Янгиликлар
Xotin-qizlar va erkaklar teng huquqlidir
Xotin-qizlar va erkaklar teng huquqlidir
Barcha odamlar erkin, qadr-qimmat va huquqlarda
teng boʻlib tugʻiladilar.
( Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasidan)
Mamlakatimizda xotin-qizlar va erkaklarning jamiyat hamda davlat ishlarini boshqarishda, saylov jarayonida teng ishtirok etishni, sogʻliqni saqlash, taʼlim, fan, madaniyat, mehnat va ijtimoiy himoya sohalarida, shuningdek davlat va jamiyat hayotining boshqa sohalarida teng huquq hamda imkoniyatlarning davlat tomonidan taʼminlash, ayniqsa mutabar ayollarimizni har qanday bosim va zoʻravonliklardan himoya qilish boʻyicha bir qator qonun hujjatlari qabul qilinib, ularning ijtimoiy faolligini oshirish boʻyicha bir qator islohatlar amalga oshirilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashining 46-sessiyasida soʻzlagan nutqida “Biz gender siyosati masalalari borasida mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy hayotida va ishbilarmonlik sohasida ayollarning rolini tubdan oshirishga qaratilgan ishlarni qatʼiy davvom ettiramiz” deb taʼkidladi.
Bugungi kunda gender tengligi masalalari milliy qonunchilikdan ham munosib oʻrin oldi. 2019-yil 2-sentyabrida Oʻzbekiston Respublikasining “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida” gi Qonuni qabul qilinib, ijroga qaratilgan.
Mazkur qonun mamlakatimizda gender tenglikni taʼminlashga qaratilgan yaxlit va asosiy huquqiy hujjat hisoblanadi. Qonunga asosan, gender xotin-qizlar va erkaklar oʻrtasidagi munosabatlarning jamiyat hayoti va faoliyatining barcha sohalarida, yaʼni siyosat, huquq, iqtisodiyot, mafkura va madaniyat, taʼlim hamda ilm-fan sohalarida namoyon boʻladigan ijtimoiy jihatdir.
Ushbu qonunda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari ushbu sohada davlat boshqaruvi mexanizmlari belgilangan.
Bu qonun ming yillardan buyon jamiyatda mavjud boʻlib kelgan ayol va erkak oʻrtasidagi tengsizlik muammosini bartaraf etishga qaratilgan boʻlib, qonuniylik, demokratizm, xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligi, jins boʻyicha kamsitishga yoʻl qoʻyilmasligi, ochiqlik va shaffoflik prinsiplari bilan sugʻorilgan.
Yangiyoʻl tumani adliya boʻlimi
yetakchi maslahatchisi N. Anarqulova