Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

01

TOVAR BELGISINI ARIZACHI NOMIGA ROʻYXATDAN OʻTKAZISH TARTIBI


 

TOVAR BELGISINI ARIZACHI NOMIGA ROʻYXATDAN OʻTKAZISH TARTIBI

 

            Hammaga maʼlum tovarning savdosi chaqqon boʻlishi tayin. Aynan shu bois tovar belgilari muhofaza qilinadi. U lozim darajada himoyalanishini taʼminlash uchun mahsulotingiz ramzini roʻyxatdan oʻtkazishingiz zarur. Buni qanday amalga oshirish kerakligini koʻrib chiqamiz.

 

“Tovar belgilari, xizmat koʻrsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari toʻgʻrisida”gi Qonunga hamda Tovar belgisi va xizmat koʻrsatish belgisini roʻyxatdan oʻtkazish uchun talabnoma tuzish, topshirish va koʻrib chiqish qoidalariga (Adliya Vazirligi tomonidan 29.07.2009-yilda 1988-son bilan roʻyxatdan oʻtkazilgan, bundan keyin – Qoidalar) muvofiq harakat qilish zarur.

 

Tovar belgisi yoki xizmat koʻrsatish belgisining oʻzi nima

Avval tovar belgisi (xizmat koʻrsatish belgisi) deganda nimalar tushunilishini aniqlab olamiz, u bir yuridik va jismoniy shaxslar tovarlari va xizmatlarini boshqa yuridik va jismoniy shaxslarning shu turdagi tovarlari va xizmatlaridan farqlash uchun xizmat qiladigan, belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilgan belgidir.

Quyidagi belgilar boʻlishi mumkin:

·         yakka tartibdagi – alohida yuridik yoki jismoniy shaxsga tegishli belgi;

·         jamoaviy – yuridik va (yoki) jismoniy shaxslar birlashmasining ular tomonidan ishlab chiqariladigan va (yoki) realizatsiya qilinadigan, bir xil sifatga yoki boshqa umumiy tavsiflarga ega boʻlgan tovarlarini belgilash uchun moʻljallangan belgi.

Eslatib oʻtamiz, quyidagilar tovar belgilari sifatida roʻyxatdan oʻtkazilishi mumkin:

·         soʻzli belgilar – soʻzlar, soʻz koʻrinishiga ega boʻlgan harfiy birikmalar (xususan, har qanday ketma-ketlikdagi unlilar va undosh tovushlarning boʻgʻin hosil qiluvchi birikmalari), soʻz birikmalari, gaplar, shuningdek ularning birikmalari;

·         tasviriy belgilar – jonli mavjudotlar, predmetlar, tabiiy va boshqa obyektlar tasvirlari, shuningdek chiziqlar, dogʻlar, har qanday figuralarning tekislikdagi kompozitsiyalari (hajmlilaridan tashqari);

·         hajmli belgilar – fazoviy joylashgan uch oʻlchamli obyektlar, figuralar va chiziqlar va figuralarning kombinatsiyalari;

·         jamlama belgilar – turli xarakterdagi: tasviriy, soʻzli, muayyan shakldagi hajmli va boshqa elementlar kombinatsiyasi;

·         boshqa belgilar, shu jumladan tovushli, yorugʻlikdan iborat boʻlgan, golografik, hidli kabi belgilar.

Qonun hujjatlarida tovar belgisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazilishi mumkin boʻlmagan obyektlar roʻyxati belgilangan. Qoidalarning 4-bandida ular bilan yaqindan tanishishingiz mumkin.

 

Belgini roʻyxatdan oʻtkazish uchun qayerga murojaat qilish lozim

Tovar belgisiga talabnoma topshirish huquqiga yuridik yoki jismoniy shaxs (bundan keyingi oʻrinlarda talabnoma beruvchi deb yuritiladi) egadir.

Talabnoma davlat xizmatlari markazi yoki yagona interaktiv davlat xizmatlari portali my.gov.uz orqali yuboriladi.

Talabnoma bevosita talabnoma beruvchi tomonidan yoki Agentlikka roʻyxatdan oʻtgan patent vakili orqali topshirilishi mumkin. Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida doimiy yashovchi jismoniy shaxslar yoki chet el yuridik shaxslari yoxud ularning patent vakillari tovar belgilarini roʻyxatdan oʻtkazish ishlarini yuritishni Agentlikka roʻyxatdan oʻtgan patent vakillari orqali amalga oshiradilar.

Talabnoma qanday yoziladi

Havola orqali yuklab olinadigan blankani toʻldiring. Shu yerning oʻzida uning toʻldirilgan namunasi keltirilgan. Qoidalarning II bobida blankani toʻldirishga doir batafsil yoʻriqnoma va tushuntirishlar berilgan. Uning mazmuniga doir quyidagi talablar belgilangan, u quyidagilarni oʻz ichiga olishi lozim:

·         tovar belgisi sifatida belgini roʻyxatdan oʻtkazish uchun talabnoma beruvchining joylashgan joyi yoki yashash manzili koʻrsatilgan arizasi;

·         talabnomada koʻrsatilgan belgining tasviri;

·         belgilarni roʻyxatdan oʻtkazish uchun tovarlar va (yoki) xizmatlarning xalqaro tasnifiga muvofiq guruhlangan, tovar belgisini roʻyxatdan oʻtkazish soʻralayotgan tovarlar va (yoki) xizmatlarning roʻyxati.

Ayrim hollarda talabnomaga qoʻshimcha hujjatlar ilova qilinishi kerak boʻladi. Jamoaviy belgini roʻyxatdan oʻtkazish uchun talabnoma taqdim etilsa, unga yuridik va (yoki) jismoniy shaxslar birlashmasi qatnashchilarining jamoaviy belgidan foydalanish toʻgʻrisidagi kelishuvi ilova qilinadi.

Kelishuvda quyidagi maʼlumotlar boʻlishi lozim:

·         jamoaviy belgini oʻzining nomiga roʻyxatdan oʻtkazishga vakolat berilgan shaxsning nomi;

·         ushbu belgidan foydalanish huquqiga ega boʻlgan shaxslar roʻyxati (toʻliq rasmiy nomi va joylashgan joyini koʻrsatgan holda);

·         jamoaviy belgini roʻyxatdan oʻtkazish maqsadi;

·         jamoaviy belgi bilan belgilanadigan tovarlarning roʻyxati va yagona sifat yoki boshqa umumiy koʻrsatkichlari;

·         jamoaviy belgidan foydalanish shartlari;

·         jamoaviy belgidan foydalanishni nazorat qilish tartibi haqidagi nizom;

·         kelishuvni buzganlik uchun javobgarlik haqidagi nizom.

Bu – muhim! Barcha hujjatlar ulardan nusxa olish qulay boʻlishini moʻljallab rasmiylashtirilishi lozim.

Talabnoma oʻzbek yoki rus tilida yozilgan boʻlishi kerak. Ilova qilinadigan hujjatlar oʻzbek, rus yoki boshqa tilda boʻlishi mumkin. Agar talabnoma hujjatlari boshqa tilda topshirilgan boʻlsa, talabnomaga ularning oʻzbek yoki rus tilidagi talabnoma beruvchi yoki patent vakilining imzosi bilan tasdiqlangan tarjimasi ilova qilinadi.

Talabnomaga talabnomani topshirish uchun belgilangan tartibda patent boji toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat ilova qilinishi lozim.

Taqdim etilgan talabnomaga oʻzgartirishlarni qanday kiritish mumkin

Talabnoma materiallariga tuzatish, aniqlashtirish va qoʻshimchalar kiritish uchun IMAga oʻz xohishingiz bayon etilgan arizani yoʻllashingiz zarur. Bunda u talabnoma mohiyatini oʻzgartirishi mumkin emasligini yodda tuting. Ariza yozishda havola orqali olinadigan kerakli blankadan foydalaning. Qoidalarning III bobida tegishli talabnomalarni yozishga doir batafsil yoʻriqnomalar berilgan.

Talabnomaga quyidagi oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin:

·         talabnoma beruvchining, patent vakilining nomini, nomlanishini oʻzgartirish;

·         talabnoma beruvchining, patent vakilining manzilini, yozishmalar olib boriladigan manzilini oʻzgartirish;

·         talabnoma beruvchini oʻzgartirish;

·         kelishuvga oʻzgartirish kiritish;

·         xatolarni tuzatish;

·         tovarlar roʻyxatini qisqartirish.

Arizaga talabnoma materiallariga oʻzgartirishlar kiritish uchun patent boji toʻlanganligi toʻgʻrisidagi hujjatni albatta ilova qilish zarur.

Talabnomani koʻrib chiqish

Talabnomani koʻrib chiqishga uzoq vaqt ketadi. Taqdim etilgan maʼlumotlar rasmiy ekspertizadan va talabnomada koʻrsatilgan belgi ekspertizasidan oʻtkaziladi. Rasmiy ekspertizadan oʻtkazishning oʻziga 30 kun ajratiladi, uning davomida talabnoma materiallari tarkibi, zarur hujjatlar mavjudligi va ularning belgilangan talablarga muvofiqligi tekshiriladi. Biroq taqdim etilgan hujjatlar belgilangan talablarga muvofiq emasligi aniqlansa, ushbu muddat uzaytiriladi. Talabnoma beruvchiga soʻrovnoma yuboriladi, unga uch oy ichida javob berish zarur. Biroq talabnoma beruvchining iltimosnomasiga koʻra ushbu muddat ham uzaytirilishi yoki oʻtkazib yuborilgan taqdirda tiklanishi mumkin.

Talabnoma beruvchi muddatni uzaytirish toʻgʻrisida yozma shaklda iltimosnoma beradi va patent bojini toʻlaydi. Bunday iltimosnoma talabnoma beruvchiga soʻrovnoma yuborilgan sanadan eʼtiboran uch oy oʻtguncha taqdim etiladi.

Oʻtkazib yuborilgan muddatni tiklash toʻgʻrisidagi iltimosnoma talabnoma beruvchi tomonidan muddat oʻtib ketgan kundan boshlab ikki oy ichida muddatni oʻtkazib yuborishga uzrli sabablarni koʻrsatgan holda taqdim etiladi. Iltimosnoma talabnoma beruvchi tomonidan ekspertiza soʻragan qoʻshimcha materiallar bilan yoki ularni taqdim etish muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi iltimosnoma bilan birgalikda taqdim etiladi. Iltimosnoma bilan birgalikda belgilangan miqdorda patent boji toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat taqdim etiladi. Shuni yodda tutish lozimki, agar shunday hujjat taqdim etilmagan boʻlsa, iltimosnoma taqdim etilmagan deb hisoblanadi, bu haqda talabnoma beruvchiga bildirishnoma yuboriladi.

Hujjatni taqdim etish muddatini uzaytirish yoxud oʻtkazib yuborilgan muddatni tiklash toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda talabnoma beruvchi IMA tomonidan xabardor qilinadi.

Talabnoma beruvchidan qoʻshimcha materiallar soʻralishi mumkin, shu jumladan bunday materiallarsiz talabnomada koʻrsatilgan belgining ekspertizasini oʻtkazib boʻlmaganda. Taqdim etilgan qandaydir hujjat yoki maʼlumotlarning haqiqiyligi (ishonchliligi) yuzasidan ekspertizada asosli shubhalar yuzaga kelganda talabnoma beruvchidan tasdiqlovchi maʼlumotlar soʻralishi mumkin. Soʻrovnomada muayyan masala boʻyicha ekspertiza bildirgan fikr, xususan, Qonun moddalari, Qoidalar va boshqa normativ hujjatlardagi qoidalarga havolalar bilan asoslangan boʻlishi kerak.

Talabnoma, odatda, talabnoma beruvchining ishtirokisiz koʻrib chiqiladi. Biroq baʼzi hollarda uning ishtirok etishi zarur boʻladi. Ekspertiza tomonidan talabnomada koʻrsatilgan belgi, tovarlar va xizmatlar roʻyxati boʻyicha qoʻshimcha tushuntirishlar olish zarurati, talabnomada koʻrsatilgan belgining roʻyxatdan oʻtkazish shartlariga muvofiqligi yuzasidan ekspertizaning va talabnoma beruvchining pozitsiyasini aniqlash ana shunday hollarga kiradi.

Tomonlar bir-birlariga bermoqchi boʻlgan savollar bilan tanishib chiqqandan soʻng uchrashuv oʻtkaziladi. Ekspertizaning savollari qoʻshimcha ravishda uchrashuvning maqsadga muvofiqligi xabar qilingan soʻrovnomada, talabnoma beruvchining savollari uni oʻtkazish haqidagi iltimosnomada bayon etilishi mumkin.

Uchrashuv vaqti oldindan kelishiladi. Yuzma-yuz uchrashuv yakunlariga koʻra bayonnoma tuziladi. Ekspertizaning soʻrovnomalariga talabnoma beruvchining javobi bayonnoma oʻrnini bosishi mumkin.

Tovar belgisini roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi qaror

Talabnomada koʻrsatilgan roʻyxatdagi barcha tovarlar va xizmatlar yoki qonun hujjatlarida belgilangan talablarga muvofiq keluvchi ushbu roʻyxatning faqat bir qismi yuzasidan qaror qabul qilinadi.

Tovar belgisini roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi qarorda undagi muhofaza qilinmaydigan elementlar koʻrsatiladi.

Rangli tasvirdagi belgini roʻyxatdan oʻtkazish soʻralayotgan boʻlsa, tovar belgisini roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi qarorda belgidagi rang yoki ranglar uygʻunligi koʻrsatiladi.

 

Tovar belgisini roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi qaror roʻyxatdan oʻtkazish sanasiga qadar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari asosida avvalroq ustuvorlikka ega boʻlgan aynan oʻxshash yoki aralashtirib yuborish darajasida oʻxshash tovar belgisiga talabnoma kelib tushishi munosabati bilan qayta koʻrib chiqilishi mumkin.

Xalqaro roʻyxatdan oʻtkazish va Oʻzbekistonda huquqiy jihatdan muhofaza qilish

Quyidagilarni yodda tutish zarur:

·         BIMT XBning xabarnomasida keltirilgan xalqaro roʻyxatdan oʻtkazilgan belgilar davlat ekspertizasidan oʻtkazilganda ijobiy xulosa chiqarilgandagina Oʻzbekiston hududida huquqiy jihatdan muhofaza qilinadi;

·         Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasiga binoan avval muhofaza qilingan va xalqaro reestrdan chiqarilgan tovar belgisini roʻyxatdan oʻtkazish haqidagi talabnoma IMAga avval ushbu belgini xalqaro roʻyxatdan oʻtkazish egasi boʻlgan shaxslar tomonidangina topshirilishi mumkin. 

·          

Tovar belgisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazilmaydi:

a) davlat gerblari, bayroqlari va davlat mukofotlarining tasviri tushirilgan belgilar;

b) davlatlarning rasmiy nomlari, xalqaro yoki hukumatlararo tashkilotlarning qisqartirilgan yoki toʻliq nomlari;

v) rasmiy nazorat, kafolat tamgʻalari va namuna yoʻsinidagi tamgʻalar, muhrlar;

g) davlat xizmatlarining Oʻzbekiston Respublikasida qoʻllaniladigan ajratish va farqlash belgilari tasvirlari.

Yuqoridagi “a”—“g” kichik bandlarda koʻrsatilgan belgilar, agar bunga tegishli davlat organining yoki belgi egasining roziligi boʻlsa, tovar belgisiga muhofaza qilinmaydigan qismlar sifatida kiritilishi mumkin.

 

Olmaliq shahar adliya boʻlimi

Davlat xizmatlari markazi

boʻlim boshligʻi                                                                                D.Oʻ.Otaxanova