Янгиликлар
Oʻzbekistonda auditorlarning ish sifatini tekshirish tartibi belgilandi
Oʻzbekistonda auditorlarning ish sifatini tekshirish tartibi belgilandi
Auditorlik xizmati birinchi marta 19-asrning 40-yillarida Angliyada aksiyadorlik jamiyatlari moliya-xoʻjalik faoliyatini tekshirish bilan bogʻliq holda paydo boʻlgan. 20-asrning 70-yillariga kelib jahon mamlakatlarida Auditorlik xizmati standartlari yaratila boshladi. MDH mamlakatlari, shu jumladan Oʻzbekistonda dastlabki auditorlik 90-yillarning boshlarida paydo boʻlgan.
Auditorlik tashkiloti – auditorlik tekshiruvlarini oʻtkazish va turdosh xizmatlar koʻrsatish boʻyicha auditorlik faoliyatini amalga oshiruvchi tijorat tashkilotidir.
Auditor — auditor malaka sertifikatiga ega boʻlgan jismoniy shaxsdir. Auditor mehnat shartnomasi boʻyicha yoki fuqarolik-huquqiy shartnoma boʻyicha faqat bitta auditorlik tashkiloti bilan ishlashi mumkin. Auditorning malaka sertifikati — auditorning malakasini tasdiqlovchi va auditorlik tashkiloti nomidan auditorlik xizmatlari koʻrsatish huquqini beruvchi hujjat.
Shuningdek, Auditorlik tashkiloti auditorlik faoliyatini amalga oshirish litsenziyasiga ega boʻlgan yuridik shaxsdir. Ular oʻz faoliyatini amalga oshirishda mustaqildir. Mazkur tashkilot vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralari hamda boshqa davlat va xoʻjalik boshqaruv organlari tomonidan tuzilishi mumkin emas.
Joriy yilning 28-sentyabr kuni Vazirlar Mahkamasining “Auditorlik tashkilotining ishi sifatini tashqi nazoratdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 538-sonli qarori qabul qilindi va u rasmiy eʼlon qilingan kundan boshlab 3 oydan soʻng kuchga kirishi belgilandi.
Mazkur Nizom bilan tashqi nazorat moliya vazirining buyrugʻi asosida Moliya vazirligi tomonidan 10 kundan koʻp boʻlmagan muddatda oʻtkazilishi,
tashqi nazoratni amalga oshirishda auditorlarning respublika jamoat birlashmalari vakillari jalb qilinishi, tashqi nazorat oxirgi ikki moliyaviy hisobot davrida majburiy auditorlik tekshiruvini oʻtkazgan auditorlik tashkilotlariga nisbatan oʻtkazilishi, tijorat banklarini majburiy auditorlik tekshiruvdan oʻtkazgan auditorlik tashkilotlari Markaziy bank bilan birgalikda tashqi nazoratdan oʻtkazilishi, tashqi nazorat obyekti auditorlik tashkilotining auditorlik xizmati koʻrsatishdagi faoliyati hisoblanib, tashkilotning moliyaviy-xoʻjalik faoliyatiga aralashishiga yoʻl qoʻyilmasligi hamda auditorlik tashkiloti tomonidan kerakli maʼlumotlarni taqdim etmaslik uni auditorlik tashkilotlari reestridan chiqarishga asos boʻlishi koʻrsatilgan.
Bundan tashqari, Auditorlik tashkiloti Auditorlik tashkilotlarining reestridan chiqarilgan taqdirda, auditorlik faoliyatini amalga oshirishga va firma nomida "auditorlik tashkiloti" degan soʻz birikmasidan foydalanishga yoʻl qoʻyilmasligi, tashqi nazorat oʻtkazilganda tekshiruvchilar “tekshirishlarni roʻyxatga olish” kitobini toʻldirishlari lozimligi, tekshirish natijasi boʻyicha auditorlik tashkilotiga 30 kun muddat ichida kamchiliklarni toʻgʻirlash haqida xabarnoma berilishi, auditorlik faoliyatidan boshqa faoliyat bilan shugʻullanganlik, auditorlik tekshiruvida oʻrnatilgan cheklovlarga rioya etmaganlik va soxta auditorlik xulosalari taqdim etilganligi aniqlanganda Moliya vazirligi sudga murojaat etishga haqliligi hamda tashqi nazorat natijalari va koʻrilgan choralar Moliya vazirligi saytida eʼlon qilinib borilishi belgilandi.