Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

01

Inson huquqi-oliy qadriyat


Inson huquqi-oliy qadriyat

 

Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi xalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkurining yuksak namunasidir. Konstitutsiyamiz asosida mamlakatimizda milliy qonunchilik tizimi, davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari shakllandi. Bugungi kunda barcha jabhalarda keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy salohiyatimiz yuksalib, fuqarolarimizning dunyoqarashi tobora oʻsib bormoqda. Bularning barchasi, eng avvalo, Bosh qomusimizning hayotbaxsh kuch-qudrati natijasidir.

Maʼlumki, Konstitutsiya (lotincha “Constitution” – tuzilish, tuzuk) – davlatning Asosiy qonuni. U davlat tuzilishini, hokimiyat va boshqaruv organlari tizimini, ularning vakolati hamda shakllantirilish tartibi, saylov tizimi, fuqarolarning huquq va erkinliklari, jamiyat va shaxsning oʻzaro munosabatlari, shuningdek, sud tizimini hamda davlat va jamiyatning oʻzaro munosabatlarini belgilab beradi.

“Konstitutsiya” atamasi Qadimgi Rimdayoq maʼlum boʻlgan (imperator Konstitutsiyasi deb atalgan qonun). Amir Temur “Tuzuklar”i Sharq va Osiyo mamlakatlari sivilizatsiyasiga xos alohida shakldagi konstitutsiyaviy hujjat xususiyatiga ega boʻlgan. U shariat qonunlari bilan bir qatorda Markaziy Osiyo mintaqasi xalqlari taqdiriga kuchli taʼsir oʻtkazgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 27 yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimda butun xalqimizni Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 27 yillik bayrami bilan samimiy tabrikladi. Shuningdek, Prezidentimiz oʻz nutqida: “Har bir davlat oʻz istiqlol va taraqqiyot yoʻlini tanlar ekan, xalq farovonligini taʼminlashga xizmat qiladigan eng muhim maqsad va vazifalarini oʻzining Konstitutsiyasi – Asosiy qonunida mustahkamlab oladi. Binobarin, oʻz xalqining xohish-irodasi, dili va tilidagi ezgu niyatlariga hamohang Konstitutsiyaga ega boʻlgan mamlakat oʻzi belgilagan yuksak marralardan hech qachon ogʻishmasdan, doimo oldinga qarab boradi. Tarixga nazar solsak, asrlar davomida shakllangan maʼnaviyaxloqiy qadriyatlar va insonning tabiiy huquqlari sivilizatsiya jarayonlari natijasida Konstitutsiya shakliga kelganini koʻramiz. Konstitutsiya bashariyat hayotida ilk bor insonning ozod va erkin yashash, mulkka ega boʻlish, taʼlim olish, mehnat qilish, saylash va saylanish kabi huquqlarini, soʻz hamda eʼtiqod erkinliklarini oliy qadriyat darajasiga koʻtardi. Mustaqilligimizning ilk davrida qabul qilingan Konstitutsiyamiz shaxs, jamiyat va davlat oʻrtasidagi munosabatlarda oʻzaro huquq va majburiyatlar hamda ularning kafolatlarini aniq-ravshan belgilab berdi. Bosh qomusimiz, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishidan qatʼi nazar, yurtimiz fuqarolari tengligining kafolatlanishini eʼtirof etdi va zamonaviy demokratik taraqqiyot uchun zamin yaratdi. Aynan shu sababli Konstitutsiyamizni ehtirom bilan ulugʻlashimiz, har tomonlama oʻrganishimiz, unga izchil amal qilishimiz, Asosiy qonunimizda mujassam boʻlgan ajdodlarimizning buyuk merosi va umuminsoniy qadriyatlarni yoshlarimiz qalbiga singdirishimiz zarur” – deb aytib oʻtdi.

Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasini yaratish osonlik bilan amalga oshirilgan emas. Oʻzbekiston Respublikasining huquqiy poydevori boʻlgan Konstitutsiyaning yaratilishi ikki yil davomida koʻplab mutaxassislarning, fuqarolarning, siyosatchilarning va huquqiy ekspertlarning mehnati, takliflari, baxslari va munozaralari maxsulidir.  

Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasini yaratish gʻoyasi ilk bor 1990-yilning mart oyida oʻn ikkinchi chaqiriq Oliy Kengashning birinchi sessiyasida ilgari surildi.

Shuningdek, Oʻzbekiston Oliy Kengashi tomonidan 1990-yil 20-iyunda eʼlon qilingan “Mustaqillik deklaratsiyasi”ning 12-bandida ushbu hujjat respublikaning “yangi Konstitutsiyasini ishlab chiqish uchun asos” boʻlishi qayd etildi.

Oliy Kengash qarori bilan 1990-yil 21-iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov raisligida davlat arboblari, deputatlar, mutaxassislardan iborat 64 nafar aʼzoni oʻzida jamlagan Konstitutsiyaviy komissiya tuzildi va Konstitutsiya loyihasi ana shu komissiya tomonidan 2 yildan ortiq vaqt mobaynida tayyorlandi.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi loyixasi ikki bor matbuotda umumxalq muhokamasi uchun eʼlon qilindi. Matbuotda, radioeshittirish va telekoʻrsatuvlarda qizgʻin bahs-munozaralar boʻldi. Koʻplab uchrashuvlar oʻtkazildi, Konstitutsiya loyihasiga doir masalalar boʻyicha suhbatlar, anjumanlar tashkil qilindi.

Shuningdek, Konstitutsiya loyihasi Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik kengashi kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar va AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya kabi demokratik davlatlar mutaxassislarining sinchkov ekspertizasidan oʻtdi.

Konstitutsiya loyihasining umumxalq muhokamasi Oʻzbekiston xalqining xohish-irodasini aniqlash hamda juda boy material toʻplash imkonini berdi. Ushbu material chuqur va har tomonlama oʻrganib chiqildi, umumlashtirildi va xalqning umumiy irodasi shaklida oʻn ikkinchi chaqiriq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining oʻn birinchi sessiyasi muhokamasiga kiritildi.

Oliy Kengash sessiyasiga muhokama qilish uchun kiritilgan Konstitutsiya loyihasiga 80 ga yaqin oʻzgarishlar, qoʻshimchalar taklif etildi va aniqliklar kiritildi. Parlament deputatlari tomonidan loyiha moddama-modda muhokama qilinib, unga yana bir qator oʻzgartishlar kiritilgach, 1992-yil 8-dekabr kuni Bosh Qomusimiz qabul qilindi. Shu kundan eʼtiboran, 8-dekabr – umumxalq bayrami deb eʼlon qilindi.

Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi davlatimizning huquqiy poydevori desak mubolagʻa boʻlmaydi. Konstitutsiyamizning Muqaddimasida, Oʻzbekiston xalqi: inson huquqlariga va davlat suvereniteti gʻoyalariga sodiqligini tantanali ravishda eʼlon qilib, hozirgi va kelajak avlodlar oldidagi yuksak masʼuliyatini anglagan holda, oʻzbek davlatchiligi rivojining tarixiy tajribasiga tayanib, demokratiya va ijtimoiy adolatga sadoqatini namoyon qilib, xalqaro huquqning umum eʼtirof etilgan qoidalari ustunligini tan olgan holda, respublika fuqarolarining munosib hayot kechirishlarini taʼminlashga intilib, insonparvar demokratik huquqiy davlat barpo etishni koʻzlab, fuqarolar tinchligi va milliy totuvligini taʼminlash maqsadida, oʻzining muxtor vakillari siymosida Oʻzbekiston Respublikasining mazkur Konstitutsiyasini qabul qiladi, - deb belgilangan.

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasining            18-moddasida, butunjaxonda eʼtirof etilgan qoidalar, yaʼni: Oʻzbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega boʻlib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qatʼi nazar, qonun oldida tengdirlar, - deb belgilab qoʻyilgan.

Shu oʻrinda aytish joizki, butunjaxonda va huquq olamida dastlab, bola huquqlari, keyin ayollar huquqlarini himoya qilish ilgari suriladi. Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida ham Ota-onalar oʻz farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majburligi hamda Xotin-qizlar va erkaklar teng huquqli ekanligining belgilanganligi, Oʻzbekistonda bolalar va ayollar huquqlarini himoya qilish va ularni muhofaza etilishining yorqin misolidir.

Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasining 43-moddasida Davlat fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlangan huquqlari va erkinliklarini taʼminlaydi, shuningdek, 44-moddasida Har bir shaxsga oʻz huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalarining gʻayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi, deb belgilanganligi davlatning fuqarolar oldida masʼulligi va inson huquqlari yuqori oʻrinlarda turishining yaqqol namunasidir.

Ohangaron tumani adliya
boʻlimi bosh maslahatchisi                                                    A.Xakimov