Янгиликлар
Konstitutsiya - baxtimiz poydevori
Konstitutsiya - baxtimiz poydevori
Konstitutsiyamiz tarixan sinalgan umuminsoniy, umumbashariy qadriyatlarni o‘zida mujassam etgan hujjatdir. Asosiy qonunimiz eng rivojlangan, taraqqiy topgan davlatlarning tarixiy tajribasiga tayangan holda yaratilgan.
Respublikamizda davlat hokimiyati xalq manfaatlarini ko‘zlab, konstitutsiya hamda uning asosida qabul qilingan qonun-qoidalar vakolat berilgan idoralar tomonidan amalga oshirilishligi, jamiyat va davlat hayotning muhim masalalari xalq muhokamasiga taqdim etilishi, respublikada demokratiya umuminsoniy tamoyillarga asoslanishini, ularga ko‘ra inson, uning hayoti erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanishi, O‘zbekiston Respublikasida Konstitutsiya va qonunlarning so‘zsiz tan olinishi kabi munosabatlar o‘z aksini topgan.
Shuning uchun ham eng oliy qadriyat inson, uning hayoti, qadr-qimmati to‘g‘risidagi tamoyil Konstitutsiya darajasida mustahkamlab qo‘yilgan.
Konstitutsiyamizda fuqarolarimizni nafaqat O‘zbekiston hududida, balki uning tashqarisida ham huquqiy himoya qilish va ularga homiylik ko‘rsatish, ularning yashash huquqi har bir insonning uzviy huquqi ekanligi, hech kim qonunga asoslanmagan holda hibsga olinishi yoki qamoqda saqlanishi mumkin emasligi, jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita o‘z vakillari orqali ishtirok etish huquqiga ega ekanligi, mulkdor bo‘lish, mehnat qilish, dam olish, bilim olishligi kafolatlangan.
Konstitutsiyamiz o‘zining tub mohiyati falsafasi, g‘oyasiga ko‘ra yangi hujjat bo‘lib, unda jamiki dunyoviy ne’matlar orasida eng ulug‘i-inson degan fikr ilgari surildi.
Konstitutsiyamizda davlat iste’molchilarning huquqi ustunligini hisobga olib, iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligini barcha mulk shakllarining teng huquqliligini va huquqiy jihatdan bab-baravar muhofaza etilishini kafolatlaydi.
Konstitutsiyaning barcha prinsiplari va qoidalarini hayotimizga joriy etish ularning mazmun-mohiyatini chuqur anglab yetishdan boshlanadi. Shu bois, Asosiy qonunimiz tub ma’no – mazmuniga yetib bormoq va shu asosda Konstitutsiya qoidalarini hayotimizning tarkibiy qismiga aylantirmoq barcha davlat idoralari, mansabdor shaxslar, fuqarolik jamiyati institutlari va fuqarolarning o‘ta mas’uliyatli vazifasi, sharafli burchidir.
Konstitutsiyamiz naqadar teran demokratik zaminga, qudratli siyosiy –huquqiy hamda ma’naviy-ahloqiy ta’sir kuchiga egaligini xayotning o‘zi isbotlab turibdi. Konstitutsiyaning xuddi ana shu g‘oyaviy huquqiy-mafkuraviy, ma’rifiy-tarbiyaviy salohiyatini, mazmun - mohiyatini aholi keng qatlamlari, ayniqsa, yoshlar ongiga sindirish maqsadida mamlakatimiz birinchi Prezidenti tomonidan 2001-yil 4-yanvarda “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini o‘rganishni tashkil etish to‘g‘risida” farmoyishi qabul qilindi.
Darhaqiqat, jamiyatimizning barcha jabhalarida olib borilayotgan keng qamrovli islohotlarning zamirida inson huquq va erkinliklariga bo‘lgan e’tibor, uning sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilish, inson huquqlarini eng oliy qadriyat sifatida e’tirof etish kabi ezgu g‘oya va bosh maqsad etib tanlanganligi bejiz emas. Bosh qomusimizning 13-moddasida O‘zbekistonda demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, ularga ko‘ra inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi. Demokratik huquq va erkinliklar Konstitutsiya va qonunlar bilan himoya qilinadi deb e’tirof etilgan.
Mamlakatimizda sud – huquq tizimida keng ko‘lamda olib borilayotgan islohotlar va tariximizda uchramagan inson huquqlarini himoya qilish davlat va nodavlat institutlarining paydo bo‘lishi ushbu me’yorlarning hayotdagi amaliy tasdig‘idir. O‘zbekistonda inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, fuqarolik jamiyatini barpo etish, yangi shaxsni shakllantirish davlat qurilishida eng muhim yo‘nalishlardan biri bo‘lib qoldi.
O‘tgan qisqa davrda mamlakatimizda inson huquqlari va erkinliklaridan kelib chiqadigan, xalqaro andozalar talablariga asoslangan ochiq huquqiy-ijtimoiy vaziyat barpo etildi. Bu esa fuqarolarping davlat hokimiyati va boshqa boshqaruv organlarida bevosita ishtiroki, shuningdeq barcha mulk shakllariga asoslangan ma’muriy-xo‘jalik tuzilmalari bilan turli-tuman munosabatlarni yo‘lga quyishda imkoniyatlar yaratib berdi.
Konstitutsiyamizning barqarorligi, uning eng muhim prinsiplari va normalarini har bir O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari to‘g‘ri anglab olmog‘i zarur. Chunki u ma’naviy – madaniy ehtiyojlarni, vatanparvarlik tuyg‘ularini, ta’bir joiz bo‘lsa, xalqning vijdoni va diyonatini o‘zida mujassamlashtirgan bo‘lib, biz uchun muqaddasdir.
Shu bois O‘zbekiston Konstitutsiyasi halqimizda vatanparvarlik tuyg‘ularini tarbiyalaydi, davlatimiz ramzi bo‘lmish O‘zbekiston madhiyasi, bayrog‘i va gerbida o‘z ifodasini topgan baxt saodat sari yetaklaydi.
Ismailov Nuriddin
Toshkent viloyati adliya boshqarmasi
Inson huquqlarini himoya qilish
bo‘limi bosh maslahatchisi.