Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

01

Fuqarolar o‘zlariga tegishli hovli-uylar (ko‘p qavatli uylar bundan mustasno) joylashgan yer uchastkasini qanday xususiylashtiradi?


Fuqarolar o‘zlariga tegishli hovli-uylar (ko‘p qavatli uylar bundan mustasno) joylashgan yer uchastkasini qanday xususiylashtiradi?

Bugungi kungacha yer uchastkalarini tadbirkorlik faoliyati uchun berish, yaʼni auksion orqali sotish amaliyoti mavjud edi. Vazirlar Mahkamasining 14 fevraldagi 71-sonli qarori bilan, “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi qarorga asosan 3ta tartib ishlab chiqildi:

Jismoniy va yuridik shaxslarning o‘zlariga tegishli bo‘lgan yer uchastkalarini xususiylashtirish tartibi;

tadbirkorlik faoliyati uchun yer uchastkalarini auksionga qo‘yish;

yakka tartibdagi uy-joylarning yer uchastkalarini mulk huquqi asosida sotib olish.

Fuqarolarimizda yakka tartibdagi uy-joy, yuridik shaxslarda esa noturar bino-inshootlar mavjud. Ular o‘zlariga tegishli ko‘chmas mulkning yer uchastkasini kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish orqali xususiylashtirib olishi mumkin bo‘ladi (agar bino kadastrdan o‘tmagan bo‘lsa, yerni xususiylashtirish mumkin bo‘lmaydi).

Bugungi kunda fuqarolarga tegishli uy-joylar joylashgan yer uchastkalari, meros qilib qoldirilgan umrbod egalik qilish huquqidagi yerlar, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanadigan noturar joy obyektlarining yer uchastkalariga doimiy foydalanish huquqi berilar edi. Yaʼni bino o‘zingizga tegishli bo‘lsa ham, uning yeri sizga tegishli emas edi.

Mana shu yer uchastkalarini xususiylashtirish uchun endi jismoniy va yuridik shaxslar tumandagi adliya bo’limi Davlat xizmatlari markazlariga yoki yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali ham murojaat qilishi mumkin. Ariza Kadastr agentligi va Qurilish bo‘limlariga yo‘naltiriladi. Kadastr bo‘limlari o‘z navbatida ushbu yer uchastkasi ariza bergan fuqaroning nomiga rasmiylashtirilganmi yoki yo‘qmi, yaʼni ro‘yxatdan o‘tkazilganini tekshiradi. O‘sha yer uchastkasi o‘zgarmagani, yer uchastkasi bugungi kunda ham reyestrda mavjudligi haqidagi maʼlumotlarga to‘liq mos kelishi, taqiq va cheklovlar mavjud emasligi – xususiylashtirishga monelik qilmaydigan barcha tomonlar tekshirib chiqiladi.

Ikkinchi tomondan, qurilish bo‘limlari yer uchastkasi hududi shaharsozlik meʼyorlariga mos kelishi, xususiylashtirish uchun mumkinligini o‘rganadi. Barcha tekshiruvlardan o‘tgandan keyin fuqaroga to‘lovni amalga oshirish, yaʼni xususiylashtirish haqida xabarnoma yuboriladi. Xabarnoma orqali xususiylashtirish uchun to‘lovni amalga oshiradi.

Har bir jismoniy va yuridik shaxs o‘ziga tegishli bo‘lgan yer uchastkasini faqat o‘zi sotib olishi mumkin. Bu auksionga qo‘yilmaydi va boshqa odam sotib olishi yoki boshqa odamga o‘tib ketishi mumkin emas.

Tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish uchun yer uchastkalari esa auksion savdolari orqali shaffof tarzda sotib olinadi.

Qonunchilikda davlatga tegishli yerlar yoki boshqa shaxslar foydalanishida bo‘lgan yerlar olib qo‘yilishi nazarda tutiladi. Mulk huquqidan boshqa 5ta huquqqa tegishli bo‘lgan yer uchastkalari olib qo‘yilishi mumkin. Siz yeringizga nisbatan mulk huquqini olishingiz bilan (xususiylashtirish orqali) davlat shunchaki sizga tegishli bo‘lgan yerni olib qo‘ya olmaydi.

Agar yer uchastkasi davlatga kerak bo‘lsa, sizdan bozor narxida, shartnoma asosida sotib olishi mumkin. Sizdan davlat yeringizni kelishilgan narxda sotib olsagina, yer davlatga o‘tadi. Yer “snos”ga tushib ketmaydi. Bu – mulk huquqining kafolatlanishi.

   Xususiylashtirish mumkin bo‘lgan yerlar:

yuridik shaxslarga tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan yer uchastkalari;

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga yakka tartibda uy-joy qurish va uy-joyni obodonlashtirish, shuningdek tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan yer uchastkalari;

xususiylashtirilishi lozim bo‘lgan davlat ko‘chmas mulk obyektlari joylashgan yer uchastkalari;

bo‘sh turgan yer uchastkalari.

Quyidagi yer uchastkalari xususiylashtirilmaydi:

foydali qazilma konlari, qonunchilikka muvofiq xususiylashtirilmaydigan davlat mulki obyektlari joylashgan yer uchastkalari;

tabiatni muhofaza qilish, sog‘lomlashtirish, rekreatsiya maqsadlari va tarixiy-madaniy maqsadlar uchun mo‘ljallangan yerlar tarkibiga kiruvchi yer uchastkalari, shuningdek o‘rmon hamda suv fondlarining, muhandislik va transport infratuzilmasi obyektlarining muhofaza zonalari, shaharlar va shaharchalarning umumiy foydalanishdagi yerlari (maydonlar, ko‘chalar, tor ko‘chalar, yo‘llar, sohil bo‘ylari, skverlar, xiyobonlar, istirohat bog‘lari);

xavfli moddalar bilan zararlangan va biogen zaharlanishga duchor bo‘lgan yer uchastkalari;

qonunchilikda belgilangan tartibda maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilariga taqdim etilgan yer uchastkalari – maxsus iqtisodiy zona faoliyat ko‘rsatadigan davrda;

ko‘p kvartirali uylar joylashgan, shuningdek ko‘p kvartirali uylarga tutash yer uchastkalari;

davlat-xususiy sheriklik loyihalarini, ijtimoiy sheriklik to‘g‘risidagi kelishuvlar va shartnomalarni amalga oshirish uchun berilgan, shuningdek yuridik shaxslarga davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun berilgan yer uchastkalari.

Yer uchastkalari quyidagi shakllarda xususiylashtiriladi:

umrbod egalik qilish huquqi asosida tegishli bo‘lgan yerni sotib olish;

yerni elektron onlayn-auksion orqali sotib olish.

​​​​​​​ Quyidagi holatlarda xususiylashtirilgan yerni mulkdordan olib qo‘yish mumkin:

yerga ijro hujjatlari bo‘yicha undiruv qaratilganda;

yer davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun sotib olinganda (egasining yozma roziligi bilan);

yer musodara qilinganda;

yer rekvizitsiya qilinganda (epidemiya, tabiiy ofat vaqtida).

 

   Adliya bo’limi Davlat xizmatlari markazi                                                                                                                          direktori v.v.b A.Ergashov