Янгиликлар
Nizoli masalalrni hal qilishda mediatsiya instituning ahamiyati
Nizoli masalalrni hal qilishda mediatsiya instituning ahamiyati
Bugungi kunda sudlarga kelib tushayotgan ishlar soni ortib borayotganligi sababli jamiyat nizolarni hal etishning muqobil usullarini qidirmoqda. Bunga jumladan, nizolarni hakamlik sudlari va tijorat arbitrajlari tomonidan hal etilishi kiradi. Nizolarni hal etishda oxirgi natijaga erishish usuli sifatida mediatsiyadan foydalanish ham katta ahamiyat kasb etmoqda. Mediatsiya uslublari, asosan, muzokaralarni hamkorlik yo‘liga burib yuborish va o‘zaro manfaatli natijaga yo‘naltirishga tayanadi. Mediator esa tomonlar bir-birining nuqtai nazari hamda qarashlarini tushunishiga ko‘maklashadi, muammoning samarali yechimini izlaydi. Qonun fuqarolik, mehnat, oilaviy-huquqiy, shuningdek, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish munosabati bilan kelib chiqadigan nizolarda mediatsiyani qo‘llash bilan bog‘liq munosabatlarga tatbiq qilinadi. Ayni chog‘da jamoat manfaatlariga va mediatsiyada ishtirok etmayotgan uchinchi shaxslarning huquq hamda qonuniy manfaatlariga daxl qiladigan yoki daxl etishi mumkin bo‘lgan nizolarga nisbatan tatbiq qilinmaydi. Mediatsiya instituti bugungi kunda dunyoning ko‘pgina mamlakatlarida, xususan, AQSH, Germaniya, Buyuk Britaniya, Avstriya, Yaponiya, Xitoy, Gonkong, Koreya Respublikasi, Hindistonda tashkil etilgan va muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatmoqda. “Mediatsiya taraflarning muammolarini kam vaqt va kam xarajat bilan hal qilish uchun imkoniyat yaratishi bilan ham ahamiyatlidir. Lekin bu narsani amalga oshirish uchun hozirgi vaqtda qator muammolar mavjud. Mamlakatimizda “Mediatsiya to‘g‘risida”gi qonun 2019-yil boshida kuchga kirgan bo‘lib, agar bu usuldan keng foydalanilsa, bizda ham xorijiy davlatlardagi kabi nizolarning 80-90 foizini sudgacha yetib bormay hal qilish mumkin. Qonunning maqsadi ham O‘zbekistonda nizolarni tartibga solishning muqobil usullarini rivojlantirish uchun huquqiy shart-sharoitlar yaratishdan, O‘zbekiston Respublikasining sud tizimiga tushadigan ish hajmini kamaytirishdan iborat. Ushbu Qonunning amal qilishi:
• fuqarolik huquqiy munosabatlardan, shu jumladan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish munosabati bilan kelib chiqadigan nizolarga;
• yakka mehnat nizolariga;
• oilaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarga mediatsiyani qo‘llash bilan bog‘liq munosabatlarga nisbatan, agar qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, tatbiq etiladi.
Ta'kidlash lozimki, ushbu Qonunning amal qilishi mediatsiyada ishtirok etmayotgan uchinchi shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga, jamoat manfaatlariga daxl qiladigan yoki daxl qilishi mumkin bo‘lgan nizolarga nisbatan tatbiq etilmaydi. Qonun 4 ta bob va 34 ta moddadan iborat. Qonunda mediatsiya, mediator, mediativ kelishuv, mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish to‘g‘risidagi kelishuv, mediatsiyani qo‘llash to‘g‘risidagi kelishuv kabi asosiy tushunchalar ochib berilgan. Qonunga muvofiq mediatsiya maxfiylik, ixtiyoriylik, taraflarning hamkorligi va teng huquqliligi, mediatorning mustaqilligi va xolisligi prinsiplari asosida amalga oshirilishi nazarda tutilgan. Qonunda belgilanishicha jismoniy shaxslar ham, yuridik shaxslar ham mediatsiya taraflari bo‘lishi mumkin. Taraflar mediatsiyada shaxsan yoki o‘z vakili orqali qonun hujjatlariga muvofiq ishtirok etadi. Mediatorning faoliyati professional yoki noprofessional asosda amalga oshirilishi mumkin. Professional asosdagi mediator faoliyatini Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan mediatorlarni tayyorlash dasturi bo‘yicha maxsus o‘quv kursidan o‘tgan, shuningdek Professional mediatorlar reyestriga kiritilgan shaxs amalga oshirishi mumkin. Noprofessional asosdagi mediator faoliyatini yigirma besh yoshga to‘lgan va mediator vazifalarini bajarishga rozilik bergan shaxs amalga oshirishi mumkin. Yuqorida ko`rib o`tganimizdek mediatsiya instituning joriy etilishi nizolarni sud orqali hal etilishidan farqli o`laroq ortiqcha ovoragarchiliklarsiz va xarajatlarsiz shuningdek qisqa muddat ichida hal etilishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Ohangaron shahar adliya
bo`limi bosh maslahatchisi O.Annakulov