Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

02

ERI kalitining sertifikatini berish tartibi


ERI kalitining sertifikatini berish tartibi

8. ERI kalitlarini ro‘yxatdan o‘tkazish va ERI kalitlarining sertifikatlarini olish uchun jismoniy shaxslar va yuridik shaxslar (keyingi o‘rinlarda — murojaat etuvchilar) Davlat xizmatlari markazlariga bevosita yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi o‘rinlarda — Yagona portal) yoki rasmiy axborot resursi orqali elektron tarzda murojaat qiladilar.

Bunda Yagona portal yoki rasmiy axborot resursi orqali ERI kalitlarini ro‘yxatdan o‘tkazish hamda ERI kalitlarining sertifikatlarini olish uchun faqat yuridik shaxslarning rahbarlari murojaat qilishlari mumkin. Yuridik shaxslarning boshqa vakillari ERI kalitlarini va ularning sertifikatini olish uchun Davlat xizmatlari markazlariga bevosita murojaat qilishga haqli.

ERI kalitining sertifikatini Davlat xizmatlari markazlari, Yagona portal yoki rasmiy axborot resursi orqali olish ushbu Ma’muriy reglamentga va 1a-ilovalarga muvofiq sxema bo‘yicha amalga oshiriladi.

9. Bevosita murojaat qilinganda Davlat xizmatlari markazi xodimi murojaat etuvchining nomidan so‘rovnomani to‘ldiradi.

Bunda Davlat xizmatlari markazlariga o‘zi kelib murojaat etgan taqdirda, so‘rovnoma ariza beruvchi tomonidan daktiloskopiya orqali tasdiqlanadi.

Yagona portal yoki rasmiy axborot resursi orqali murojaat qilingan hollarda murojaat qiluvchi mustaqil ravishda ushbu Ma’muriy reglamentga 2-ilovaga muvofiq elektron shaklda davlat xizmatlaridan foydalanish to‘g‘risidagi so‘rovnomani to‘ldiradi va so‘rovnomaga elektron murojaat qiluvchining pasporti (ID-karta) nusxasi hamda pasportning asosiy sahifasi (ID-karta) bilan birgalikda selfi usulida olingan fotosurat nusxasi ilova qilinadi. Bunda ilova qilinayotgan fotosurat nusxasida murojaat qiluvchi yuz qiyofasi tiniq ko‘ringan hamda pasportning asosiy sahifasi (ID-karta) barcha rekvizitlari o‘qib bo‘ladigan sifatda bo‘lishi shart.

Murojaat etuvchi ERI kalitining sertifikatini olish uchun yig‘im to‘laydi. ERI kalitining sertifikatini olish uchun Yagona portal orqali murojaat etilganda, ushbu Ma’muriy reglamentning 5-bandida ko‘rsatilgan yig‘im summasining 90 foizi undiriladi. Kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarning o‘quvchilariga, umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarining bitiruvchi sinf o‘quvchilariga, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”da ro‘yxatda turgan fuqarolarga ERI kalitlari sertifikatlari bepul beriladi.

ERI kalitining sertifikatini olish uchun yig‘im to‘langanligini tasdiqlash axborot-kommunikatsiya tizimlari orqali amalga oshiriladi.

Agar ERI yopiq kaliti egasi yuridik shaxsning vakili (yuridik shaxsning rahbari bundan mustasno) bo‘lsa, so‘rovnomaga ERI yopiq kaliti egasining familiyasi, ismi, otasining ismi va lavozimi ko‘rsatilgan hamda ushbu ERI yopiq kaliti egasiga ERI kalitlarini va ERI kalitining sertifikatini berish to‘g‘risida yuridik shaxsning xati (ishonchnoma) ilova qilinadi.

Murojaat etuvchilardan ushbu bandda ko‘rsatilmagan ma’lumotlarni, shuningdek, boshqa hujjatlarni talab qilish qat’iyan taqiqlanadi.