Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

01

Odobsiz va axloqsiz shaxslar davlat xizmatchisi boʻlolmaydi.


Odobsiz va axloqsiz shaxslar davlat xizmatchisi boʻlolmaydi.

Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 14-oktabrda “Davlat fuqarolik хizmatchilari tomonidan odob-aхloq qoidalariga rioya etilishini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 595-son qarori qabul qilindi.

Ushbu qaror bilan Davlat fuqarolik хizmatchilari odob-aхloqining namunaviy qoidalari hamda Odob-aхloq komissiyasi toʻgʻrisidagi namunaviy nizom tasdiqlandi.

Davlat xizmatchilari tomonidan Odob-axloq qoidalariga rioya etishida jamoatchilik vakillarining ishtiroki qanday?

Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, davlat xizmatchilari Odob-axloq qoidalariga rioya qilishi, davlat xizmatining obroʻsiga putur yetkazishi mumkin boʻlgan xatti-harakatlardan tiyilish, axloq normalariga doimiy rioya qilishi, xushmuomalalik, eʼtiborlilik va hushyorlik bilan fuqarolarda davlatga nisbatan ishonch va hurmat hissini uygʻotishi, fuqarolarning ijtimoiy kelib chiqishi, iqtisodiy ahvoli va boshqa omillardan qatʼi nazar, ular bilan bir xil, samimiy, odob doirasida munosabatda boʻlishi belgilangan.

Ushbu normalarga rioya etilishini nafaqat tashkilot yoki davlat organi rahbari talab qilishi balki fuqarolar ham davlat xizmatchilaridan mazkur qoidalarga rioya etishlarini talab qilish huquqi ham berildi.

Bu muhim!!! Davlat xizmatchilari Odob-axloq qoidalariga rioya qilish majburiyatiga, fuqarolar esa davlat xizmatchilaridan mazkur qoidalarga mos boʻlgan kasbiy madaniyatni talab qilish huquqiga ega.

Bu nimalarda namoyon boʻladi mazmunidagi savol tugʻilishi tabiiy.

Tasavvur qiling siz davlat xizmatchisi va ish vaqtingizda fuqaro sizdan rasmiy kiyim (odob-axloq qoidalari va ichki mehnat tartibi qoidalarida belgilangan)da boʻlishingizni talab qilmoqda. Siz esa kiyinish har bir kishining shaxsiy huquqi ekanligini bildirdingiz yoki boʻlmasa jamoat joylarida (kafe, restoran va boshqa koʻngilochar maskanlarda) oʻzingizni tutish qoidalariga rioya qilmay, atrofdagilarning eʼtiborini tortuvchi ortiqcha va salbiy harakatlarga yoʻl qoʻyyapsiz va boshqa bir fuqaro sizdan bulardan tiyilishni talab qilmoqda. Siz esa hozir ish vaqti emasligi, dam olish kuni ekanligi, shuningdek ish vaqtidan tashqari vaqtlarda siz mustaqil ekanligingizni tushuntiryapsiz.

Qaror bilan xizmat faoliyatida, xizmatdan tashqarida odob-axloq qoidalari hamda xizmat faoliyatidagi tashqi koʻrinish va kiyinish uslubiga oid odob-axloq qoidalari belgilangan boʻlib, unga koʻra mehnat va ijro intizomi, ichki tartib qoidalariga, shuningdek, telefonda soʻzlashish va kiyinish madaniyatiga qatʼiy rioya etishlari lozimligi belgilangan.

Shuningdek, davlat xizmatchilarining xizmat faoliyatidagi tashqi koʻrinishi va kiyinish uslubi fuqarolarning davlat organlari va tashkilotlari faoliyatiga hurmatini, shu jumladan davlat xizmatining nufuzini oshirishga xizmat qilishi kerak.

Albatta tashqi koʻrinish ham davlat xizmatchilarida mehnat sharoitlari va xizmat turiga qarab farq qiladi. Tashqi koʻrinish xizmat majburiyatlarini bajarishi vaqtida fuqarolarning davlat tashkilotiga nisbatan hurmat bilan munosabatda boʻlishiga koʻmaklashishi, umumiy qabul qilingan ish uslubiga muvofiq boʻlishi va rasmiylikni namoyon etishi lozimligi koʻrsatilgan.

Ikkinchi holatda ham davlat xizmatchi tomonidan xizmatdan tashqarida odob-axloq qoidalari buzayotganligini koʻrishimiz mumkin. Davlat xizmatchisi nafaqat xizmat vaqtida balki, xizmatda tashqarida ham odob-axloq qoidalari amal qilishi lozim ( Davlat fuqarolik xizmatchilari odob-axloqining namunaviy qoidalari 4-bob ).

Odob-axloq qoidalariga rioya etilishini kimlar nazorat qiladi?

Davlat xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya etilishi ustidan nazorat davlat organlari va tashkilotlarining inson resurslarini boshqarish boʻlinmalari yoki Odob-axloq komissiyalari, shuningdek maxsus vakolatli davlat organi tomonidan amalga oshiriladi.

Odob-axloq qoidalariga rioya etmaganlik uchun qanday javobgarlik mavjud?

Davlat xizmatchilari tomonidan Odob-axloq qoidalariga rioya etmaganlik holati ularga nisbatan axloqiy va intizomiy taʼsir choralarini qoʻllash uchun asos boʻladi.

Odob-axloq qoidalariga rioya etmaganlik uchun Odob-axloq komissiyasi tomonidan davlat xizmatchilariga ogohlantirish, uzr soʻrash yoki rasmiy uzrnoma keltirishni talab qilish, davlat organlari va tashkilotlarining kollegial yigʻilishlarida tanbeh berish kabi taʼsir choralari qoʻllashi mumkin.

Shuningdek, Odob-axloq komissiyasi davlat xizmatchisiga nisbatan intizomiy taʼsir chorasini qoʻllash uchun davlat organlari va tashkilotlari rahbariga taqdimnoma kiritishi mumkin.

 

Bo‘stonliq tuman adliya bo‘limi yetakchi maslahatchisi Farxod Abdixakimov