Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

02

Bolaga aliment undirilishi huquqi kafolatlari


Bolaga aliment undirilishi huquqi kafolatlari

Yurtimiz, O`zbekistonda dunyodagi eng qimmatli xazina bo`lmish bolalarning sog`ligini muhofaza qilish va ta`lim-tarbiya olishi uchun keng sharoitlar hamda imkoniyatlar yaratib berilgan.

Jumladan, O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 65-moddasi ko`ra, onalik va bolalik davlat tomonidan muhofaza qilinadi. Shuningdek, Konstitutsiyaning 64-moddasiga ko`ra, ota-onalar o‘z farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majburdirlar deb belgilab qo`yilgan. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasida “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilinib bolalar huquqlari va manfaatlaari himoya qilingan.

O`zbekiston nafaqat milliy qonunchilik bilan balki, xalqaro qonun hujjatlarini ratifikatsiya qilish orqali yurtimizdagi bolalar muhofaza qilinadi.

Afsuski, bugungi kunda yurtimizda yosh oilalar o`rtasida nikohdan ajrashish holatlari ortib bormoqda. Bu esa bolalarning taqdiriga va ruhiyatiga kuchli ta`sir ko`rsatuvchi omillardan biridir.

Bolani sog`-salomat ulg`aytirish, voyaga yetkazguncha unga nafaqat ma`naviy, balki, moddiy ko`mak zarur. Yoshlar nikohdan ajrashishar ekan, bolani moddiy ta`minlash muammosi yuzaga chiqadi va ko`plab hollarda aliment undirish munosabati vujudga keladi. Ushbu vaziyatda ko`pgina fuqarolar O`zbekiston Respublikasi Oila Kodeksida ko`rsatilgan aliment undirilishini bola uchun emas, balki, bolaning otasi yoki onasi uchun deb tushunishadi. Bu tushuncha mutlaqo xatodir. Aliment bola sog`-salomat o`sib ulg`ayishi, uning moddiy ehtiyojlarini qondirish uchun to`lanadi.

Aliment to`lashning uch xil turi bor.

1.     Ota-onaning o`zaro kelishuvi;

2.     Ota-onaning notarius orqali kelishuvi;

3.     Sud orqali aliment undirilishi.

Bizning hayotimizda aliment undirishning ko`p uchraydigan turi sud orqali undirilishidir.

O`zbekiston Respublikasi Oila Kodeksining 96-moddasida ota-ona voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berishi shartligi belgilanib, voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berish majburiyatini ixtiyoriy ravishda bajarmagan ota (ona)dan sudning hal qiluv qaroriga yoki sud buyrug‘iga asosan aliment undirilishi ko`rsatib o`tilgan.

Shuningdek, ushbu moddada: voyaga yetmagan bolalarga aliment to‘lash haqida ota-ona o‘rtasida kelishuv bo‘lmaganda yoki aliment ixtiyoriy ravishda to‘lanmaganda va ota-onadan birortasi ham aliment undirish to‘g‘risida sudga da’vo yoxud ariza bilan murojaat qilmagan hollarda, vasiylik va homiylik organlari, shuningdek o‘n to‘rt yoshga to‘lgan bola voyaga yetmagan bolaning ta’minoti uchun ota yoki onadan qonunda belgilangan miqdorda aliment undirish to‘g‘risida da’vo qo‘zg‘atishga haqli ekanligi ta`kidlab o`tilgan.

Bundan tashqari, ota-ona va bola alohida-alohida yashagan taqdirda, vasiylik va homiylik organlari, shuningdek o‘n to‘rt yoshga to‘lgan bola bir vaqtning o‘zida ota va onadan voyaga yetmagan bolalarning ta’minoti uchun aliment undirish to‘g‘risida da’vo qo‘zg‘atishga haqli.

Ushbu moddadan shuni anglashimiz mumkinki, aliment undirish uchun sudga bolaning otasi yoki onasi yo bo`lmasa vakolatli shaxs (tashkilot)lar (vasiy, homiy) da’vo arizasi bilan murojaat qilishi mumkin.

Oila Kodeksining 99-moddasiga ko`ra, agar voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berish haqida ota-ona o‘rtasida kelishuv bo‘lmasa, ularning ta’minoti uchun aliment sud tomonidan ota-onaning har oydagi ish haqi va (yoki) boshqa daromadining bir bola uchun — to‘rtdan bir qismi; ikki bola uchun — uchdan bir qismi; uch va undan ortiq bola uchun — yarmisi miqdorida undiriladi. Bu to‘lovlarning miqdori taraflarning moddiy yoki oilaviy ahvolini va boshqa e’tiborga loyiq holatlarni hisobga olgan holda sud tomonidan kamaytirilishi yoki ko‘paytirilishi mumkin.

Har bir bola uchun undiriladigan aliment miqdori qonunchilik bilan belgilangan mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 26,5 foizidan kam bo‘lmasligi kerak.

Ma’lumot tariqasida aytish kerakki, 2022-yil 01-avgust holatiga mehnatga haq to‘lash eng kam miqdori 920 000 (sakkiz yuz yigirma ikki ming) so`mni tashkil etadi. Bundan kelib chiqadiki, bola uchun undiriladigan alimentning eng kam miqdori 288 043 (ikki yuz sakson sakkiz ming qirq uch) so`m hisoblanadi.

Aliment nafaqat voyaga yetmagan bolalar uchun, balki, voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalar uchun ham undiriladi. Bundan tashqari, ota-ona favqulodda holatlar (bolaning og‘ir shikastlanishi, kasal bo‘lishi va boshqalar) tufayli kelib chiqqan, bolaning ta’minoti uchun zarur bo‘lgan qo‘shimcha xarajatlarda ishtirok etishi shart. Qo‘shimcha xarajatlarda ishtirok etishdan bosh tortgan ota (ona)dan sud ularning oilaviy va moddiy ahvolini hisobga olib, qo‘shimcha xarajatlarni qisman pul bilan to‘lanadigan qat’iy summada undirish haqida hal qiluv qarori chiqarishi mumkin.

Aytish joizki, ko`pchilik fuqarolar boladan voz kechsam aliment to`lamayman deb o`ylashadi. Bu mutlaqo xatodir. Chunki, jahonda va O`zbekistonda birinchilardan bo`lib bola huquqlari himoya qilinadi. Shuningdek, Oila kodeksining 80-moddasida ko`rsatilgan ota (ona)lik huquqidan mahrum qilish va 83-moddada ta`kidlangan ota (ona)lik huquqini cheklash bolaga aliment to`lashdan ozod etmaydi.

O`zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksiga ko`ra aliment undirishga doir ishlar fuqarolik ishlari bo`yicha sudda ko`rilib, aliment undirishga doir da’volar da’vogar tomonidan o‘zi yashab turgan joydagi sudga ham taqdim etilishi mumkin. Shunindek, bola huquqlari ustun qo`yilgan holda ota-ona nikohdan ajrashmagan va birga yashayotgan bo`lsa ham aliment undiriladi.

Shuningdek, O`zbekiston Respublikasi “Davlat boji to`g`risida”gi 600-son Qonuni 8-moddasiga ko`ra, alimentlar undirish to‘g‘risidagi da’volar yuzasidan davlat boji undirilmaydi. Da’vogar faqat, pochta xarajatlari uchun pul to`laydi.

Bolaga aliment undirish uchun sudga: da`vo arizasi, pochta harajati to`lov qog`ozi, passport nusxalari, nikoh guvohnomasi, bolalar tug`ilganlik guvohnomasi, javobgarning daromadi to`g`risidagi ma`lumotlar va ishga taalluqli boshqa hujjatlarni taqdim etish lozim.

Fuqarolik protsessual kodeksining 207-moddasiga asosan aliment undirish haqidagi ishlar sud muhokamasiga tayyorlab bo‘lingan kundan e’tiboran yigirma kundan kechiktirmay birinchi instansiya sudi tomonidan ko‘rilishi kerak. Shuningdek, ushbu Kodeksning 266-moddasiga ko`ra sudning alimentlar undirish to‘g‘risidagi hal qiluv qarori yoki buyrug`i darhol ijro etilishi lozim bo‘lgan hal qiluv qaror hisoblanadi va Majburiy ijro byurosi tomonidan darhol ijro etilishi lozim.

Xulosa o`rnida aytishimiz mumkinki, bolani moddiy ta`minlash O`zbekiston Respublikasi qonunchiligiga ko`ra har bir ota-onaning burchi va majburiyatidir. Biz yuqoridagi aliment undirish yuzasidan keltirgan ma’lumotlar ota yoki onaning ajrashib, yuqorida sanab o`tilgan jarayonlarni o`z boshidan o`tkazishi emas, balki, ajrashishlarni oldini olish va bolalar huquqlarini himoya qilish. Bolalaringiz o‘sib ulg‘ayishlari va farovon oilada qanot yozishi, bolaning shaxsi sog‘lom va har tomonlama kamoloti uchun u oila g‘amxo‘rligida, baxt, mehr-muhabbat qurshovida o‘sib-ulg`ayishi tarafdorimiz.

 

Muallif:

Ohangaron tuman adliya bo`limi                                Abdurashid Xakimov

bosh maslaxatchisi                                                       Ma’rufjon o`g`li