Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

01

Davlat xizmatlaridan onlayn foydalaning


 

Davlat xizmatlaridan onlayn foydalaning

 

            So’ngi yillarda yurtimizda olib borilayotgan samarali islohotlar natijasida davlat xizmatlari ko’rsatishda va undan foydalanishda elektron hukumatning o’rni tobora yuksalib bormoqda. Umuman olib aytganda, elektron hukumatning asosiy vazifalari davlat organlari faoliyatining samaradorligini, tezkorligini va shaffofligini ta’minlash, ularning mas’uliyatini va ijro intizomini kuchaytirish, aholi va tadbirkorlik subyektlari bilan axborot almashishni ta’minlashning qo’shimcha mexanizmlarini hamda ariza beruvchilar uchun mamlakatning butun hududida davlat organlari bilan o’zaro munosabatlarni elektron hukumat doirasida amalga oshirish bo’yicha imkoniyatlar yaratishdan iborat. Davlat xizmatlarini fuqarolar tomonidan bevosita vakolatli idoralarga murojaat etmasdan turib amalga oshirish imkoni yaratilgan. Hozirgi kunda uydan chiqmay turib ham barcha turdagi davlat xizmatlaridan mustaqil elektron ravishda foydalanish imkoniyati mavjud. Bunday qulay davlat xizmatlari my.gov.uz sayti orqali ko’rsatiladi.

My.gov.uz — Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali ishga tushirilgan bo’lib, Internet tarmog’ida O’zbekiston Respublikasining Hukumat portali doirasida, shu jumladan “bir darcha” rejimida faoliyat ko’rsatib kelmoqda. Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat etilganda yoki biror xizmatdan foydalanish uchun ariza to’ldiriladi. Bunda fuqaroga tegishli asosiy ma’lumotlar JShShIR kiritilgach avtomat tarzda chiqib keladi. Ya’ni yashash manzili, familiyasi, ismi, otasining ismi, tug’ilgan vaqti va joyi kabi ma’lumotlar. Aslida bu tizim ishlashi uchun juda ko’p bosqichlardan o’tilgan bo’ladi. Misol uchun, fuqaroning yashash manzili Ichki ishlar vazirligining, shaxsning o’ziga tegishli ma’lumotlar Davlat personallashtirish markazining axborot tizimlaridan olinadi. Xullas, barcha davlat tashkilotlariga tegishli axborot tizimlari integrasiya qilinganligi uchun ushbu ma’lumotlar Yagona portaldan foydalanganda fuqarolardan qayta-qayta so’ralmaydi. Mazkur yaratilgan tizim davlat xizmatlari sohasida sansalorliklarning, ortiqcha vaqt va mablag’ sarflanishining, fuqarolarning u yoki bu eshikda uzoq navbatlar kutib turishlari, tanish-bilishchilik, mahalliychilikning oldini olishga xizmat qilib kelmoqda.

Mazkur tizimning fuqarolarga afzallik jihatlari yana shunda ko’rinadiki, xizmat oluvchi har qanday paytda tizimda mavjud bo’lgan barcha xizmatlardan 24 soat hamda O’zbekiston Respublikasi, shuningdek dunyoning istalgan nuqtasidan turib foydalanishi mumkin. Buning uchun faqatgina raqamli imzoga ega bo’lsangiz bas. Xulosa qilib aytganda Davlat xizmatlari soxasida amalga oshirilayotgan bu kabi yangiliklar va yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali mustaqil davlat xizmatlaridan foydalanish orqali qimmatli vaqtingizni tejagan bo’lasiz.

           

 

 

Chinoz tuman adliya bo’limi

davlat xizmatlari

markazi bosh mutaxassisi

Mirxalilov Ismoil