Янгиликлар
Ijtimoiy himoyaga muhtoj ayrim toifadagi fuqarolarga nafaqa tayinlanadi
Ijtimoiy himoyaga muhtoj ayrim toifadagi fuqarolarga nafaqa tayinlanadi
Oʻzbekiston Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 28-apreldagi 248-son qarori bilan “Ijtimoiy himoyaga muhtoj ayrim toifadagi fuqarolarga nafaqa tayinlash boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning” maʼmuriy reglamenti tasdiqlandi.
Hujjatga muvofiq, ijtimoiy himoyaga muhtoj ayrim toifadagi fuqarolarga nafaqa tayinlash boʻyicha davlat xizmatlari joriy yilning 1-avgustidan boshlab koʻrsatiladi.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj ayrim toifadagi fuqarolar quyidagilar hisoblanadi:
· nogironligi boʻlgan 18 yoshgacha bolalar, OIV infeksiyasiga chalingan 18 yoshgacha boʻlgan shaxslar hamda 18 yoshdan katta bolalikdan nogironligi boʻlgan shaxslar;
· davlat pensiyasini tayinlash uchun zarur boʻlgan ish stajiga ega boʻlmagan shaxslar;
· bolalikdan nogironligi boʻlgan farzandi bor onalar;
· yoshidan qatʼi nazar ish stajiga ega boʻlmagan I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslar;
· davlat pensiyasini olish huquqiga ega boʻlmagan shaxsning qaramogʻida boʻlgan oilaning mehnatga layoqatli boʻlmagan aʼzolari.
Ularga davlat xizmatlari Davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi tomonidan koʻrsatiladi. Nafaqa puli nafaqa yetkazib berish yuklangan tashkilot tomonidan toʻlanadi.
Nafaqalar tayinlash tasdiqlangan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi. Davlat xizmatlari koʻrsatilganligi uchun yigʻim undirilmaydi.
Murojaat qiluvchi davlat xizmatlari markazi orqali murojaat qilinganidan soʻng 5 daqiqa mobaynida, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qilinganda avtomatik tarzda vakolatli organga elektron shaklda yuboriladi. Murojaat qilgan shaxsning maʼlumoti oʻrganilgandan soʻng vakolatli organ tomonidan 5 daqiqa mobaynida nafaqa tayinlash yoki uni rad etish xaqida qaror qabul qilinadi. Bu xaqida maʼlumot tegishli davlat xizmatlari markaziga yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga elektron tarzida yuboriladi.
Quyidagilar davlat xizmatlarini koʻrsatishni rad etish uchun asos hisoblanadi:
· murojaat qiluvchilar tomonidan soʻrovnomada notoʻgʻri maʼlumotlarning koʻrsatilishi;
· soʻrovnomada koʻrsatilgan maʼlumotlarni tasdiqlashning rad etilishi.
Olmaliq shaxar Adliya boʻlimi Davlat xizmatlari bosh mutaxassisi
E.B.Toxtabayev