyatini birlashtirish hisoblanadi.
Taʼkidlash joizki, Odam savdosi, yaʼni odamni olish-sotish yoxud odamni undan foydalanish maqsadida yollash, tashish, topshirish, yashirish yoki qabul qilish bilan shugʻullanuvchi qabix kimsalar Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.
Xalqimizda bir gap bor: kasalni davolagandan koʻra uning oldini olgan afzal. Shunday ekan, Siz-u biz bunday odamfurushlarning qarmogʻiga ilinmasligimiz uchun avvalo oʻz huquqlarimizni bilishimiz, huquqshunoslar bilan maslahatlashib chet el safariga otlanishimiz lozim. Shuni unutmaylik, tuzoq hech qachon oshkora joyga qoʻyilmaydi.
Ohangaron tumani adliya
boʻlimi boshligʻi B.Joʻrayev