Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

02

XOTIN-QIZLAR OLIY TA'LIMDA O‘QISHLARI BO‘YICHA IMTIYOZLAR


XOTIN-QIZLAR OLIY TA'LIMDA O‘QISHLARI BO‘YICHA IMTIYOZLAR

 

Bugungi kunda, yurtboshimiz Mirziyoyev Shavkat Miromonovich tomonidan xotin-qizlarni ta’lim olishini yanada rag`batlantirish, ularga qulay shart-sharoitlar yaratish, keng imkoniyatlar berish va bu orqali kelajak avlodning yanada bilimli bo`lishini ta’minlash maqsadida xotin-qizlarga oliy ta'limda o‘qishlari uchun qo‘shimcha imtiyozlar yaratilmoqda. Jumladan, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 7-mart kuni “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi
PF–87-son Farmoni qabul qilindi.

Ushbu Farmonning 3-bandiga ko`ra, Xotin-qizlarga ta’lim olishlari uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish, ularning ilmiy salohiyati va malakasini tizimli oshirib borishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab:

1. oliy ta’lim muassasalari, texnikum va kollejlarda, shu jumladan sirtqi va kechki ta’lim shaklida o‘qiyotgan xotin-qizlarning ta’lim kontraktlarini to‘lash uchun 7 yil muddatga foizsiz ta’lim kreditlarini moliyalashtirish maqsadida tijorat banklariga Davlat budjetidan har yili 1,8 trillion so‘m resurs mablag‘lari yo‘naltiriladi;

2. davlat oliy ta’lim muassasalarining magistratura bosqichida o‘qiyotgan barcha xotin-qizlarning kontrakt to‘lovlarini qaytarish shartisiz qoplash maqsadida, Davlat budjetidan har yili kamida 200 milliard so‘m moliyalashtiriladi;

3. xorijiy oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim dasturlari bo‘yicha — 50 nafar, magistratura ta’lim dasturlari bo‘yicha — 10 nafar xotin-qizlarga har yili “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali qo‘shimcha grantlar ajratib boriladi;

4. har yili Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasining tavsiyalariga asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan 150 nafardan jami 2 100 nafar ijtimoiy ehtiyojmand oila vakillari, yetim yoki ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan talaba xotin-qizlarning ta’lim kontraktlari mahalliy budjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan qaytarish shartisiz qoplab boriladi;

5. mutaxassisligi bo‘yicha kamida 5 yil mehnat stajiga ega, lekin oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan 500 nafar xotin-qizlarni har yili Qo‘mita tavsiyanomalariga asosan davlat oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga umumiy qabul parametrlaridan tashqari alohida test sinovlari natijalariga muvofiq to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilish amaliyoti joriy etiladi;

6. davlat ilmiy tashkilotlari yoki oliy ta’lim muassasalari doktoranturasiga xotin-qizlar uchun har yili kamida 300 tadan maqsadli kvota ajratib boriladi.

Yuqorida sanab o`tilgan imtiyozlar yurtboshimiz va davlatimiz tomonidan xotin-qizlarga bo`lgan ishonch va e’tiborning yorqin misoli desak mubolag`a bo`lmaydi.

Oqqo`rg`on tumani adliya bo`limi tomonidan manzilli tartibda mamlakatimizda chiqarilayotgan yangi qonunlar va islohotlarni fuqarolarga yetkazib borilmoqda. Jumladan. Oqqo`rg`on tumanida yashovchi xotin-qizlarga Muhtaram Prezidentimizning ushbu Farmoni mazmun-mohiyati tushuntirilmoqda hamda ularni qiziqtirgan savollarga javoblar berilmoqda. Xotin-qizlar tomonidan asosan yuqorida sanab o`tilgan beshinchi imtiyoz yuzasidan savollar berilmoqda. Shu sababdan beshinchi imtiyoz yuzasidan Siz o`quvchilarga tushuncha berib o`tishni lozim deb topdik.

Beshinchi imtiyoz shuni bildiradiki, Siz mutahassisligingiz bo‘yicha biror davlat idorasida ishlaysiz, lekin ma'lumotingiz oliy emas. Bunday vaziyatda, Sizning ishlagan ish stajingiz kamida 5 yil bo‘lishi lozim. Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasining tavsiyanomasiga asosan Siz o‘zingizdek kamida 5 yil ishlagan, biroq ma'lumoti oliy bo‘lmagan xotin-qizlar bilan birga imtixonga kirasiz va raqobat ham ular bilan bo‘ladi. Ya'ni, Sizlar odatiy abiturientlardan farqli o‘laroq o‘zlaringiz uchun ajratilgan 500 talik kvotalar uchun kurashasizlar. Faqat bu kurashda grant bo‘lmaydi. Imtixondan muvaffaqqiyatli o‘tganlarning barchasi kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinadi.

Oliy ma'lumotli bo‘lish armon bo‘lib qolgan yoki o‘zi ishlamoqchi bo‘lgan joyda ma'lumoti sababli ishlay olmayotgan xotin-qizlarga bu OTMga kirish uchun ajoyib imkoniyat yaratildi desak adashmagan bo`lamiz. Sababi, aloxida 500 talik kvotada nishonga urish odatiydan ko‘ra ancha osonroq bo‘ladi.

 

 

Ohangaron tumani adliya                                           Xakimov Abdurashid
bo`limi bosh maslahatchisi                                          Ma’rufjon o`g`li