Янгиликлар
Korrupsiyaga qarshi kurashish – hozirgi zamonning davr talabidir.
Korrupsiyaga qarshi kurashish – hozirgi zamonning davr talabidir.
Bugungi kunda dunyoda globallashuv jarayonlari jadallashib, mintaqa va davlatlararo integratsiya yanada kuchayib bormoqda. Bunday murakkab bir davrda korrupsiya davlatni ich-ichidan yemirib, parokanda qilib tashlash xavfi kuchaymoqda. Bugun katta-yu kichik, boy va kambag‘al, qudratli va kuchsiz bironta davlatni korrupsiyadan holi hudud, deb aytolmaymiz.
Dunyoda taraqqiyot va yangilanish yo‘lidan borayotgan har qanday mamlakat eng avvalo korrupsiya kabi barcha salbiy illatlarga qarshi murosasiz kurash olib boradi. Aks holda, bunday jirkanch illatlarning ildiz otishiga imkon berilsa, o‘sha joyda rivojlanish va o‘zgarish boy beriladi.
Respublikamizda Davlatimiz rahbari boshchiligida amalga oshirilayotgan islohotlardan ko‘zlangan maqsad ham fuqarolarimizni hayotdan rozi qilish va eng muhimi, davlat idoralari orqali bevosita xalq ichiga kirib borib, muammolar bilan tanishib ularni ijobiy hal etishdan iboratdir.
Albatta, bu jarayonda barcha darajadagi rahbarlarning javobgarligini va mas’uliyatini oshirish va o‘ziga bildirilayotgan ishonchni oqlash hamda korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga yo‘l qo‘ymaslik borasida ko‘plab qaror va farmonlar qabul qilindi.
Xususan, Davlatimiz rahbari tomonidan ishlab chiqilgan 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasining 84-maqsadida ham korrupsiyaga moyil soha va tarmoqlarni aniqlash, korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish tizimining samaradorligini oshirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish masalasi alohida e’tiborga olingan. Qolaversa mazkur bandda korrupsiyaga qarshi kurashishga zamonaviy axborot, shu jumladan sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish, korrupsiyaga qarshi kurashishda fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, jamoatchilik nazoratini olib borishni qo‘llab-quvvatlash, aholi va davlat xizmatchilarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi bilimlarini uzluksiz oshirish tizimini joriy qilish, normativ-huquqiy hujjatlarning “korrupsiyadan xoli qonunchilik” tamoyili asosida ishlab chiqilishini ta’minlash masalalari ham belgilab berilgan.
Xulosa o‘rnida aytishimiz mumkinki, korrupsiya va poraxo‘rlik kabi salbiy illatlar jamiyat barqarorligining muhim asosi bo‘lgan adolatning yo‘qolishiga olib keladi. Mamlakatimiz mustahkamligi, xalqimiz farovonligi, yurtning rivoji va gullab yashnashini, obod bo‘lishini istagan har bir fuqaro bunday illatdan xoli bo‘lishi kerak.
Ismailov Nuriddin
Toshkent viloyati adliya boshqarmasi
Inson huquqlarini himoya qilish
bo‘limi bosh maslahatchisi.